Ishsizlik – butun dunyo mamlakatlarini birdek o‘ylashga majbur qilib kelayotgan muammolardan biridir. Ammo, bizning mamlakatimizda esa, vakant o‘rinlar soni shunchalik ko‘pki, ba’zan kishi kadrlar qayerga ketayotganini o‘ylab o‘yiga yeta olmaydi.
Ayniqsa, vazirlik va idoralardagi rahbar kadrlar lavozimlari uchun mavjud bo’sh ish o‘rinlarini ko’pligi kishini o’ylantiradi. Masalan: Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining birinchi o‘rinbosari, Favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari – Favqulodda vaziyatlar prafilaktikasi departamenti boshlig‘i lavozimlari vakant o‘rin hisoblanadi.
Aytish kerakki, ushbu bo’sh ish o’rinlari faqat vazirliklar misolida respublikamiz bo’ylab qancha agentlik, qo‘mita va idoralar mavjud ?!
Qolaversa boshqa tashkilotlarda nafaqat rahbariyat balki, boshqa lavozimlar uchun vakant ish o’rinlari talaygina.
Bugungi kunda mamlakatimizdagi mavjud bo’sh ish o’rinlari haqidagi ma’lumotalar Milliy vakansiyalar bazasiga kiritib borilmoqda. Ushbu bazadagi ma’lumotlarga qaraganda (23.11.2023 holatiga ko‘ra) rezyumelar (ishga kirish maqsadida ma’lumotnoma qoldirganlar) soni 81 130 tani tashkil etsa, bo‘sh ish o‘rinlari soni esa, 292 818 tani tashkil etadi. Bu agar hamma ma’lumot qoldirgan shaxslar ishga qabul qilinganda ham 211 688 ta o‘rin bo‘sh ekanidan dalolat beradi.
Bugun, 19-aprel holatiga ko‘ra ham 86 568 ta bo‘sh ish o‘rni mavjud. Tizimdan esa, 126 938 ta tashkilot va 110 996 ta davlat idorasi ro‘yxatdan o‘tgan.
O’rganishlarimiz shuni ko’rsatmoqdaki, ushbu tizim orqali barcha vazirlikda mavjud bo‘sh ish o‘rinlarini topish mumkin, faqat negadir Tashqi ishlar vazirligining ayrim qoidalari uchun bo‘lsa kerak, ro‘yxatdan o‘tmagan.
Shu o‘rinda yana bir savol tug’iladi, hozir vakant bo‘lib turgan o‘rinlarga yuklatilishi lozim bo‘lgan vazifalar kimlarning “yelkasida” va qay darajada sifatli bajarilmoqda?
Aytaylik ma’lum bir lavozim vakant o‘rin bo‘lsa, tabiiyki, bu lavozimga yuklatilgan vazifalar boshqa lavozim egasiga qo‘shimcha topshiriq sifatida beriladi. Qarabsizki, na yuklatilgan vazifada sifat bo‘ladi va na topshirilgan topshiriqda.
Xo‘sh, mamlakatimizda o‘qimishli, ilmiy unvonga ega kadrlar yoki umuman olganda oliy ma’lumotli kadrlar yetishmaydimi?
Statistik ma’lumotlarga qaraganda, 2021-yilda 808 400 nafar talaba oliy ta’limni tamomlagan. Bundan tashqari, 2021-yilning 1-yanvar holatiga YUNESCO ning Statistika instituti ma’lumotlariga ko’ra, xorijda tahsil olayotgan o’zbekistonlik talabalar soni 85,9 (https://t.me/statistika_rasmiy/3289) ming nafarni tashkil etgan.
2022/23 o‘quv yili boshlangan paytda talabalarning umumiy soni 1 040 400 (https://t.me/statistika_rasmiy/3289) nafarga yetgani ma’lum qilingan.
Ammo, shunday bo‘lsada mamlakatamizda kadrlar hali hamon muammoligicha qolmoqda.
Yuqoridagilardan ma’lum bo’ladiki, 19.09.2017 yildagi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 745-son qarori ijrosi ta’minlanmayapti. Fikr yuritgan jihatlarimiz bunga yaqqol dalil bo’la oladi.
Biz masala aybdorini emas, balki mazkur masalaning yechimini aniqlash tarafdorimiz. Bu esa yurtimizda ishsizlar soni kamayishiga erishilishida muhim asos bo’lib xizmat qiladi.
Sizchi? Sizning bu boradagi fikringiz qanday?
Maftuna Yodgorova