Oilali talabalar taqdiri yoxud farzandi bor talabaga yengillik bormi?

Tan olish kerakki, xalqimiz orasida «Qiz bola oʻqib shahar oberarmidi?!», «Qiz bolaning oliy maʼlumotli boʻlishi shart emas», Turmushga chiqib, qaynona va qaynotasinining xizmatini qilsa boʻldi»,  degan gaplar qulogʻimizga tez-tez chalinib turadi.

Таhlil etganimizda, agar qizbola maktabga 7 yoshda borsa va 18 yoshda 11 yillik taʼlimni tugatib, oʻz vaqtida OTMga kirsa, bakalavriatni 22 yoshida, magistraturani esa 24 yoshida tugatadi. Oʻrtada tanaffuslar ham boʻlishi ehtimolini hisobga olsak, xotin-qizlar 25–26 yoshigacha ham taʼlim olishi mumkin.Farzand tarbiyasi,turmush yumushlari har bir talabani taʼlim olish sifati tushib ketishiga,OTMdagi darslariga vaqtida qatnasha olmasligiga sabab boʻlishi mumkin. Ayni jihatni eʼtiborga olgan holda dunyoning rivojlangan mamlakatlarida yosh onalarga taʼtil berish, salomatligini tiklashlari yengilliklar joriy etish borasida  ham yengilliklar belgilangan.

Masalan AQSHda

Amerika oliy taʼlim muassasalarida yosh onalar uchun maxsus psixologik va amaliy kurslar hamda maslahat markazlari xizmat koʻrsatadi. AQSH ning aksariyat universitetlarida ham talabalar farzandlari uchun maxsus bogʻchalar mavjud. Qolaversa, barcha sohalardagi muammolarni hal etishga yoʻnaltirilgan yosh onalar portali oilali talaba-qizlar uchun nihoyatda foydali.

Buyuk Britaniyada farzandli boʻlgan talabaga eng kamida 2 haftalik taʼtil beriladi. Universitetlar talabaning yosh bolali boʻlishi taʼlim olishga toʻsiq boʻlmaydi, deb hisoblaydi. 

Mazkur toifadagi talabalarga qulay sharoit yaratib beradi. Talaba tomonidan toʻldirib berilgan onalik rejasi hujjatiga muvofiq farzandli boʻlgan talaba ona  muayyan muddatli taʼtilga chiqish imkoniyatiga ega boʻladi.

Angliya universitetlarida yosh bolali talabalarning va oʻqituvchilarning farzandlari uchun bogʻcha tashkil qilingan. Ushbu bogʻchalar uch oylikdan to maktab yoshigacha boʻlgan bolalar uchun xizmat koʻrsatadi. Talaba farzandini oʻzi bilan birga darsga olib kelib, uni universitetning maxsus bogʻchasida qoldirishi, mashgʻulotlar tugagach yana olib ketishi mumkin. Homilador yoki yosh bolali talaba-qizlar uchun alohida dastur ishlab chiqilgan boʻlib, unga koʻra, akademik standartlarni buzmagan holda talaba-onaning oʻqishi uchun mos sharoit qilib beriladi. Bu holatda ular ikki xil taʼtil shakllaridan birini tanlaydi. Birinchisi, ikki  haftalik qisqa taʼtil boʻlsa, ikkinchisi, bola parvarishi uchun beriladigan bir yillik taʼtil. Talaba ulardan birini tanlab, oʻqishini davom ettiraveradi.

Xoʻsh, Oʻzbekistonda yosh farzandi bor talabalar uchun qanday imkoniyatlar bor?

Muhriddin Shamsiddinov – advokat

– Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 344-son qarori bilan tasdiqlangan «Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalari talabalariga akademik taʼtil berish toʻgʻrisida» Nizomning 2-bandiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalari talabalariga akademik taʼtil quyidagi hollarda berilishi mumkin:

  • harbiy xizmatni oʻtash uchun;
  • salomatligini tiklash uchun;
  • homiladorlik va tugʻish uchun;
  • bolalarni parvarish qilish uchun;
  • oilasining betob aʼzosini (otasi, onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar, turmush oʻrtogʻi, farzandi) parvarish qilish uchun.

Ushbu Nizomning 11-bandiga muvofiq, akademik taʼtil beriladigan talabalar arizasiga (ixtiyoriga) koʻra oliy taʼlim muassasasi rektori (direktori)ning buyrugʻiga muvofiq, uning oʻqishi akademik taʼtil muddatiga taʼlimning sirtqi yoki masofaviy yoki eksternat taʼlim shakliga oʻtkazilishi mumkin.

Bunda oliy taʼlim muassasasida muayyan bakalavriat taʼlim yoʻnalishi (magistratura mutaxassisligi) boʻyicha sirtqi yoki masofaviy taʼlim shakli mavjud boʻlgan taqdirda talabaning oʻqishi arizasiga koʻra belgilangan muddatga ushbu taʼlim shakliga oʻtkaziladi.

Ushbu Nizomning 16-bandiga muvofiq, agar akademik taʼtil davrida talaba tahsil olgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishi (magistratura mutaxassisligi) tugatilgan boʻlsa, talabaning oʻqishini mazkur oliy taʼlim muassasasining turdosh bakalavriat taʼlim yoʻnalishi (magistratura mutaxassisligi) boʻyicha, agar bunday bakalavriat taʼlim yoʻnalishi (magistratura mutaxassisligi) mavjud boʻlmasa, turdosh boʻlmagan bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga (magistratura mutaxassisligiga) koʻchirib tiklash masalasi ariza bilan birga koʻrib chiqiladi va Oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan tartibda hal etiladi.

Yurt kelajagi haqida gap ketarkan, birinchi navbatda farzandlar tarbiyasiga masʼul onalar ilmli boʻlishi kerakligini inkor qilib boʻlmaydi. Zamonaviy ilm-fandan xabardor, oliy taʼlimni sifatli oʻqib tugatgan xotin-qizlar oiladagi rolidan tashqari mehnat bozorida ham juda kerakli. Shuning uchun ham ularni, avvalo, oilada, jamiyatda, taʼlim dargohlarida qoʻllab-quvvatlash va shunchaki OTMni tugatishi uchun emas, sifatli oʻqib tugatishi uchun sharoit qilib berish muhimdir.

Yosh talaba onalar uchun joriy etilgan imtiyozlardan talabalar qay darajada foydalanyapti? Bu borada talabalar fikrlari bilan qiziqdik.

Termiz  Iqtisodiyot va Servis Universiteti Filologiya  fanlari  boʻyicha falsafa doktori-Ozoda Hazratqulova shunday deydi:

«Oʻzbekiston qonunchiligiga koʻra, talaba xotin-qizlar homiladorlik va  bola parvarishi uchun akademik taʼtil olishlari, tugʻruqdan keyingi qisqa taʼtilga chiqishlari yoki oʻz yoʻnalishlari boʻyicha sirtqi yoki masofaviy taʼlim shakli mavjud boʻlsa, oʻqishini oʻzi uchun qulay shaklga oʻtkazishlari mumkin.Mening farzandlarimni tugʻilishi aynan talabalik yillarimga toʻgʻri kelgan(nim tabassum bilan)  Lekin deyarli hech bir universitet yoki institutda yosh bolali talabalarning farzandlariga xizmat koʻrsatadigan bogʻchalar mavjud emas edi.Dastlab Oʻzbekiston davlat Jahon tillari universitetini tamomlab soʻngra universitetning oʻzida magistratura bosqichida tahsil olganman.Ikki farzandimni katta qilish barobarida, oʻqisinmi davom ettirgan holda katta qilishimda qaynonam yordam berdilar.Uchinchi farzandim tugilishi  Doktoranturada ilmiy ish qilayotgan davrimga toʻgʻri keldi.  Ish ,oʻqish va oilani birga olib borayotgan ayollardanman deb ayta olaman.Bularning bariga yurtimizda ayollar uchun yaratilgan sharoitlar va farzandli  talabalarga berilgan imkoniyatlar sabab deb oʻylayman.»

Munira Baltayeva Chirchiq davlat pedagogika universiteti 4- kurs talabasi:

– Hozirda oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan oilali talaba qizlarning taʼlimdagi ahvolini u qadar ham yaxshi deb boʻlmaydi. Koʻp hollarda oʻqishdagi masʼuliyat va bola parvarishi jarayonidagi majburiyatlarni tartibga solish ularning qoʻlidan kelmaydi. Natijada ruhiy zoʻriqish va oʻqishda passivlik holatlari kuzatiladi. Oilali talaba-qiz asosiy vaqtini oilasi uchun sarflaydi, undan qolgan qismi esa dars va oʻz ustida ishlashga ketadi. Tabiiyki, bu jarayonda koʻpincha darslarning «haqiga xiyonat qilinadi». Oʻqish va oilaviy munosabatlarni muvozanatda ushlab turish talaba-qizning oldida turgan asosiy vazifa, shu bilan birga davrning dolzarb muammosidir.

Fotima Raimova -Toshkent Davlat Stomatologiya Universiteti talabasi:

– Bugun oliy taʼlimdagi qizlar uchun yaratilgan har bir imkoniyat nafaqat bir qizga u orqali bir oilaga, butun bir jamiyatga berilgan imkoniyat, qilingan yaxshilikdir. Ilgari qizlarning magistraturada oʻqishi anchayin qiyin edi va kam kuzatilardi. Axir, qiz toʻrt yil davomida shartnoma pulini toʻlab kelgan oilaga botinib «magistraturada oʻqiyman» deyolmasdi-da. Endi bu muammo boʻlolmaydi. Chunki magistratura bosqichida tahsil olayotgan qizlarning shartnoma puli davlat hisobidan qoplanadi.Men ham shu imkoniyatdan foydalanganlikman.Hozirda oʻqish bilan birgalikda farzand tarbiyasini birga olib bormoqdaman desam,ayni haqiqat boʻladi.Bolamga qarab turadigan yaqinlarim borligi uchun,  darslarga borib kelishga ulguryapman, ammo dars qoldirgan kunlarim ham yoʻq emas.Qoldirgan darslarimni qayta topshirishga imkoniyat berishayotgani uchun universitet rahbariyatiga minnatdorchilik bildiraman.

Bu mavzu har qanaqasiga tahlil qilinmasin, yosh bolali talaba-qizlarning taʼlimdagi axvoli, berilgan topshiriq va vazifalarni bajarishdagi holati boshqa oddiy talabalardan farq qiladi. Qizlar taʼlimida yaratilgan har bir imkoniyat va yangilik mohiyatida, avvalo, kelajak avlod tarbiyasi qoʻlida boʻlgan millat qizlarining ilm olishi yotibdi. Ayta olamizki,oliy maʼlumot olgan, ilmli, ziyoli xotin-qizlar maʼrifatli avlod tarbiyalashning bosh sababchilaridir. Shunday ekan, ularni hamisha qoʻllab-quvvatlash, sifatli taʼlim olishlari uchun sharoit yaratish jamiyatning muhim vazifasi boʻlishi kerak.