Robinzon Kruzo yashagan orol qayerda?

Oʻqish bu telepatiya, kitob esa eng kuchli ixtiro qilingan texnologiya.

Kitoblarsiz, insoniyat zamon va makon toʻsiqlarini yorib chiqa olmagan boʻlar edi. Har bir kelgan yangi avlod tayyor tarixiy ilmlardan saboq olmasdan, oʻzlari yana bir-bor hamma xatolarni qaytarib, qaytadan oʻrganishiga toʻgʻri kelgan boʻlar edi. Ayniqsa bu borada nafaqat tarixiy kitoblar, qolaversa, real voqealarga asoslab bitilgan badiiy asarlar borki, bu kitoblar oʻquvchiga maʼnaviy ozuqa boʻlibgina qolmay, oʻquvchida uni oʻqish orqali hayotiy tajriba shakllanadi, tarixiy voqealardan saboq olish imkoni yaratiladi. Bugun internet rivojlangan zamonda yashayotgan boʻlsak-da, oʻz qiymatini va qadrini yoʻqotmagan asarlar juda koʻp. Ana shunday badiiy asar «Robinzon Kruzo». Bu kitobni mutolaa qilmagan, yoki kinosini koʻrmagan talabani uchratish qiyin.

Ingliz adibi Daniel Defo 400 dan ortiq badiiy asarlar yaratgan boʻlsa-da, uning qabr toshiga «Daniel Defo, «Robinzon Kruzo» muallifi. 1731-yil 24-aprelda 70 yoshida vafot etgan» deb yozib qoʻyilgan. Haqiqatdan ham shu asar Defo shuhratini butun dunyoga tanitdi. Buning sababi bor, albatta.

Defo yashagan davrda biror bir gunoh qilgan matrosni kimsasiz orollarga yolgʻiz qoldirib ketish odat boʻlgan. Ana shunday jazoga Angliyaga qarashli «5-port» nomli kemaning shturmani, 28 yoshli shotland Aleksandr Selkirk ham mahkum boʻlgan. U kapitan bilan aytishgani uchun («Kema eskirgan, suzish xavfli» desa ham kapitan unga quloq solmagan. Selkirk haq boʻlib chiqdi, koʻp oʻtmay kema halok boʻldi) Mas-a-Terra oroliga tushirib qoldirilgan. Selkirk xilvat orolda yakka oʻzi echki ovlab, toshbaqa goʻshti yeb, teriga oʻralib toʻrt yil – u toʻrt oy yashaydi. 1709-yildagina boshqa bir oʻtkinchi kema uni qutqarib qolgan. Hatto yangi kemada yana matroslik va kapitan yordamchisi vazifasida ishlagan.

Defo, shubhasiz, oʻz asarining qahramoniga Selkirkning sarguzashtini asos qilib olgan.

Xoʻsh, Selkirk, yaʼni Robinzon Kruzo yashagan orol hozir ham bormi?

Bor. U Janubiy Amerikaning Tinch okean tomonida, Chili qirgʻoqlaridan 600 kilometr Gʻarbda Xuan-Femandes orollari tarkibida. Masa-Terra orolchasini koʻpchilik «Robinzon oroli» ham deb atashadi. Boshqa bir orolchaga Aleksandr Selkirk nomi berilgan. Oʻsha oroldagi bir Qoyatoshga Selkirk xotirasiga yodgorlik taxtasi oʻrnatilgan.

Xuan-Femandes orolida majburan qoʻnib qolgan boshqa robinzonlar ham boʻlgan: 1563-yili bu orolga birinchi boʻlib ispan dengizchisi Xuan-Femandes kelgan va bir necha yil shu yerda hayot kechirgan. Keyinchalik uch-toʻrt kishi birgalashib yashashgan. Shuning uchun bu orolni «Robinzonlar oroli» desa ham boʻladi.

Ingliz tilidan Nilufar Rahimova tarjimasi