Talabalar bilishi kerak bo’lgan huquqlar

Atrofimizda asosan “Bu yer O‘zbekiston” yoki “bu yerda yozilgan qonunlar ishlamaydi” juda bo‘lmasa, “qonunlar mansabdorlar foydasiga hal qiladi” kabi jumlalarni ko‘p eshitamiz. Aslidachi?

Ayniqsa, talabalar orasida ayrim ustozlar yoki universitet bilan bog‘liq norozi kayfiyatga guvoh bo‘lish mumkin. Ammo, shu masalaga to‘xtalar ekanmiz, tanganing bir tomonini emas, balki uning ikkinchi tomoniga ham e’tibor qaratishimiz kerak.

Aslini olganda, talabalar qayerda (kollej, institut yoki universitet) o‘qishidan qat’iy nazar aholining ziyoli qatlami hisoblanadi.

Biz hozir ziyoli qatlam deya ta’riflayotgan talabalar o‘zlariga ta’luqli qonun yoki farmonlarning qancha qismidan xabardor ekanlar?

Masalan, talabalar qarshisida turadigan eng yirik muammolardan birini ish topish va ishlash deb oladigan bo‘lsak, ikkinchisini akademik ta’til olish deyishimiz mumkin. Biz ko‘pincha qonun va normalarni bilmaganimiz uchun ham bu borada “qoqilishimiz” turgan gap.

Xo‘sh, talabaning ishlashi qonunga kiritilganmi? Talaba bu borada, talabalarni ishga olmaymiz deb katta harflarda ta’kidlab yozib qo’yayotgan ish beruvchilar bilan qanday muomala qilishi kerak va ularga qanday javob qaytarishi lozim?

Mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash – har bir shaxsning konstitutsion huquqidir. Mehnat kodeksining 77-moddasiga ko‘ra, 16 yoshga to‘lgan har bir shaxs mehnat qilish huquqiga ega. Demak, talabalarga ish berishni xohlamaganlarga mehnat kodeksida keltirilgan huquq normalarni eslatish lozim, kodeksga rioya qilmaslik esa ma’muriy ayrim hollarda esa jinoiy javobgarlikka sabab bo’ladi.

Ko’p hollarda yuqoridagi huquqlar buzilgan tartibda ham talabalar arzimagan maoshga ko’nib, og’ir va adolatsiz mehnat sharoitida ishlashadi. Avvalo, bir narsa hech qachon unutmasligimiz zarur, qonunlar biz ularni ishlatishni boshlaganimizdagina ishlaydi. Masalan siz yuqorida keltirilgani kabi juda noqulay mehnat sharoitida ishlaysiz-u konstitutsion huquqlaringizni rahbaringizga ayta olmaysiz, yaxshiroq sharoitni talab qilmaysiz. Demak, bu holatda qonun ishlamasligiga aybdor sizsiz. Ish bo’yicha shartnoma tuzayotganda, undagi bandlarni o’qish va to’g’ri talqin qilish lozim. Huquqlaringiz himoyachisi eng birinchi navbatda o’zingizsiz, chunki, huquqni muhofaza qilish organlarining sizning bu kabi og’ir vaziyatda ekaningizni bilmasligi tabiiy hol.

Shunday ekan, ishga kirishdan oldin mehnat kodeksi va konstitutsiyani bir bora bo’lsada o’qigan, huquqlarni tushunib olgan maqsadga muvofiq. Rahbar yoki ish beruvchida huquq va normalardan xabardor ekani hamda o’z huquqlarini poymol qilib qo’ymasligini bildirgan ma’qul. Qonunlar haqida gapirganda esa nomi va bandini, alohida keltirib o’tgan maqsadga muvofiq. Shundagina, nafaqat ish beruvchi talabani noqulay sharoitda ishlata olmaydi, balki atrofdagilar ham hurmat bilan qaray boshlaydi.

Konstitutsiya va mehnat kodeksidan tashqari ham yana bir necha normativlar mavjud. Jumladan Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vazirligining  buyrug‘iga muvofiq, kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalar o‘qishdan bo‘sh vaqtlarida kunning ikkinchi yarmida oliy o‘quv yurti va boshqa tashkilotlarda mehnat shartnomasi tuzgan holda ishlashlari mumkin. Kunning ikkinchi yarmida o‘qiydigan talabalar ishlay olmaydi, degan qoida kelib chiqmasligi kerak. Bu toifa talabalar ham o‘qishdan bo‘sh vaqtlarida ishlashlari mumkin. Bundan kelib chiqadiki, talabalar bemalol ishlashlari mumkin. Lekin mehnat qonunchiligiga ko‘ra, talaba faqat ta’limdan bo‘sh vaqtida ishlash huquqiga ega.

Ishlash soati masalasiga keladigan bo’lsak, Mehnat kodeksining 115-moddasiga muvofiq, xodimning ish vaqti haftasiga 40 soatdan oshmasligi kerak. Ya’ni 6 kunlik ish haftasi joriy etilgan tashkilotlarda kunlik 7 soat, 5 kunlik ish haftasi joriy etilganlarda esa ish vaqti kunlik 8 soatdan ortiq bo‘lmasligi shart. Shuningdek, ishning tugashi bilan keyingi kuni (smenada) ish boshlanishi o‘rtasidagi kundalik dam olish vaqtining muddati 12 soatdan kam bo‘lishi mumkin emas (MK 128-moddasi). 3 yoshga to‘lmagan bolalari bor, budjet hisobidan moliyaviy jihatdan ta’minlanadigan muassasalar va tashkilotlarda ishlayotgan talaba qizlarga ish vaqtining haftasiga 35 soatdan oshmaydigan qisqartirilgan muddati belgilanadi, ularning mehnat haqi kamaytirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Akademik ta’til olish va ta’tildan qaytish masalalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 03.06.2021 yildagi 344-son qarorida keltirib o’tilgan. Xo’sh, qanday holatlarda akademik ta’til olish mumkin?

• harbiy xizmatni o‘tash uchun — tegishli tuman (shahar) mudofaa ishlari organlarining talabani harbiy xizmatga chaqirish haqidagi chaqiruv qog‘ozi;

• salomatligini tiklash, homiladorlik va tug‘ish, shuningdek, bolalarni parvarish qilish uchun — talaba doimiy tibbiy nazoratda turgan tibbiyot muassasasi xulosasi;

• oilasining betob a’zosini parvarish qilish uchun — oilasining betob a’zosi doimiy tibbiy nazoratda turgan tibbiyot muassasasi xulosasi.

Demak, bundan kelib chiqadiki, yuqoridagi asosiy uchta holatni tasdiqlovchi hujjatlar bilan oliy ta’lim muassasasidan akademik ta’til olish mumkin. Akadem ta’til berishga asos bo’luvchi kasalliklar ro’yxatani ham aynan yuqorida keltirib o’tilgan hujjat orqali bilib olishingiz mumkin. Biz yuqorida, atigi ikkita holat va ularning ayrim tomonlari haqida fikr yuritdik, xolos. Qonunlarni bilish, ularni kerakli joyda qo’llay olish kishi ishini va o’ziga bo’lgan ishonchini mustahkamlaydi. Zero, qonunlar tuzilgan paytlardan buyon, bilganlar va bilganlarini ayta olganlar foydasiga ishlaydi. Siz huquqlaringizni talab qila olmas ekansiz, ularni boshqalar himoyalashini kutmang! Sababi siz endi voyaga yetgan, ziyoli fuqarosiz!

Maftuna Yodgorova