Nima uchun talaba amaliyotga bormaydi?

Yaqin besh yil ichida talabalar soni keskin ko‘paydi. Ular orasida o‘zi xohlagan yo‘nalishga balli yetib kirgani ham bor, taqdir taqazosi bilan boshqa yo‘nalishga kirib ketgani ham bor. Talaba o‘qishga kirguncha shunaqangi ishtiyoq va kuch sarflab tayyorlanadi-ki, o‘qishga kirgandan keyin bo‘lsa barchasi so‘nadi. Oliy ta’lim muassasalaridagi muhit va ta’lim talabani butunlay o‘zgartiradi. Shu sababli, 80% talabalar o‘qishga kirgandan keyin kitob tugul fan uchun ajratilgan adabiyotlarni ham o‘qimaydi.

Amaliyot masalasiga kelsak, talabalar uchun yo‘nalishiga qarab birinchi kursdan boshlab yozgi va darsdan keyingi amaliyotlar beriladi. Talabaning amaliyotga borishi va to‘liq qatnashishini dekanat va amaliyot bo‘yicha biriktirilgan o‘qituvchi nazorat qiladi.

Qachon talaba amaliyotga bormaydi? bu savolga javoblar turlicha bo‘lishi mumkin, masalan:

  • Talaba o‘z sohasini yoqtirmasa;
  • Talabaning salomatligi to‘g‘ri kelmasa;
  • Talabaga amaliyot jarayonida yetarlicha e’tibor va vazifa berilmasa;
  • Talabaga amaliyot jarayonidagi muhit ma’qul bo‘lmasa;
  • Talabada xohish bo‘lmasa.

Shunday sabablar tufayli, ular amaliyotga borishni yoqtirishmaydi.

Ko‘pchilik talabalar amaliyotni ortiqcha ovvoragarchilik deb hisoblashadi. Negaki, amaliyotga borish jarayonida tashkilot va oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida kelishuv xati bo‘lishi kerak. Ba’zi hollarda bo‘lsa, talaba borishni xohlagan tashkilot uni qabul qilmasligi ham mumkin. Bunday hollarda talabalar majburligi uchun boshqa o‘zlariga yoqmagan tashkilotga biriktiriladi va  qarabsiz-ki, amaliyotga borishga ularda xohish yo‘qoladi. Natijada, talabalar amaliyot so‘zini eshitishi bilanoq, ushbu holatlar yana takrorlanadi degan fikrga borishadi.

Amaliyotning talabaga foydasi bormi?

Albatta, bor. Universitetdagi darslar bilan talabalar nazariy bilimlar egallaydi, amaliyot jarayonida bo‘lsa ular amaliy ko‘nikmalar, ish qiyinchiliklari va topshiriqlarni bajarish davomida bir qancha bosqichlarni bosib o‘tadilar. Amaliyot jarayonida talabalarga o‘tirib hechkim hechnarsani o‘rgatmaydi balki, to‘g‘ridan-to‘g‘ri topshiriq beriladi va uni bajarish uchun vaqt belgilanadi. Bu jarayonda talaba izlanadi, qiynaladi, o‘zi o‘tirib mustaqil yangi nimadirlarni o‘rganadi. Oxirida qo‘lidan kelgancha topshiriqni bajaradi.

Yildan-yilga oliy ta’limni tugatayotgan kadrlar soni ko‘payib, o‘qishni bitirgach yaxshi ish topish ham huddi, jang qilishga o‘xshab qoldi. Talaba o‘qishga kirgan davridan tortib, to uni tugatguncha ham nazariy, ham amaliy bilimlarga ega bo‘lishi kerak, chunki ertaga qayerga ishga borishidan qat’i nazar birinchi bo‘lib, kadrga qo‘yiladigan talab ham bitta bu – malaka. Shuning uchun, Prezidentimiz har safar oliy ta’lim mavzusiga bag‘ishlangan viseoselektorlarda, brifinglarda qayta-qayta takrorlaganidek,  

“Bugungi oliy ta’lim tizimi nafaqat ilm jihatidan mukammal va kuchli shu bilan birga amaliy jihatdan yetuk va malakali kadrlarni yetishtirishi zarur”   – degan fikrni ilgari suradi. 

Demak, maqola oxirida shu aniq bo‘ldi-ki, ta’lim jarayonida talaba uchun amaliyotning o‘rni juda muhim va ahamiyatli ekan. To‘g‘ri, talabalar orasida o‘z sohasidan emas boshqa sohadan allaqachon o‘z o‘rnini topganlari bo‘lishi mumkin, biroq qolgan talabalar ham kelajakda yaxshi ishga joylashishi va sohasi bo‘yicha yaxshigina daromadli ishga ega bo‘lishi uchun amaliyot va tajribaning roli katta bo‘ladi.