Xorijning nufuzli oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish har bir yoshning orzusi. Davr talabiga asosan, yosh avlod o’rtasida ingliz tilini o’rganish ommalashib, Chet tili bo‘yicha milliy yoki xalqaro sertifikatga ega talabalarning test sinovlaridan ozod etilishi ham ayni muddao bo’lmoqda. Qolaversa, aksariyat yoshlar mobillashdi va respublikamizdagi OTMda o‘qishdan ko‘ra, sifatliroq ta’lim beruvchi va keng imkoniyatlarni taqdim etuvchi xorijiy universitetlarda tahsil olishni afzal ko‘ryapti.
Masalaning yana bir jihatiga e’tiboringizni qaratmoqchimiz. So’nggi paytlarda chetda o‘qish – o‘zbek yoshlarining aksariyati uchun ma’lum muddatdan keyin o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirish yoki diplomli bo‘lishning yo’liga aylanib qolganini ham tan olish kerak. Shu boisdan so’nggi yillarda chetda o‘qiyotgan o‘zbekistonliklar soni keskin ortib bormoqda. Qolaversa, rivojlangan davlatlarga oliy ta’lim olish uchun borgan talabalarning aksariyati o’qish uchun emas balki, ishlash uchun borish holatlari ham kuzatilgan.
Tahlil qilganimizda, xorijda tahsil olayotgan o‘zbek talabalarining soni 2015-yilda 28,1 ming nafarni, 2016-yilda esa 32,9 ming nafarni tashkil etgan. 2015-2021 yillar oralig‘ida ularning soni qariyb 4 barobarga oshgan. Xorijda o‘qiydigan o‘zbek talabalarning taxminan 90 foizdan ko‘proq qismi Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya va Janubiy Koreya kabi mamlakatlarda tahsil oladi.
To’g’ri, ularning aksariyati xorijda o’qishga, dunyo ko’rishga muvaffaq bo’lishmoqda, ammo ularning aksariyatini «diplomimni qanday nostrifikatsiya qilsam bo’ladi?» degan savol qiynaydi. Bu borada talaba-yoshlarga mutaxassisni fikrlari as qotadi.
Huquqshunos Muhriddin Shamsiddinov:
Nostrifikatsiya qildirishning 2 xil usuli mavjud:
1-usul: Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (https://my.gov.uz/oz) orqali onlayn tarzda oʻzingiz mustaqil olishingiz mumkin. Bunda maʼlumotnoma taxminan 10 ish kunida tayyor boʻladi.
Bu uchun:
- Portalga (https://my.gov.uz/oz) kirasiz.
- Kirish tugmasini bosib, OneID orqali (agar OneID boʻlsa) tizimga kirasiz. OneID boʻlmasa, roʻyxatdan oʻtasiz.
- Keyin portaldagi xizmatlar roʻyxatidan Ta’lim boʻlimi tanlaysiz.
- Diplomni nostrifikatsiyalash boʻlimiga kirasiz.
- Xizmatdan foydalanish tugmasini bosasiz va kerakli maʼlumotlarni kiritasiz.
- To‘lovni amalga oshirasiz (Upay, Payme yoki Click ilovalari orqali). To‘lov miqdori jismoniy shaxslar uchun BHM ning 2.7 miqdoriga teng.
2-usul. Davlat Xizmatlari markazi orqali. Bunda o‘zingizga eng yaqin va qulay bo‘lgan istalgan Davlat Xizmatlari Markaziga kerakli hujjjatlar bilan murojaat qilishingiz mumkin.
Qanday hujjatlar kerak bo‘ladi:
- Хorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjat va unga ilovaning nusxasi:
- Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjat va unga ilovaning O‘zbekiston Respublikasi davlat tiliga tarjima qilingan notarial tasdiqlangan nusxasi.
Maqola muallifi: Nilufar Rahimova