Har yili o’qishga kirish uchun hujjat topshirayotgan xotin-qizlar soni ortib boryapti. So’nggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan opa-singillarimizni oliy ta’limga qamrab olish, bu borada ularga imtiyozlar joriy etishga katta e’tibor qaratilmoqda. Maqola davomida xotin-qizlarga bu borada berilgan imtiyozlar haqida ma’lumot olishingiz mumkin. OTMga kirish uchun xotin-qizlarga tavsiyanomalar berilishi ham opa-singillarimizni oliy ta’lim muassasalarida tahsil olishlari uchun muhim omil bo’lgani bilan ahamiyatli. Demak, bunday tavsiyanomaga quyidagi me’zonlarga mos kelgan ehtiyojmand oilalardagi barcha talabgor xotin-qizlarga bariladi.
Qanday toifadagi xotin-qizlar tavsiyanoma olsa bo‘ladi?
- to‘liqsiz oilada tarbiyalanayotgan, ya’ni otasi yoki onasi yohud ularning ikkalasi ham vafot etgan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar;
- turmush o‘rtog‘i vafot etgan, voyaga yetmagan farzandini yolg‘iz tarbiyalayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar;
- nogironligi bo‘lgan farzandi bor ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar;
- ikki va undan ortiq farzandlarini tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlaridan alohida (ijarada) yashayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yolg‘iz ayollarning qiz farzandlari;
- ota-onalaridan biri yoki har ikkalasi ham birinchi yoki ikkinchi guruh nogironi bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar.
Tavsiyanomaga quyidagi mezonlarga mos kelgan ehtiyojmand oilalardagi barcha talabgor xotin-qizlarga beriladi https://lex.uz/ru/docs/4866624#5525580.
Tavsiyanomani rasmiylashtirish jarayonlari qanday tashkil etiladi?
Endi tavsiyanomalarni berish tartibini bilib olamiz. Dastlab, tuman (Shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlari bilan birgalikda ajratilgan qo‘shimcha qabul ko‘rsatkichlari doirasida tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma olish maqsadida murojaat etgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarning hujjatlarini mazkur nizomning 2-bandi asosida har yili 30-maydan 8-iyunga qadar qabul qiladi.
Qo‘shimcha qabul ko‘rsatkichlari doirasida tanlovda ishtirok etishga tavsiyanoma olish maqsadida murojaat etish uchun ariza shakli O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi. Ishchi guruh tomonidan ko‘rib chiqilgach, nizomning 2-bandida ko‘rsatilgan me’zonlardan birinchi tasdiqlovchi ma’lumotlar va elektron shakldagi hujjatlar (tug‘ilganlik, nikoh qayd etilganlik, vafot etganlik haqida va boshqa) Moliya vazirligi huzuridagi byudjetidan tashqari Pensiya jamg‘armasining “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi hamida “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali olinadi.
Ishchi guruhlar zarur hollarda oilaning ehtiyojmandligi darajasi “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalarning qiz farzandlari hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar orqali aniqlanadi.
Ishchi guruhlar talabgorlarning arizalarini har yili 10 iyunga qadar ko‘rib chiqadi va tavsiyanoma berishga tavsiya etilgan xotin-qizlarning ro‘yxatlarini shakllantiradi. Shundan keyin, elektron hujjat shaklidagi bayonnoma tuzilib, ishchi guruhlar rahbarlari va a’zolarining elektron raqamli imzolari bilan imzolanadi. Bayonnoma asosida tuman (Shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlarining buyrug‘i bilan elektron hujjat shaklida rasmiylashtiriladi. Talabgorning mobil telefoniga yoki elektron manzilga tavsiyanoma berishga tavsiya etilgan yoki rad etilganligi to‘g‘risida xabar yuboriladi.
Tuman (Shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlari har yili 15-iyunga qadar tavsiyanomaning talabgorlarga yetkazishini ta’minlaydi.
Maqola davomida tavsiyanoma qanday holatdagi xotin-qizlarga berilishi tartibi bilan qisqacha tanishib chiqdik. Agarda bu haqida to‘liq ma’lumot olishni xohlasangiz quyidagi https://lex.uz/ru/docs/4866624#4871466link orqali tanishishingiz mumkin.