«9-may Xotira va qadrlash kuni» haqidagi  ma’lumotlarni bilasizmi? Unda «Ziyo forum» ning navbatdagi loyihasi ishtirokchisiga aylaning

Xotira va Qadrlash kuni  Ikkinchi jahon urushining ayanchli oqibatlarini unutmaslikka, tinchlik va osuda hayotning qadriga yetishga, Vatanga sadoqat hissi bilan yashashga, shuningdek, doimo ogoh va hushyor boʻlishga, tarixiy xotiraga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qilib kelmoqda.Uning tub zamirida  tinchlikning qadriga yetish targʻib etiladi, urush esa batamom qoralanadi.Bu kunni  umumxalq bayram sifatida nishonlab kelayotganimizda  ham aynan ana shu ezgu maqsad yotibdi.

Mamlakatimizda, ana shunday mardlik va jasorat namunasini koʻrsatganlarga, jang maydonlarida jonini fido qilgan bobolarimiz, sabr-bardosh bilan katta qiyinchiliklarni yengib oʻtgan momolarimizni sharaflash, xotirasini abadiylashtirish, ularga gʻamxoʻrlik va eʼtibor koʻrsatishga  katta eʼtibor qaratilmoqda.

Bu kun haqida yozar ekanmiz, arxivdagi muhim maʼlumotlarni keltirishimiz joiz.

Maʼlumotlarga koʻra, Ulugʻ Vatan urushi davrida Oʻzbekistonda yashagan 6,5 million aholining 1,5 millioni frontga ketgan, ulardan 420 mingi qaytib kelmagan, 640 ming nafari yaralangan. 120 ming oʻzbekistonlik orden va medallar bilan taqdirlangan. Jumladan, 338 nafar oʻzbekistonlik Sovet Ittifoqi qahramoni unvoniga sazovor boʻlgan. Urush yillarida Oʻzbekiston xavfli hududlardan evakuatsiya qilingan 1,5 million kishi uchun boshpana boʻlgan.

Ha, ushbu kunda barcha bobolarimiz ham moʻtabar buvilarimizni hamda oʻz Vatanini himoya qilishda jonini fido qilgan va bu ayovsiz jangu jadalda qahramonlarcha halok boʻlganlar xotirasini biz yoshlar aslo unutmaymiz va unutmasligimiz kerak.Ayni jihatni inobatga olgan holda,har yili «Ziyo Forum» ilm-fan va taʼlim-tarbiyani rivojlantirish xalqaro fondi tomonidan ajdodlarimiz xotirasini yod etish, bugungi yorugʻ kunlarga yetib kelishimizda  urush va mehnat faxriylarining nechogʻlik ulugʻ mehnati borligini his etish,yoshlar oʻrtasida mazkur kunning mazmun mohiyati targʻib qilish,qahramonlar xotirasi abadiyligini taʼminlash maqsadida yoshlar oʻrtasida  qator loyihalar amalga oshirib kelinmoqda. Ayni kunlarda ham fond tomonidan ana shunday loyihalarga start berildi. Unga koʻra,savol-javob tarzida oʻtkaziladigan muloqotlarda,ishtirokchi yoshlarning «9-may Xotira va qadrlash kuni» munosib kutib olish va nishonlash haqidagi fikrlari tinglanib, bu kun tarixiga oid bilimlari sinovdan oʻtkaziladi. Eʼtiborlisi, Ayovsiz jangu jadalda qahramonlarcha halok boʻlgan ajdodlarga hurmat bajo keltirish va ularga minnatdorchilikni ifodalovchi iboralar yozilgan futbolkalar ishtirokchilarga  taqdim etiladi.

Xulosa qilganda, «Inson aziz, xotira-muqaddas» ekan, bugungi,tinch-osoyishta hayot uchun jasorat koʻrsatib fido boʻlgan vatandoshlarimiz xotirasini yod etish esa eng oliy vazifamizdir. Mazkur loyihaning asosiy maqsadi ham shu. Vatanini himoya qilishda jonini fido qilgan, xalq orzu qilgan erkinlik uchun kurashgan milliy qahramonlarimizni ruhi oldida yana bir bor taʼzim aylaymiz.