Talabalarga turar joy muammo emasmi ?

Talabalarning soni yildan yilga ortib bormoqda. Sonning ortishi sifatning tushishiga xizmat qilmasligi uchun ham choralar koʻrilmoqdaki, bu jarayonda talabalarga shart-sharoitlar yaratish borasida qator ishlar amalga oshirildi. Natijada koʻp yillar davomida viloyatdan keladigan aksariyat talabalarni qiynab kelayotgan turar-joy muammosini bartaraf etish borasida ham samarali ishlar qilindi. Zamonaviy talabalar turar joylari barpo etildi, mavjudlari taʼmirlandi. OTMlarida, bugunda noturar joy kerak degan talabani uchratish qiyin.

Poytaxtimizdagi Oliy taʼlim muassasalarida xususan, Oʻzbekiston Davlat Jahon tillari universiteti, Oʻzbekiston Milliy Universiteti, Muhammad-al Xorazmiy nomidagi TATUda boʻlib, talaba-yoshlar bilan suhbatlashganimizda, ularning aksariyati turar joy bilan bogʻliq muammosi yoʻqligini qayd etishdi.

Xoʻsh, bugunda yurtimizdagi OTMlarining talabalariga yotoqxona muammosi begonami? Viloyatlarda bu holat qanday?

OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi Navroʻz Rizayev:

– Samarqand viloyatida boʻlgan oʻrganishlarimiz davomida Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutida uchrashuvda qatnashganimda talaba yoshlar tomonidan muammolar borligi qayd qilingandi. Maʼlum boʻlishicha, mazkur instituti tasarrufidagi 2 ta koʻp qavatli binoni yotoqxonaga aylantirish masalasi muammo boʻlmoqda. Aniqlashimizcha, oliygohda bugungi kunda 1600 nafar talabalar tahsil olmoqda va talaba yoshlarni yotoqxona bilan taʼminlash dolzarbligicha qolmoqda. Mazkur masalani nazoratga oldik, tez kunlarda ijobiy yechim boʻladi.

Ha, bu birgina viloyatdagi holat. Tez kunlarda joriy yilgi oʻquv yili ham oʻz nihoyasiga yetib, yozgi semestrdan soʻng yangi oʻquv yili boshlanadi. Yana talabalar turar joy muammosiga duch kelmasligi uchun har bir oliy oʻquv yurti, har bir masʼul tayyorgarlikni boshlashi lozim. Zero, oʻqish istagidagi har bir yosh, fikru hayolini turar joy topish muammosi bilan band etmasligi, aksincha, hech narsani oʻylamay faqat puxta bilim olishi, kelajakdagi buyuk rejalari haqida oʻylashi maqsadga muvofiq.

Maqola muallifi: Nilufar Rahimova