“Vaqt o‘g‘rilari” yoxud ijtimoiy tarmoqlarning talabalarga foydasi bormi?

XXI asr intellektual va global axborot asri. Butun dunyo bizni o‘rgimchak to‘ridek o‘rab turgan internet tarmog‘i oqimida yashaydi. Insonlar bir – biriga ma’lumot yetkazish va almashinish kabi yumushlarni osongina internet orqali amalga oshirmoqdalar. Umuman olganda uyali aloqa va ijtimoiy tarmoqlar hayotimizning ajralmas bir qismiga aylanib ulgurdi. Shuning uchun, Avlod Media bu galgi maqola mavzusini ham aynan “vaqt o‘g‘rilari” ya’ni gadjetlarning talabalar hayotida bo‘lgan o‘rni va ahamiyatini o‘rganishga bag‘ishladi.

Talabalar hayotida gadjetlar va internet tarmog‘i bugungi kunga kelib sezilarlicha katta o‘rinni egallab turibdi. Chunki, darsliklar, qo‘llanmalar, online audentifikatsiya kabi ko‘plab funksiyalarning barchasi shu kichkinagina qo‘l telefonda joylashgan. Keling, hozir uning afzalliklarini sanab o‘tamiz:

1. Professional audentifikatsiya – talabalar uchun ba’zi ijtimoiy tarmoqlar ta’lim faoliyatini tekshirishni talab qiladi, masalan talaba hisobi elektron pochtasi yoki tasdiqlangan ro‘yxatga olish kartasi yordamida kira oladi.

2. Maxfiylik nazorati – talabalar uchun ijtimoiy tarmoqlar odatda, talabalar hamjamiyatiga qaratilganligi sababli, ular foydalanuvchilarni aniqlanmagan kirishdan himoya qilish uchun yuqori darajadagi maxfiylikni ta’minlashga harakat qiladi.

3. O‘quv jarayonlarini osonlashtirish – talabalar ijtimoiy tarmoqlari o‘quvchilarni qiziqtiradigan, kurs materiallari, eslatmalar, amaliyot va ish takliflari kabi maxsus tarkibni yaratish va almashinishga imkon beradi.

4. Ma’lumot almashish va hamkorlik qilish – talabalar uchun ijtimoiy tarmoq saytlari ular o‘rtasida hamkorlikni, o‘quv materiallari, g‘oyalar va tajriba almashishni osonlashtiradi.

5. Akademik yordam – talabalar uchun ba’zi ijtimoiy tarmoqlar online ta’lim platformalari, kutubxonalar va maslahatlar kabi akademik resurslar bilan integratsiyani tashkil qiladi.

6. Simsiz istalgan joyda tarmoqqa bog‘lanish (WIFI) – Universitet hududida yoki yotoqxonalarda talabalarga internet tarmog‘idan foydalanishlari uchun qulayliklar yaratish maqsadida o‘rnatiladi.

Umuman olganda, bularning barchasi talabalar uchun juda foydali ammo, har qanday narsadan ham to‘g‘ri foydalanilsa, yaxshi maqsadlarni amalga oshirishga xizmat qiladi. Shunday ekan, aniq atamalar va funksiyalar talabalarning ijtimoiy tarmoqlarida o‘ziga xos xususiyatlari va ajralib turadigan jihatlarini namoyon etish kabi vazifani ham amalga oshiradi.

Avlod Media talabalarga Bir kunda necha soat vaqtingizni ijtimoiy tarmoqlar va gadjetlarga sarflaysiz? savoli bilan yuzlandi. Javoblar qanday bo‘lganini esa hozir bilib olasiz.

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti Universiteti talabasi Gavhar Muhiddinova

“Bir kunda telefonga ko‘pi bilan 4 – 5 soat vaqt ajrataman. Sababi, ko‘proq online darslar va qo‘shimcha kurslarim bor. Umuman olganda, kun davomida internet tarmog‘idan ko‘p foydalanishni yoqtirmayman”

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti Universiteti talabasi Zarnigor Sheraliyeva

“Men internetga vaqt ketishini undan qanday foydalanishga bog‘liq deb bilaman. Negaki, inson o‘zidan va yumushlaridan kelib chiqqan holda gadjetlardan foydalanadi. O‘zim bir kunda o‘rtacha 3 yoki 4 soat vaqtimni internetga sarflayman”

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti Universiteti talabasi Kamola Karimova

“Men kuniga 7 soatlar sarflayman internetga sababi, online kursim va darslarimning ko‘pini online bajarib boraman. Bundan tashqari, zerikkan paytlarimda o‘zim yoqtirgan kino va seriallarni tomosha qilishni ham yoqtiraman”

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti Universiteti talabasi Oynisa Hamroyeva

“Dars qilish, ijtimoiy tarmoqlar menimcha talabalar hayotining ajralmas qismi deb bilaman. O‘zim ham kuninga 5 yoki 6 soat vaqtimni telefonga sarflayman. Yangiliklar o‘qish, foydali kontentlar tomosha qilish uchun internet juda qulay. Shuning uchun, talabalarga darsliklarning va yangiliklarning online formati qulay bo‘lib qolaveradi degan fikrdaman”

Talabalarning barcha aytib o‘tgan fikrlari asosli ammo, barcha yaxshi narsaning ham yomon tomonlari bo‘ladi. Ko‘pincha biz ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni me’yordan oshirib yuboramiz va ko‘p vaqtimizdan ayrilamiz. Misol uchun Tiktok yoki Odnoklassniki kabi ijtimoiy tarmoqlarni misol qilib olaylik. Talabalar ko‘p holatlarda ushbu tarmoqlardan bemaqsad foydalanishadi. Aynan shuning uchun, mutlaqo keraksiz narsalarga vaqtni sarflashadi. Time management tuzganda har bir inson o‘zi uchun kun davomida ijtimoiy tarmoqlarga ham cheklov qo‘yishi va odat qilishi talab etiladi. Ana shunda online informatsiya va ta’lim olish birdek foydali va kelajak uchun samarali bo‘ladi.