“Tirik qolish buyurilgan” yoхud stipendiyaga yashasa bo‘ladimi?

Oliy ta’lim tizimi barcha mamlakatlarda tirik organizm sifatida ko‘rib kelinadi, ya’ni oliy ta’lim tizimi doimiy rivojlanib, yangilanib boradi. Ilm-fan va texnika taraqqiyotining asosiy manbai oliygohlar bo‘lganligi sababli oliy ta’lim tizimini moliyalashtirish, talabalarni ijtimoiy himoya qilish rivojlangan davlatlarning kun tartibida birinchi o‘rinda ko‘riladi.

O‘zbekistonda ham talabalarni ijtimoiy himoya qilish maqsadida talabalar uchun stipendiyalar joriy qilingan. Oliy ta’lim muassasalarida 2001-yil 1-sentabrdan boshlab talabalarning reytingiga bog‘liq holda tabaqalangan koeffitsiyentlarni qo‘llash bilan stipendiyalarning bazaviy miqdorlari belgilangan: 

•    reyting bo‘yicha eng yuqori ballar (86-100 foiz) – 1,0;
•    reyting bo‘yicha yuqori ballar (71-85 foiz) – 0,75;
•    reyting bo‘yicha o‘rtacha ballar (55-70 foiz) – 0,5.

2001-yilgi tartib bo‘yicha 2018/2019 o‘quv yilida talabalar quyidagicha stipendiya olishgan:

•    86 – 100 ball ( 5 baho) – 804 ming 974 so’m
•    71 – 85 ball (4 baho) – 603 ming 730 so’m
•    55 – 70 ball (3 baho) – 402 ming 487 so’m

Ushbu tartib 2019/2020 o‘quv yilidan barcha talabalar uchun stipendiya miqdori 400 ming so‘m etib belgilandi. 2020-yilning 1-fevralidan boshlab semestrni “a’lo” bahoga (5 yoki reyting balli 86 dan yuqori) tamomlagan talabalarning stipendiyasi bazaviy stipendiyaga nisbatan 20 foizga oshirilgan holda to‘lab kelinmoqda. Hukumat qarori bilan har yili oylik maosh, stipendiya, nafaqa, pensiyalarni belgilash uchun ba’zaviy hisoblash miqdori 10 foizdan oshirib kelinmoqda.

Ushbu stipendiya miqdorining yetarli yoki yetarli emasligini o‘rganish maqsadida bir qancha talabalar bilan suhbatlashdik. Quyida ularning fikrlarini keltirib o‘tamiz.

Umarjon Akramov, 24 yosh

Buxoro davlat universiteti
Xorijiy tillar fakulteti: nemis tili yo‘nalishi talabasi

To‘lov shartnoma asosida o‘qishga qabul qilinganim sababli men stipendiyasiz to‘lov turini tanladim. Stipendiyali to‘lov turini tanlaganimda ham stipendiya yashashimga yetmasdi. Bir oyda taxminan 1 mln so‘m atrofida pul sarflasam kerak. Yotoqxonada turaman, yotoqxona universitet hududida joylashgan shu sababli yo‘lkira uchun deyarli pul sarflamayman.

Ba’zan ko‘chadan tezpishar ovqatlar olib turaman, lekin odatda ovqatni o‘zim yotoqxonada tayyorlayman. Bir oyda oziq-ovqat maxsulotlarini sotib olish uchun 300 ming so‘m atrofida pul sarflayman, ba’zan ko‘proq bo‘lishi mumkin. Kiyimlarimni o‘zim sotib olaman. Mavsumiy kiyim-kechaklarni oldiroq, arzonroq payti sotib olaman. “Qishning g‘amini yozda ye”, – deyishgan dono xalqimiz. O‘quv qurollarim uchun taxminan bir oyda 50 ming so‘m atrofida pul sarflayman.

Hozirda IELTS sertifikatini olish uchun o‘quv kursiga boryapman, bu uchun oyiga 300 ming so‘m to‘lov qilaman. Chet elga sayohat qilish haqida o‘ylab ko‘rmaganman. Bizning sharoitda bu imkonsiz. Agar kimdir tekinga bilet olib beraman desa ham, talabalar bilet o‘rniga uning pulini olishni afzal ko‘rishsa kerak. O‘quv materiallari hamda kitoblarni axborot-resurs markazidan olganim sababli, bularga pul sarflamayman. Bo‘sh vaqtimda yotoqxonadagi “chill zone”lardan foydalanaman. Yotoqxonada tennis, voleybol, futzal maydonlari bor, shaxmat o‘ynash, televizor ko‘rish yoki kompyuterdan foydalanish mumkin. Yaqindan IT sohasiga qiziqa boshladim, endi har kuni ma’lum vaqtni shuni o‘rganishga sarflayapman. Kursdoshlarimiz bilan tez-tez kafelarga borib turamiz.

Barcha talabalar oila a’zolaridan moddiy ko‘mak olib turadi. Oila a’zolarimiz doimo bizni qo‘llab turishadi, chunki, busiz iloji yo‘q. Stipendiya bilan qorin to‘ydirib bo‘lmaydi. Oilamizning ishonchini oqlaymiz deb o‘qiyapmiz, albatta.

Barchinoy Musharrapova, 18 yosh

Jizzax davlat pedogogika instituti
Fizika va astronomiya yo‘nalishi 1-bosqich talabasi

Ismim Barchinoy, 1-bosqich talabasiman. Til o‘rganish, karving va suratga olishga qiziqaman. 517 ming so‘m stipendiya olaman. Oylik xarajatlarimni doimo hisoblab boraman. Yo‘lkira uchun deyarli pul sarflamayman, chunki turar joyim oliygohga yaqin. Ba’zan kech qolsam yoki havo sovuq bo‘lsa, avtobusda borishim mumkin.

Tushlikni o‘zim tayyorlayman. Oziq-ovqatga bir oyda o‘rtacha 350 ming so‘m atrofida pul ishlataman. Kiyim-kechakni ota-onam olib beradi, o‘zim ham olib turaman. Ingliz tilini o‘rganish uchun kurslarga yozilganman,bu uchun 160 ming so‘m to‘lov qilaman. Dam olish uchun musiqa tinglayman, kitob mutolaa qilaman. Faqatgina bayramlarda kursdoshlarim bilan istirohat bog‘iga yoki kafe-restoranlarga boramiz. O‘qishim uchun oilam yordam berib turadi.

Balnura Ilesova, 19 yosh

Toshkent tibbiyot akademiyasi 2-bosqich talabasi

Hozirda 518 ming 480 so‘m stipendiya olaman. Oylik xarajatlarimni doimiy tarzda hisoblab boraman. Tahsil oladigan oliygohim yashash joyimdan uzoqda bo‘lgani uchun yo‘lkira xarajatlari uchun bir oyda taxminan 1 mln 200 – 1 mln 500 ming so‘mgacha pul sarflayman. Tushlikni tamaddixonalardan sotib olaman. Bir oyda ovqatlanish uchun kamida 400-500 ming so‘m pul sarflayman.

Kiyim-kechaklarni ota-onam olib beradi. Bir oyda o‘quv qurollari hamda adabiyotlar uchun 600 ming so‘mgacha pul sarflayman. 8 oydan buyon ingliz tilini o‘rganmoqdaman. Til kursi uchun har oy 660 ming so‘m to’lov qilaman. Ba’zan psixologik hamda tadbirkorlikka oid kurslarni sotb olaman. Ular uchun taxminan 300 ming so‘m atrofida pul ishlataman.

Xorijiy oliygohlar karantin tufayli pullik kurslarini bepul tarqatishmoqda. Shaxsiy rivojlanishim uchun online platformalar orqali “Coursera” kurslaridan bepul foydalanaman. Bo‘sh vaqtlarimda kutubxonaga yoki do‘stlarim bilan birga qahvaxonaga boraman. Dam olish kunlari oilaviy dam olish maskanlariga boramiz. Kino, konsert, teatrlarga deyarli bormayman. Oilam doimiy tarzda meni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlab turadi, chunki xarajatarim ko‘p, o‘zim hech qayerda ishlamayman.

Muazzam Tursunova, 18 yosh

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti 2-bosqich talabasi

Yoshim 18 da. Adabiyot, sotsiologiya, psixologiya, jurnalistikaga qiziqaman. Grantda o‘qiyman, shu sababli 620 minng so‘m stipendiya olaman. xarajatlarimni doimiy tarzda hisoblab boraman. Bir oyda taxminan 1,5 million so‘m sarflayman. Ijarada turadigan uyim o‘qishimga, qo‘shimcha qatnaydigan o‘quv markazimga yaqinligi sababli yo‘lkira uchun ko‘p pul sarflamayman. Tushlikni odatda uyda tayyorlayman. Ertalab kurslarga boradigan kunlarim (haftasiga 3 marta) tushlikni universitet oshxonasida qilaman. Oziq-ovqat uchun bir oyda 500 ming so‘m atrofida pul sarflayman. Kiyim-kechaklarni ota-onam olib berishadi, o‘quv qurollariga 50 ming so‘m atrofida pul sarflayman. Ingliz va turk tillarini o‘rganyapman. Bir oyda ingliz tiliga 400 ming so‘m, turk tili uchun esa 150 ming so‘m to‘lov qilaman.

Sayohat qilish mening sarf-xarajatlarim uchun juda qimmatlik qiladi. Hatto O‘zbekistonning boshqa hududlariga sayohat qilish ham qimmat. Hordiq chiqarish uchun bog‘lar, muzeylar, konsert va teatrlarga borib turaman. Toshkent shahrida hali borib ulgurmagan manzillarim talaygina. Jadval bo‘yicha barchasiga borib chiqyapman. Odatda, bo‘sh vaqtim bo‘lsa, uxlayman. Albatta, oilam moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlab turadi. Koʻrib turganingizdek, mening shunchaki oddiy yashashim uchun 620 ming soʻm urvoq ham boʻlmaydi. Ota-onam kvartira toʻlovi va oziq-ovqatim uchun oyiga 2 marta pul yuborib turishadi.

Nuriddin Qamardinov, 23 yosh

Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti magistranti.

Men IT va tadbirkorlikka qiziqman. Bir qancha loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etib kelyapman. Hozirda dasturchi bo‘lib ishlayman. Men tahsil oladigan oliygohda stipendiya to‘lanmaydi. Oylik xarajatlarimni hisoblab bormayman. Taxminan qancha pul sarflashimni hisoblab ko’rishim mumkin. Bir oyda yo‘lkira uchun metroga 80 ming so‘m, taksiga 300 ming so‘m pul sarflayman. Tushlikni ko‘chadan sotib olaman va bu uchun oyiga 750 ming so‘m atrofida pul ishlataman. Boshqa oziq-ovqatlar uchun oyiga 500 ming so‘m ketadi.

Kiyim-kechaklar sotib olish – mavsumiy xarajat, shuning uchun aniq summa ayta olmayman. IT sohasida ishlaganim sababli o‘quv qurollari sotib olmayman. Kitoblar uchun esa bir oyda 200 ming so‘m atrofida xarajat qilaman, chunki xorijiy tillardagi adabiyotlar qimmat. Qo‘shimcha mashg‘ulotlar men uchun doimiy xarajat talab qilmaydi, faqat ehtiyoj bo‘lganda boraman. Bepul seminar-treninglarda ishtirok etaman.

Bizda yaxshi ish joyiga ega bo‘lganlar ham chet davlatlarga sayohat qilish qobiliyatiga ega emas. Talabalarda boshqa viloyatlarga sayohat qilish imkoniyati ko‘proq. O‘zim ham tez-tez sayohat qilib turaman, bir oyda o‘rtacha 500 ming so‘m sarflayman. Teatr, konsert va pullik tadbirlar uchun bir oyda 200 ming so‘m atrofida ketadi, lekin ma’daniy hordiq uchun doimo vaqt va pul topaman. Kafe va restoranlarga do‘stlarim hamda kursdoshlarim bilan birga boramiz, taxminan 500 ming so‘m atrofida sarflayman. Oilamdan yordam olmayman, chunki xususiy IT kompaniyada ishlayman. Oylik daromadim 8 mln so‘mdan ortiq.

Sirojiddin Buriyev, 24 yosh

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti 4-bosqich talabasi

Bir vaqtining o‘zida ham talaba, ham ishchiman. Kitob o‘qish, musiqa, ilmiy-falsafiy asarlar tahlili, siyosat hamda psixologiyaga qiziqaman. To‘lov-kontrakt shaklining stipendiyasiz ko‘rinishida tahsil olaman. Shunday bo’lishiga qaramasdan, imtihonlarni a’lo bahoga topshirganim uchun oyiga 100 ming so‘mdan ziyodroq stipendiya beriladi. Oylik xarajatlarimni ko‘p ham hisoblab bormayman.

Oyiga transport xarajatlari uchun 600-700 ming so‘m pul sarflayman. Odatda tushlik qilmayman. Kuniga 2 mahal ertalab va kechqurun ovqatlanaman. Ba’zan do‘stlarim bilan tushlik qilishim mumkin. Oliygohga o‘z uyimdan qatnayman. Shuning uchun oziq-ovqat uchun pul sarflamayman. Umumiy hisobda ovqatlanish uchun 200 ming so‘m ketsa kerak. O‘quv qurollari o‘rniga gadjetlardan foydalanaman. Zarurat tug‘ilsa, bir oyda 20 ming so‘m atrofida o’quv qurollari uchun sarflasam kerak.

Ingliz tili kursiga qatnayman, bu uchun oyiga 400 ming so‘m pul to‘layman. Sayohat qilish haqida to‘xtaladigan bo’lsak, talaba 97% holatda qo‘shni viloyatlar yoki chet mamlakatlarga sayohat qilish imkoniyatiga ega emas deb hisoblayman, chunki moddiy qiyinchilik bunga yo‘l qo‘ymaydi. Menimcha, mamlakatimizda 1-2 % gina talabalar yo boy xonadon vakili bo‘lganligi sababli, yo yaxshi ishda ishlaganligi sababligina sayohat qilish imkoniyatiga ega xolos. Hordiq chiqarish uchun kitob o‘qiyman, uxlayman, klassik musiqalarni tinglayman, xorij filmlarini ko‘raman, ba’zida strategiya tipidagi kompyuter o‘yinlarini o‘ynab turaman.

Oila a’zolarim, albatta, so‘ramasam ham, ba’zida moddiy ko‘mak berib turishadi, lekin o‘z xarajatlarimning ko‘p qismini o’zim topishga harakat qilaman. Yaxshi pul topgan paytlarim o‘zimdan orttirib, oilamga ham yordam berib turaman.

Muallif: Ravshan Burxonov