Markaziy Osiyoda ichimlik suvi tugamoqda

2040-yilga borib O‘zbekiston aholisi suv tanqisligiga duchor bo‘lishi haqidagi xabarlar prognoz qilinmoqda. 2025-yilga kelib dunyo aholisining yarmidan suv kam bo‘lgan hududlarda yashashi kutilmoqda. Ushbu ma’lumotlarning barchasini Dunyo tadqiqotlar instituti ma’lum qildi.  

Eng og‘iri shundaki, 2030-yilga borib 700 millionga yaqin odam iqlim muhojiriga aylanadi. Bu holat butun insoniyat uchun o‘ta achinarli va og‘ir ko‘rsatkichdir.

2040-yilga borib, O‘rta Osiyo jumladan, O‘zbekistonda 80 % dan ortiq aholi suv tanqisligidan to‘g‘ridan – to‘g‘ri aziyat cheka boshlaydi. Bu butun dunyo bo‘yicha eng xafvli hudud demakdir.  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentyabrdagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risidagi farmoni bilan qabul qilingan Strategiya 2030ning alohida, uchinchi yo‘nalishi – Suv resurslarini tejash va atrof – muhitni muhofaza qilish bilan bog‘liq ekanligi ham bejiz emas.

Ayrim tadqiqotchilarning fikricha, global iqlim o‘zgarishi natijasida so‘nggi 50 – 60 yil davomida Markaziy Osiyoda muzliklar maydoni taxminan 30 foizga qisqargan  va 2050-yilga borib Markaziy Osiyo davlatlarida chuchuk suv tanqisligi mintaqada yalpi ichki mahsulotning 11 foizga pasayishiga olib kelishi bashorat qilingan.

Afsuski, global iqlim o‘zgarishi, O‘zbekistonda aholi sonining o‘sishi, milliy iqtisodiyot turli tarmoqlarining jadal rivojlanishi va ularning suvga bo‘lgan talabinining o‘sishi tufayli respublikada suv resurslarining taqchilligi yildan – yilga ortiq bormoqda. Hozirgi vaqtda sug ‘orish va ekologik maqsadlar uchun suvga ehtiyoj to‘liq qondirilayapti, deb aytolmaymiz.

Suv iste’molining ko‘payishi va manbalarining ifloslanishi chuchuk suv zaxiralarining kamayishiga olib keladi. O‘zbekistonda mavjud chuchuk suv hajmining qisqarishi tufayli suv tanqisligi va qurg‘oqchilik xavfi sezilarli darajada ortmoqda deya axborot berdi – O’zsuvta’minot.

Kelajakda, xatto, yetarli suv resurslariga ega mamlakatlarda ham suv tanqisligi sezila boshlaydi. Bu bir qator omillar – infratuzilma va suv taqsimlashdagi xatoliklar, ifloslanish, mojarolar yoki suv resurslarini noto‘g‘ri boshqarish bilan bog‘liq. Iqlim o‘zgarishi esa tanqisligi muammosini tezlashtirib yubordi.