Xorijiy diplom mutaxassis “narxini” oshiradimi?

Bugungi kunda har uchinchi abituriyent xorijiy talabalar safida bo‘lishni orzu qiladi. Bu nima bilan bog‘liq? Mahalliy ta’limga ishonchsizlikmi yoki ijtimoiy mavqeyini ta’kidlash uchun bo‘lgan yana bir urinishmi? Asosiysi, o‘zbekistonlik uchun xorijiy ta’lim qanchalik foydali bo‘ladi? “Alliance Manchester Business School” bitiruvchisi Islom Mutalov shaxsiy tajribasi bilan bo‘lishdi.  

– Xorijiy diplom shaxsiy kapitallashuvni oshiradimi?

Yaqinda men Ukrainada bo‘ldim va u yerda xorijiy diplomning kuchini his qildim. Siz Angliyaning yetakchi oliy o‘quv yurtlaridan birida o‘qiganingizni aytganingizda, hatto ta’limning barcha nozikliklarini bilmaydiganlar ham sizning ma’lum yo‘lni bosib o‘tganingizni va qandaydir ahamiyatga ega ekaningizni tushunishadi. Axir, bilimsiz, intizomsiz va maqsadsiz kishi Britaniya oliy o‘quv yurtini tugata olmaydi-ku. Bu sizning qadr-qimmatingizni oshiradi.

Innovatsion g‘oyalar haqida gaplashyotganimizda, mening chet elda o‘qiganimni bilib, hamkorlar: “Siz bizni yaxshi tushunayotgan bo‘lsangiz kerak?” – deb ancha yengil tortishadi.  Muzokaralar natijada sezilarli darajada tezlashadi.

– Chet elda olingan bilimlarni o‘zbek amaliyotiga moslashtirish mumkinmi? 

Barcha biznes jarayonlari asosiy tamoyillarga asoslanadi. Faqat ushbu bilimlarning qo‘llanishi o‘zgaradi. Angliyada olingan biznes bilimlari O‘zbekistonda ishlamaydi deb aytish – Angliyada ishlaydigan fizika qonunlari O‘zbekistonda ishlamaydi degan fikr bilan tengdir. Bunday bo‘lmaydi, chunki barchamiz insonmiz, psixologiya esa hamma joyda bir xil.

Nima uchun Britaniya ta’limi bir necha asrlardan beri bu darajada kuchli? Sababi bunday universitetlar odamlarning ongosti va instinktiv ehtiyojlarini o‘rgatadi, ular esa hamma joyda bir xil bo‘ladi.

Bizga keyslar bilan emas, balki odamlarning tafakkur tamoyillari bilan fikrlashni o‘rgatishdi. Shunga ko‘ra, agar inson tafakkuri qanday tashkil etilganini, uning ongosti ehtiyojlari nimada ekanini tushunsangiz, mahalliy aholi nima istayotganini O‘zbekiston miqyosida ham tahlil qilishingiz mumkin.

Misol uchun, biz buni Angliyada qanday o‘rgandik. Muayyan mahsulotni yaratmoqchimisiz? Okey, biror narsa xarid qilayotgan kishiga birinchi navbatda nima kerak? U beixtiyor xohlagan birinchi narsa – hurmat. U ko‘p mehnat qiladi, pul topadi va sizning mahsulotingizni oilasi uchun sotib oladi. Biror narsa uchun pul berayotgan odam, buning evaziga unga hurmat bilan munosabatda bo‘lishlarini, ya’ni yaxshi xizmat ko‘rsatishlarini istaydi. Dunyoning istalgan nuqtasida mana shunday. Agar mijozni beixtiyor hurmat qilsangiz, u albatta: «Voy, meni bu yerda hurmat qilishar ekan», – demaydi. Lekin u buni ongsiz ravishda his qiladi. Hurmatingizni qanday qilib ko‘rsatishingiz mumkin? Buyurtmasini bepul yetkazib berish, sifatli materiallar hamda mahsulotning puxta o‘ylangan dizayni orqali, albatta. Mahsulotni qo‘liga olgan kishi, ishlab chiqaruvchilar uning ustida ishlaganini ko‘rishi va ushbu mahsulotni qo‘lida ushlab turganidan mamnun bo‘lishi kerak. Mijozning ichki mamnuniyati uni sodiqlikka undaydi.

 – Yangi madaniyat bilan tanishish sizning tafakkuringizga qanday ta’sir qildi?

O‘zbekistonda odam pulga ega bo‘lsa, o‘zini boshqarolmay qoladi. Qimmatbaho restoranlarda dam olishni, ko‘p pul sarflashni boshlaydi. Inglizlar uchun esa bu – jaksincha, rivojlanish uchun turtki bo‘ladi. Angliyada g‘alaba qozonish – odat.

Bizda esa ota-bobolarimizni xotirlashdek odat bor, ya’ni, biz bugungi kunda ko‘ngildagidek g‘alaba qozonmasak-da, bizning ajdodlarimiz – buyuk.

Angliyada bo‘lish menga g‘alabaga e’tibor qaratishni o‘rgatdi. Siz doimo raqobatbardosh jamiyatda bo‘lganingizda, hamisha kuch-g‘ayrat olgan, har doim fikringiz maqsad sari jamlangan bo‘ladi va doimo rivojlanib borasiz. Men o‘zimning eng yaxshi versiyam bo‘lishni xohlayman. Buning uchun yilda 365 kun sochimni turmaklayman, jismoniy holatimni yaxshi saqlayman va rivojlanishni davom ettiraman.

– Xorijlik bitiruvchi mehnat bozorida kerakli mutaxassis bo‘la oladimi?

Har qanday ish beruvchi birinchi navbatda xodimning qiymatiga va undan qanday foydalanishi mumkinligiga e’tibor beradi. Bugungi kunda o‘rtacha ish haqi oyiga 5 mingdan 15 ming dollargacha bo‘lgan chet ellik mutaxassislar O‘zbekistonga taklif etilmoqda. O‘zbekistonliklar bunday summani to‘lashga tayyor, chunki ular chet elda rivojlanish dinamikasini ko‘rishmoqda. Xorijiy ishchilaringiz qanchalik ko‘p bo‘lsa, shunchalik oson bozorga moslashasiz.

O‘ylaymanki, chet el ish tajribasiga ega bo‘lgan odamlar bilan hamkorlik qilish O‘zbekistonning yirik kompaniyalari uchun samarali bo‘ladi. Kamida, chet elda ta’lim olgan vatandoshlar jalb qilinadi.

– O‘quv jarayonidan kutganlaringiz o‘zini oqladimi?

Mening universitetim “Russell Group”ga kiradi, bu Amerikadagi “Ivy League”. Men biznesni insonning abadiy fikrlash tamoyillari orqali o‘rgandim. Agar siz ushbu qonunlarni bilsangiz, natija deyarli kafolatlanadi.

Buning ustiga, dunyoning eng yaxshi 30 universitetlarining birida o‘qiyotganingizda, siz misollar va slaydlarni o‘rganmaysiz, ba’zi qoidalarni yod olmaysiz. Ko‘plab universitetlar esa, aksincha, yuzaki ishlarni o‘rgatishadi.

Aytaylik, Apple qachondir shunday qilgan bo‘lsa, keling, buni biz ham qilaylik. Afsuski, “Apple” amalga oshirgan Amerikadagi qadamlar O’zbekistonda ishlamaydi. Natijaga erishish uchun “Apple” nega bunday qilgani sababini tushunishingiz kerak – sababi u o‘z mijozlariga bor mehrini ko‘rsatishni istadi. Xo‘sh, biz O‘zbekiston sharoitida o‘z mijozlarimizga bo‘lgan mehrimizni ko‘rsatish uchun nima qilishimiz mumkin? Ushbu javobdan kelib chiqib, biror qadamni qo’yish mumkin.

Tamoyillarni tushunish — mana yoshlar nimaga intilishi kerak. Foydali kitoblarni o‘qishlari kerak: voqealarni takrorlaydiganlarini emas, aksincha asosiylarini.

Aytishadiki, ilmsizlar odamlarni muhokama qiladi, aqllilar voqealarni muhokama qiladi, buyuklar esa voqealarni yaratadi. Voqealarni yaratish uchun o‘z vaqtimizni «boshqa kompaniyalar nima qilganini» o‘qishga ketqizgandan ko‘ra, biznes qoidalarini o‘rganganimiz afzal.

Bugungi kunda O’zbekistonda aynan yoshlar kreativ bilan shug‘ullanayotganidan xursandman. Afsuski, hozirgi iqtisodiyot hali hamon keksa avlod tomonidan amalga oshirilmoqda. Biz – O‘zbekistonning kelajagimiz. Biz 30 yoshga kirganimizda, haqiqiy O‘zbekiston bo‘lamiz va shunda katta rivojlanish yuz beradi. O‘zbekiston – butun Markaziy Osiyoni hayratda qoldiradi. Bizning yoshlarimiz – katta kuch!