Har qanday davlat rivojlanishining muhim omillaridan biri, albatta, ta’lim tizimidir. Har bir davlat o‘z fuqarolarining sifatli ta’lim olishi uchun javobgar. Turkiyda ta’lim tizimi zamonaviy standartlarga to‘liq javob berishi bilan bir qatorda, o‘ziga xos xususiyatlarga ham ega. Turkiya davlatida qanday o‘qitilishini bilishni istasangiz, unda biz tomondan to‘plangan ma’lumotlar siz uchun qiziq bo‘lishi aniq.
Turk maktablari va universitetlardagi ta’lim tizimi
Turkiyada “Ta’lim sohasi” davlat tomonidan qattiq nazorat qilinadi. Ta’lim olish huquqi Konstitutsiya bilan kafolatlangan. Fuqarolar uchun boshlang‘ich ta’limni olish majburiy, davlat maktablarida ular bepul o‘qitiladi.
Konstitutsiyada kafolatlangan ta’lim tizimining asosiy tamoyillariga quyidagilar kiradi:
– umumiylik va tenglik;
– ta’lim olish huquqi;
– tanlov erkinligi;
– imkoniyatlar darajasi;
– ehtiyojlarga muvofiqlik;
– dunyoviylik tamoyili;
– ilmiy yondashuv;
– demokratik tamoyillarga tayanish;
– o‘gil bolalar va qizlarning birgalikda ta’lim olishi;
– ta’lim muassasalari va ota-onalar hamkorligi va boshqalar.
Bu tamoyillarning barchasiga mahalliy ta’lim muassasalari amal qiladi va samarali ta’lim jarayonini shakllantirish uchun qulay muhit yaratiladi.
Ta’lim strukturasi (tuzilishi)
Turkiyada ta’lim 6 bosqichni o‘z ichiga oladi: maktabgacha ta’limdan tortib to ilmiy darajagacha.Ushbu bosqichlarning barchasi ham majburiy emas. Demak, ta’lim tizimi quyidagi tuzilishga ega:
Maktabgacha ta’lim (Anaokulu) – bog‘cha 1 yoshdan 3 yoshgacha va maktabga tayyorlov 3 yoshdan 5 yoshgacha.
Boshlang‘ich ta’lim (İlköğretim) – 4 yil boshlang‘ich maktab va 4 yil o‘rta maktab.
O‘rta ta’lim (Ortaöğretim (Lise)) – 4 yillik ta’lim
Qo‘shimcha proffesional ta’lim: kollek/texnikum/kasb-hunar maktablari (Meslek Yüksekokulu (Ön Lisans) – 2 yillik ta’lim, oliygohga o‘qishni ko‘chirish imkoniyati mavjud.
Oliy ta’lim/Universitetlar (Lisans) – 4 yillik ta’lim.
Darajalar (Lisansüstü) – magistr/doktor.
Maktabgacha ta’lim
Davlat taʼlim dasturiga qoʻshimcha boʻlgan maktabgacha taʼlim 3 yoshdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun moʻljallangan. Biroq juda yosh bolalarni ham qabul qiladigan muassasalar mavjud. Bolalar tarbiyalanishni (o‘qishni) “yasli”da yoki bolalar bog‘chasida boshlashi va tayyorgarlik sinfida davom ettirishi mumkin.
Maktabgacha ta’lim muassasalariga bolalarni to‘liq kun yoki yarim kunga berish mumkin. Bu davlat yoki xususiy bolalar bog‘chasi bo‘lishi mumkin. Davlat bolalar bog‘chasiga qatnashish bepul, lekin ota-onalar kanstovar, kitoblar, qo‘llanmalar va boshqa zarur narsalar uchun pul berishi kerak. Xususiy bolalar bog‘chasi faqat to‘lov asosida qabul qiladi. Narxi oyiga o‘rtacha 1000 lirani tashkil qiladi. Ota-onalar, shuningdek, kanstovar, darsliklar va boshqalar kerakli narsalar uchun qo‘shimcha pul to‘laydilar.
Maktabgacha ta’lim muassasalari bolalarni jamoaga moslashishga, boshqa bolalar bilan munosabatda bo‘lishga, ta’lim jarayoniga ko‘nikishga, ularning malakasini oshirishga va ta’limning keyingi bosqichga tayyorgarlik ko‘rishga yordam beradi.
Turkiyada qanday maktablar bor?
Turkiyada maktablarga katta e’tibor beriladi. Doimiy islohotlar olib borilmoqda, binolar qurilmoqda, bolalar va o‘qituvchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratilmoqda.
Maktab muassasalari 2 turga bo‘linadi:
Davlat maktablari: bepul ta’lim, sinflarda ko‘p sonli o‘quvchilar (40 tagacha), bepul ovqatlanish yo‘q, 2 smenalik o‘qish.
Xususiy maktablar: pullik o‘qish, sinfda kam sonli o‘quvchilar, faqat birinchi smenada o‘qish, ovqatlanish to‘lanadigan puldan kelib chiqib.
Maktabga borish majburiy. 6 yoshdan boshlab har bir bola to‘g‘risidagi ma’lumotlar davlat ta’lim tizimiga kiritiladi. Ota-onalar o‘z farzandlarini davlat yoki xususiy ta’lim muassasasiga o‘qishga berishi kerak. Bu chet ellik bolalarga ham tegishli.
Turkiya maktablarida ta’lim tizimi
Ta’lim 3 bosqichga bo‘linadi va ularning har biri 4 yildan iborat. 4+4+4 sistemasiga 5 yildan oshiq vaqt mobaynida amal qilib kelinmoqda. Bular:
– boshlang‘ich maktab (ilk okul);
– o‘rta maktab (orta okul);
– litsey (lise).
Boshlang‘ich va o‘rta maktablarni tugatish o‘quvchiga boshlang‘ich bilimlarni beradi. Majburiy o‘rta ta’lim ega bo‘lish uchun litseyni ham tugatish kerak.
Boshlang‘ich ta’lim 6 yoshdan 14 yoshgacha
Maktab hayoti 6 yoshdan boshlanadi. Bu yoshda har bir bola maktabga borishni boshlashi kerak. Ushbu tizim davlatning barcha aholisi uchun amal qiladi. O‘quv yilining boshlanishi 10-sentyabrga to‘g‘ri keladi, ammo bu sana har yili o‘zgarishi mumkin. Bu ko‘pincha sentyabr oyining boshiga to‘g‘ri keladigan Qurbon hayiti bayrami bilan bog‘liq, bu bayramda barcha dam oladi.
O‘quv yili 4 oydan tashkil topadigan 2 ta semestrga bo‘lingan (jami 8 oy), semestrlar yanvar oyining oxirida ikki haftalik ta’til bilan ajratiladi. Har semestr oxirida imtihonlar o‘tkazilib umumiy ballar hisoblanadi: testlar, nazorat ishi ballari, uy vazifalari, xulq-atvori va boshqa vazifalar hisobga olinadi.
Mahalliy maktablarda o‘quvchilar vatanparvarlik ruhida tarbiyalanadi. Har safar dars madhiya kuylashdan boshlanadi, darsliklarda esa yurtning buyukligiga, Mustafo Kamol Otaturk kabi qahramonlarga katta e’tibor qaratiladi. Boshlang‘ich sinflarda bolalarda chiroyli husnixatni shakllantirish uchun ruchka o‘rniga qalamdan foydalaniladi. Uy vazifalari mavjud, ammo kichik yoshdagi o‘quvchilar uchun ular odatda ijodiy, fikrlashni rivojlantirishga qaratilgan bo‘ladi.
Bolalar maktabga maxsus belgilangan transport vositasida qatnashlari mumkin. Bu pullik xizmat, lekin u qimmat emas, narxi arzon. Mahalliy maktablar yaxshi jihozlangan: Elektron doska va jurnallar, kompyuter jihozlari, proyektor va boshqa ko‘plab kerakli narsalar mavjud. Bularning barchasi davlat tomonidan ta’minlanadi.
Boshlang‘ich bosqichni o‘quvchilar 14 yoshda yakunlashadi.
O‘rta ma’lumot
8 yillik ta’limdan so‘ng, ya’ni boshlang‘ich va o‘rta maktabdan keyin o‘quvchilar litseyga kirish uchun imtihon topshirishadi. Bu umumta’lim litseyi bo‘lishi mumkin, o‘quvchilar unda oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun tayyorgarlik ko‘radilar yoki qaysidir yo‘nalishga ixtisoslashgan litsey bo‘lishi mumkin. Masalan, texnika, turizm, tibbiyot, pedagogika, diniy va boshqa yo‘nalishga ixtisoslashgan bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari xususiy litseylar ham bor, ularni “kollej” deb nomalashadi.
12 yillik maktab ta’limini tugatdan so‘ng, bitiruvchi o‘quvchilar attestatsiyadan o‘tadilar va diplom oladilar.
Chet ellik bolalar turk maktablarida
Farzandlarini davlat maktablarida o‘qitish uchun ota-onalarning yashash uchun ruxsatnomasi bo‘lishi kerak. Shunda chet ellik bolalar bepul o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Ular xususiy maktablarda ham o‘qishi mumkin, hatto Turkiyada rus tilida dars beradigan maktablar ham bor. Biroq mamlakatda uzoq vaqtdan beri yashayotgan chet elliklar bolalarni turk maktablariga berishni tavsiya qilishadi, chunki bu tilni tez va yaxshiroq o‘zlashtirishga yordam beradi, hatto qabul payti turk tilini bilmaganlar ham bunday maktablarda turk tilini tez o‘rganib ketadilar.
Turk maktablardagi innovatsiyalar
Turkiyada ta’lim islohatlari tez-tez bo‘lib turadi. Bugungi kunda Darvin nazariyasidan ta’lim sohasida voz kechishmoqda. “Yerda hayotning paydio bo‘lishi va evolutsiya” bo‘limi o‘quv dasturlaridan olib tashlandi, uning o‘rniga “Tirik organizmlar va atrof-muhit” bo‘limi qo‘shildi.
Chet tillarini o‘rganishga katta e’tibor qaratilmoqda. Maktab o‘quvchilari urdu, koryes, fors tillarini o‘rganish imkoniyatiga ega. Lekin shu bilan birga chet tillari uchun dars soatlari ham qisqarib bormoqda. Hozir odatda yuqori sinf o‘quvchilari chet tillarini haftasiga 4 marta o‘rganishadi. Biroq ijodiy, dininiy, madaniy, estetik fanlar uchun soatlar ko‘paytirilmoqda.
Litseydan so‘ng o‘quvchilar professional ta’limni (texnikum) yoki oliy ta’limni (universitet) tanlashlari mumkin.
Proffesional ta’lim: texnikumlar yoki kasb-hunar maktablari
Agar o‘quvchi kasbiy litseyda o‘qigan bo‘lsa, odatda u tegishli ta’lim muassasasida imtihonsiz o‘qishni davom ettirishi mumkin. Boshqa litsey bitiruvchilari ularda o‘qish uchun YGS imtihonini topshirishlari shart.
Professional ta’lim 2 yil davom etadi. O‘qishni tugatgach, o‘qishni universitetga ko‘chirish imkonini beruvchi DGS imtihoni topshirish imkoniyati mavjud.
Universitet va boshqa oliy o‘quv yurtlariga kirish shartlari
Turkiyada davlat va xususiy oliy o‘quv yurtlari mavjud. Oliy ta’lim uch bosqichni o‘z ichiga oladi:
– bakalavriat 4 yil (tibbiyot yo‘nalishi 6 yil);
– magistratura 2 yil;
– doktorantura 3 yil.
Universitetlarda, odatda, turk tilida o‘qitiladi, ammo ingliz, fransuz, nemis tilida ta’lim beriladigan oliygohlar ham mavjud. O‘quv rejasi ma’ruza va seminarlar, kurs ishi va diplom ishini himoya qilishini o‘z ichiga oladi.
Turkiyada 120 ga yaqin universitet bor. Ulardan 90 dan ortig‘i davlat oliygohlari hisoblanadi. Mahalliy fuqarolar uchun davlat universitetlarida o‘qish bepul yoki pullik bo‘lishi mumkin. Grant asosida o‘qish uchun siz imtihonlardan eng yuqori ball olishingiz kerak.Chet el fuqarolari faqat to‘lov asosida o‘qishlari mumkin. Xususiy oliygohlarda o‘qish pullik, o‘qish narxi 500$ dan 15 000$ gacha bo‘lishi mumkin.
Talabalar uchun quyidagi stipendiyalar mavjud:
– Başbakanlık Bursu – muvaffaqiyatli o‘qish uchun bosh vazir tomonidan ta’sis etilgan stipendiya – oyiga 150$;
– Özel Bursu – xususiy kompaniyalar tomonidan maxsus stipendiya – ba’zan u hech qanday manfaatsiz taqdim etilsa, ba’zan keyin “ishlab berish” sharti bilan taqdim etiladi.
Davlat tomonidan ta’lim uchun quyidagi kreditlar ajratilgan:
– Öğrenim Kredisi – o‘qish uchun kredit;
– Ta’lim bilan bog‘liq iste’mol ehtiyojlari uchun kredit.
Kredit olgan talabalar o‘qishni tutgandan so‘ng 2 yil o‘tgach, davlatga uni qaytarishi kerak bo‘ladi. Ko‘plab talabalar boshqa davlatlar bilan almashinuv dasturi bo‘yicha chet el universitetlarida ham ta’lim olishadi. Mahalliy universitetlarning diplomlari butun dunyoda yuqori qiymatga ega.
Muallif: Murodjon Erkinov