Minimal o‘tish balli 56,7 dan 75,6 ga ko‘tarildi.

Yildan-yilga oliy ta’lim tizimida o‘zgarish va yangilanishlar amalga oshirilmoqda. Karantin davridan beri oliy ta’lim muassasalari minimal kirish ballini 56,7 dan oshirmayotgan edi. 2024/2025 yilgi o‘quv yilidan boshlab oliygohlarga minimal o‘tish balli 75,6 etib belgilandi.

Shuningdek, minimal o‘tish balli ikki bosqichga oshiriladi. Bunda:

– Sog‘liqni saqlash, huquq, biznes va boshqaruv yo‘nalishlari uchun – 94,5 ball;

– Boshqa yo‘nalishlar uchun – 75,6 ball etib belgilandi.

Tibbiyot va yurisprudensiya yo‘nalishlariga 94,5 balldan kam to‘plagan abituriyentlar qabul qilinmaydi. Kvotalar ochiq qolsa ham ball yetmasa abituriyent super kontraktga tushib qoladi. O‘tish balli o‘zgargani bilan maksimal ball bu yil ham o‘sha-o‘sha 189 ball bo‘ladi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining tegishli buyrug‘i bilan respublika oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga mos test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, test topshiriqlari soni hamda baholash mezonlari tasdiqlangan.

Unga ko‘ra, majburiy fanlarga mos 3 fan:

– Ona tili – 10 ta;

– Matematika – 10 ta;

– O‘zbekiston tarixi – 10 ta;

30 ta savol uchun 1.1 balldan jami 33 ball to‘plash mumkin. Yo‘nalishlarga mos 60 ta savoldan jami 156,0 ball to‘plash mumkin bo‘ladi. Bunda:

– 1-fan: 30 ta savolga 3.1 balldan = 93.0 ball

– 2-fan: 30 ta savolga 2.1 balldan = 63.0 ball beriladi.

Qabulda umumiy 5 fandan savollar kitobida 90 ta test topshirig‘i beriladi. Bu ma’lumotlar aniq, ammo bu yilgi test topshiriqlarini bajarish uchun qancha vaqt berilishi va test jarayonlari nechta smenada tashkil etilishi hali noma’lum. Bular haqida aniq ma’lumotlar chiqishi bilan birinchilardan bo‘lib Avlod Mediada bilib olsangiz bo‘ladi.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, bu yilgi test sinovida ham yo‘nalish tanlashda ham abituriyentlar uchun «haqiqiy bilimlar janggi» bo‘ladi desak xato bo‘lmaydi. Chunki, bunday tartib doirasida oliy ta’lim kuchlilar ichra kuchlilarni saralab olmoqda. Endi haqiqiy bilimli abituriyentlar oliy ta’limga kiradi shu bilan birga grandlar taqsimlanishi tartibi doirasida kontraktdagi talabalar ham grandga o‘tish uchun granddagi talabalar bo‘lsa, kontraktga tushib qolmaslik uchun jon-jahdi bilan o‘qishadi. Bu imkoniyatlarning barchasi abituriyentlarga yanada ishtiyoq va bor kuchi bilan faqat va faqat o‘qish kerakligini eslatib turadi.

Savollar soni va maximal ballada hech qanday o‘zgarish yo‘q ammo, minimal o‘tish ballining oshirilgani va test sinovidan keyin yo‘nalish tanlash bu yilgi abituriyentlarga ancha o‘zgarish bo‘ladi. Shuni ham eslab qo‘yish kerakki, 11-sinf o‘quvchilari shaxsni tasdiqlovchi hujjat (ID karta) siz ro‘yxatdan o‘ta olmaydi. Shunday ekan, ID kartani ertaroqdan olib tayyorlab qo‘ygan yaxshi. Kirish imtihonlari haqidagi eng so‘nggi ma’lumotlarni Avlod Mediada kuzatib boring.

Maqola muallifi: Jayron Berdiyeva