Til o‘rganishmi yoki magistratura? Yana o‘sha IELTS mavzusi trendda

Til bilish, o‘rganish izlanuvchan va o‘z ustida ko‘p izlanuvchi odam uchun katta marralarga erishishga vosita sifatida xizmat qiladi. Inson o‘z ona tilidan boshqa bir qancha tillarni mukammal bilsa, uning fikrlash doirasi va tafakkuri shuncha o‘zgarib, kengayib boradi. Yoshlarning til o‘rganishga qiziqishini oshirish va dunyo miqyosida o‘z fikrini mustaqil bayon eta oladigan komil farzandlar qilib tarbiyalash maqsadida yurtimizda chet tillarini o‘qitish va ommalashtirish borasida ko‘p ishlar bajarilib kelyapti. Talaba yoshlar orasida ham darsdan bo‘sh vaqtlarida til va sertifikat kurslariga qatnaydiganlari talaygina. Avlod Media ana shunday talabalar bilan intervyu tayyorladi. Ularga til kurslarini erkin muloqot uchun o‘rganyapsizmi yoki magistraturaga kirish uchunmi degan savol bilan yuzlandik. Bu savolga talabalar o‘zlarining subyektiv fikrlarini bildirib o‘tishdi.

O‘zbekiston Davlat Jahon tillari Universiteti talabasi Gulsanam Isoqjonova;

“IELTS ga tayyorlanadigan talabalarning ko‘p qismi faqat magistraturaga kirish uchun kurslarga boradi deb o‘ylayman. Bundan tashqari, til bilish talabalar uchun ish topish va ishga kirishga ham ko‘mak beradi”

Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat Pedagogika Univeriteti talabasi Madina Meliboyeva

“Til o‘rganish uchun har qanday talabadan birinchi navbatda xohish va tirishqoqlik talab etiladi. Biror- bir tilni mukammal bilgan yoshlar tengqurlaridan dunyoqarashi va fikrlash doirasi jihatidan bir pog‘ona yuqorida turadi. IELTS til kurslari ham yoshlarni faqat magistratura uchun emas balki, katta hayot davomida yuksak yutuqlarining boshlanishi bo‘lishini xohlar edim”

O‘zbekiston Milliy Universiteti talabasi Shokirova Tursinoy

“O‘zim ham mana ikki yildirki IELTS kurslariga qatnayman. Bu vaqt davomida ko ‘plab xulosalarga ega bo‘lganim uchun bemalol ayta olaman barcha talabalar hozir faqatgina magistratura uchun IELTS o‘qiyapti. Chunki, 2022- yildan boshlab barcha oliy ta‘lim mussasalariga kirish uchun chet tili sertifikati talabi qo‘yildi”

Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat Pedagogika Universiteti talabasi Nomozova Madina

“Mening ham bu borada fikrim barcha talabalar bilan bir xil. Magistratura hozir faqat til bilish darajasiga qarab talabalarni qabul qilyapti. Shuning uchun hamma bor kuchi bilan IELTS o‘qib sertifikat olish ilinjida”

O‘zbekiston Milliy Universiteti talabasi Hakimboyeva Munisa

“Men IELTSni bilim olish va ikkinchi mutaxasislik uchun o‘qiyapman. Kelajakda o‘zim xohlagan darajaga erishish uchun ingliz tili poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Chunki, barcha rejalarimning tarkibida ushbu til asosiy pog‘onani egallayapti”

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-son Farmoni bilan tasdiqlangan davlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga qabul abituriyentning bakalavriat diplom bali o‘rtacha ko‘rsatkichi hamda xorijiy tilni bilish darajasi bo‘yicha tegishli milliy yoki xalqaro sertifikat bali asosida, ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya qilgan holda amalga oshiriladi hamda qo‘shimcha imtihon o‘tkazilmaydi. Davlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga qo‘shimcha qabul parametrlari asosida o‘qishga qabul qilingan abituriyentlarning to‘lov-kontrakt summasi bir talabaga to‘g‘ri keladigan real xarajatlardan kelib chiqib, oliy ta’lim muassasasi tomonidan mustaqil belgilanadi. Magistraturaga qabul qilingan xotin-qizlarning to‘lov-kontrakt pullari davlat hisobidan qoplab beriladi.

Demak, barcha fikr va mulohazalarni o‘rganib chiqqan holda yakuniy xulosamiz shu bo‘ldiki, 80 % talabalar IELTSni magistratura imtihonlari uchun o‘qiyapti, qolgan 20 % talabalar bo‘lsa til o‘rganish, ish topish va o‘z kariyerasiga ega bo‘lish maqsadida ta‘lim olishyapti. To‘g‘ri til bilish darajasi magistraturaga majburiy qilib belgilangani yaxshi bo‘ldi biroq, minglab o‘z sohasini yaxshi o‘qib, o‘rgangan talabalar birgina shu sertifikati yo‘qligi sababli, magistraturaga qabul qilinmasligi ham adolatdan deb o‘ylamaymiz. Bunga misol joriy yilning o‘zida 10 mingdan ortiq magistratura uchun bosh o‘rinlar qolgani sababi esa talabgorlarda til sertifikati yo‘qligi deb ko‘rsatildi. Ammo, bu o‘ta achinarli ko‘rsatkich shuncha o‘rin bosh qolishi aslo yaxshi ish bo‘lmadi. Nima bo‘lgan taqdirda ham talabalardan o‘z ustilarida ko‘p ishlashni va yangi narsalarni kashf qilishdan charchamasliklarini so‘rab qolamiz.