Orzulari ushalgan turkman ayol matonati

Bilim olaman, kasb-hunar o‘rganaman” deb O‘zbekistonga kelayotganida ikki nafar farzandi va oilasini yillab ko‘rmasligini xayoliga ham keltirmagandi…

Bir ko‘zi farzand sog‘inchi, ikkinchisi ilm olish ilinjida porlab turgan, o‘zi orzu qilgan talabalik yillarining so‘nggi pallasini boshidan kechirayotgan ona – turkman ayol matonati haqida gaplashamiz.

Ilm olish insondan nafaqat harakat, balki, yaxshigina qunt ham talab etadi. Ana shu ixlos 31 yoshli Bekposhsha Hayitovani Turkmanistondan O‘zbekistonga boshlab keldi.

Roppa-rosa bundan 5 yil oldin 2017-yilning 6-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qardosh davlat – Turkmaniston Respublikasiga qilgan rasmiy safari chog‘ida bir qator kelishuvlar imzolangandi. Ular qatorida ta’lim sohasiga alohida e’tibor qaratib, tajriba almashish, hamkorlik dasturlarni yaratish ko‘zda tutilgan edi.

Xususan, Oliy ta’limda kadrlar almashinuvi dasturi bo‘yicha turkmanistonlik fuqarolarga Xorazm viloyatidagi Urganch davlat universitetida imtihonsiz, suhbat asosida talabalikka qabul qilish imtiyozi joriy etilgan.

Bu quvonchli xabar Dashovuzlik Bozorgul opaning armonlari ushalishiga sabab bo‘ldi: ayrim sabablarga ko‘ra o‘z farzandlarini oliy ma’lumotli qilolmagan ona kelinidagi o‘qishga bo‘lgan shijoatni qo‘llab-quvvatladi.

1991-yil Turkmanistonning Dashovuz viloyatida tug‘ilgan Bekposhsha Hayitova ikki nafar farzandning onasi.

U o‘z ona vatanida ham bir necha bor oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan, ammo unga talabalik nasib qilmagan…

Men “Boshlang‘ich ta’lim” o‘qituvchisi bo’lishni orzu qilardim. Turmush o‘rtog‘im va qaynonamning qo‘llab-quvvatlashiga qaramay, dastlab sirtqi ta’limda o‘qishni xohladim. Keyinroq oila a’zolarimning ishonchini oqlash va yetuk mutaxassis bo‘lish uchun kunduzgi ta’limni tanlashga qaror qildim.

2018-yil Urganch davlat universiteti “Pedagogika” fakultetining “Boshlang‘ich ta’lim va sport tarbiyaviy ishlari” yo‘nalishiga suhbat asosida talabalikka qabul qilindim. Tili va urf-odatlari biznikiga yaqin bo‘lgan Xorazm viloyatida meni iliq kutib olishdi. Urganch davlat universitetida xorijiy fuqarolarni ta’lim jarayoniga jalb qilish va ularga qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha ishlar olib borilayotgani sababli meni talabalar yotoqxonasiga joylashtirishdi.

Darsdan bo‘sh vaqtlarimda tikuvchilik bilan shug‘ullanishim uchun ham sharoitlar yaratib berishdi. Universitetda kursdoshlarim ko‘magi bilan hatto Xorazm shevasini ham o‘rganib oldim.

Ayni paytda bitiruvchi kurs talabasi bo‘lgan Bekposhsha xorazmlik kuradoshlari bilan bir qancha tadbirlarda faol qatnashdi. O‘z iqtidorini milliy an’ana va urf-odatlariga sodiq holda namoyish qildi.

Shu paytgacha universitetda hech kim bizga ayricha munosabatda bo‘lgani yo‘q. Aksincha, men va boshqa turkman talabalariga alohida hurmat mavjud, barcha biz bilan inoq. Shunday bo‘lsa-da, oilam va yurt sog‘inchi ba’zan dilimni xira qiladi.

Uyimizga oxirgi marta 2019-yil Yangi yil bayramida borgandim. Undan so‘ng pandemiya boshlanib farzandlarim, ota-onam va yaqinlarim bilan faqat telefon orqali muloqot qiladigan bo‘ldim.

Yaxshiyamki, oilamdagilar doimo menga dalda berishadi, ularning qo‘llab-quvvatlashidan o‘zimga kuch olaman. “Ozgina sabr qilsang, 4-kursni ham tugatasan”, – deydi qaynonam. Katta o‘g‘lim 4-sinfda, kenjasi 3-sinfda o‘qiydi.

Uyga qaytgach, mutaxassisligim bo‘yicha ishga joylashish va o‘z tikuvchilik seximni ochish istagidaman.

Talabalikning oltin davrini surayotgan qahramonimiz O‘zbekistondagi o‘qish yillaridan olgan taassurotlari haqida yaqinlariga ulashish hamda bu yerda olgan bilimlarini bolajonlarga o‘rgatish niyatida ekanligini ham ma’lum qildi.

Albatta, oila ishonchi, davlat e’tiborini oqlashga harakat qilayotgan turkmanistonlik ayolga biz ham omadlar tilaymiz!

Muallif: Anabibi Ro‘zmetova