Hozir qanday vaziyatda oʼtirganingizga ahamiyat bering. Oyoqlaringiz pol ustida tekis turibdimi yoki biri ikkinchisining ustidami? 1994-yili olimlar qiziqarli statistik maʼlumotlarini keltirishgan: 62% insonlar oʼng oyogʼini chap oyogʼi ustiga, 26% insonlar chap oyogʼini oʼng oyogʼi ustiga tashlab oʼtirishar ekan, 12% insonlar oyoqlarini chalishtirishmas ekan. Oyoq chalishtirishning ikki xili mavjud. Birinchisi, tizza sohasida, ikkinchisi esa toʼpiq sohasida. Ikkala holat ham inson salomatligiga ziyon, ammo toʼpiqlar sohasida chalishtirib oʼtirishga nisbatan tizza sohasida oyoqlarni chalishtirib oʼtirishning zarari koʼproq ekan.
1-rasm Oyoqlarni chalishtirib va to‘g‘ri holatda o‘tirish
Insonning uzoq vaqt o‘tiradigan holati gavdasiga, sog‘lig‘iga, o‘zini qanday his qilishi va kayfiyatiga bog‘liq. Oyoqlarni chalishtirib o‘tirish eng keng tarqalgan va shu bilan birga zararli o‘tirish holatidir.
Oyoq chalishtirish tufayli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kasalliklar
Yuqori qon bosim, oyoq tomirlari varikoz kengayishi va nervlarining shikastlanishi kiradi. Albatta bir vaziyatda ko‘p o‘tirish oyoqning va oyoq kaftlarining uvushishiga olib keladi. Bu tizza osti nervi (peroneal nerv)ning siqilishi hisobiga yuzaga keladi. Sababi ushbu nerv oyoq pastki qismlari, ya’ni to‘piq va kaft sohalari sezuvchanligiga javob beradi. Bu uvushish holati vaqtinchalik bo‘lib, vaziyat o‘zgartirilganda birozdan so‘ng o‘tib ketadi. Ammo bir necha soat davomida bir xil vaziyatni saqlab turish peroneal nervning falajiga olib kelishi mumkin. Bunda insonlar oyoqlari va barmoqlarining orqa qismini ko‘tara olmaydilar. Janubiy Koreyada o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra bunday falaj ko‘proq o‘rindiqda emas, polda oyoqlarni uzoq vaqt chalishtirish hisobiga yuzaga kelar ekan.
2- rasm Oyoqlarni chalishtirib oʻtirganimizda toʻpiq soxasidagi peroneal nerv eziladi
Oyoq chalishtirishning qon va limfa aylanishi tizimiga ta’siri
Oyoq chalishtirib oʻtirilganda ikkala oyoqdagi kapillyarlar, venalar va tomirlar siqiladi. Pastki oyoq tizza orqa yuzasini ezadi, bu erda tizza osti limfa tugunlari mavjud. Natijada:
• butun tanada qon va limfa oqimi buziladi va qon bosimi oshadi;
• yurak qoʻshimcha yuklanish oladi;
• shishlar kuchayadi, ayniqsa homiladorlarda va buyrak faoliyati buzilgan bemorlarda;
• venalar varikoz kengayishi va tromblar xosil boʻlish ehtimoli oshadi;
• vena va tomirlar kasalliklari mavjud boʻlgan bemorlarda, tizza sohasida oyoq chalishtirish muammoni chuqurlashtiradi.
3- rasm Oyoq chalishtirib oʻtirish tufayli vena tomirlari ichidagi klapanlar ishi buzilishi va qon ortga qaytishi
Oyoq chalishtirishning tayanch-harakat tizimiga ta’siri
Normal holatda umurtqa pogʻona bel sohasida oldinga biroz bukilgan. Oyoq chalishtirilganda umurtqa pogʻona bel sohasi orqaga bukiladi, umurtqa suyak oʻsiqlari orasidagi soha kengayadi, qaysi oyoq tepadaligiga qarab, umurtqa oʻngga yoki chapga bukiladi, mushaklar boʻshashadi va umurtqani ushlab tura olmaydi. Natijada umurtqalararo disk churrasi yuzaga keladi.
Churralar bir qator jiddiy muammolar, ya’ni radikulit,mushaklar boʻshashishi va hattoki oyoqlar toʻliq paralichiga olib kelishi mumkin. Bunda ichki a’zolar, bosh miya oziqlanishi va kislorod bilan ta’minlanishi buziladi. Shundan bosh ogʻrigʻi, kuchli charchoq, dam olgandan soʻng ham toliqish xissi, ish qobiliyatining pasayishi, jizzakilik va yomon kayfiyat kuzatiladi.
Oyoq chalishtirib oʻtirish oyoqlar goʻzalligiga ham salbiy ta’sir koʻrsatadi. Dimlanishlar hisobiga sellyulit, tomirli “yulduzchalar” xosil boʻlishini kuchaytiradi.
Oyoq chalishtirib oʻtirish odatidan qanday voz kechsa boʻladi?
Koʻpincha insonlar mushaklarining boʻshligi tufayli bilmagan holatda oyoqlarini bir birining ustiga tashlab oʻtirishadi. Bunday holatda qorin va gavda mushaklari mushak apparatini mustahkamlovchi kompleks mashqlarni bajarish yordam beradi. Hamda gavda orqa qismi massaji juda yaxshi natija beradi. Massaj amaliyoti zoʻriqishlarning oldini oladi, passiv mushaklarni mustaxkamlaydi.
Oyoq chalishtirish foydasi
Ammo, oyoq chalishtirish foydasi ham bor ekan. 2016 yil Physical Therapy Science jurnalida aytilishicha, oyoq uzunligi oʻlchami turlicha boʻlgan insonlarda bu holat yordam berishi mumkin ekan. Ya’ni mushaklar choʻzilishi va tos xolati oʻzgarishi xisobiga oyoqlar tenglashishi mumkin ekan.
PubMed 2020 yilgi ma’lumotiga koʻra, oyoqlarni chalishtirib oʻtirish umurtqa va oyoqlar oʻrtasida tana vaznini uzatish vazifasini bajaruvchi dumgʻaza-chanoq boʻgʻimi holatini yaxshilar ekan. 1995 yili olimlarning aniqlashicha, ushbu holat tana qiyshiq mushaklaridagi zoʻriqishni engillashtirar ekan.
Chalishgan oyoqlar — yoganing asosiy vaziyati, hammaga mashhur «lotus pozisiyasi» dir. Inson bu vaziyatda oʻtirganida organizmda modda almashinuvi yaxshilanadi, qon dimlanishi bartaraf etiladi, qorin boʻshligʻi a’zolari mustahkamlanadi va umurtqa pogʻonasi tekkislanadi.
4- rasm Lotus pozitsiyasi
Umuman olganda, bu yuqorida yozilganlarga qarshi emas, chunki yoga paytida odam divanda yotib olmaydi, balki toʻgʻri va nisbatan qisqa vaqt ichida oʻtiradi. Bunday holda, oyoqlarni chalishtirib oʻtirish zarar keltirmaydi.
Gulnora Rahimjonova
shifokor