Texnikumlar haqida bilasizmi?

So‘nggi vaqtlarda texnikum so‘zi tez-tez qulog‘imizga chalinib turibdi. Unga qiziqish bildirayotgan abituriyentlar soni ham oshib bormoqda. O‘zi texnikum nima, uning qanday qulayliklari va imtiyozlari bor?

Texnikum – bu professional ta’lim bo‘lib, o‘rta maxsusdan yuqori, oliy ta’limdan past daraja hisoblanadi. Texnikumlarga o‘rta ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar, ya’ni 11-sinf bitiruvchilari qabul qilinadi. 

Texnikumlarda o‘qish davomiyligi kasblar va mutaxassisliklarning murakkabligidan kelib chiqib belgilanadi. O‘qish muddati kollejlardagi kabi kamida 2 yilni tashkil qiladi. Masalan, yuridik texnikumlarida o‘qish davomiyligi 2 yil bo‘lsa, tibbiyot texnikumlarida bu muddat 3 yilni tashkil qiladi.

Texnikumlarda ta’lim kunduzgi, kechki va sirtqi shakllarda, qolaversa, davlat granti va to‘lov-shartnoma asosida amalga oshiriladi.

Texnikumlarning kollejlardan farqi:

Texnikum va kollejlarning asosiy farqi shundaki, kollejlar vazirlik va idoralar huzurida, texnikumlar esa OTMlar huzurida faoliyat yuritadi;

Ikkinchidan, texnikumlarda kadrlash tayyorlash Xalqaro standart tasniflagichning kamida 5-darajasiga, kollejlarda esa 4-darajasiga mos ta’lim dasturlari asosida amalga oshiriladi.

Yana bir muhim farqi shuki, texnikumda o‘rta maxsus ta’lim dasturlarini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar o‘z sohasiga mos bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kirish imtihonlarisiz, yakka tartibdagi suhbat orqali OTMda 2-kursdan o‘qishni davom ettirish huquqiga ega bo‘ladilar. Kollejlarda, afsuski, bunday imtiyoz mavjud emas. 

Texnikumlarda davlat granti asosida ham ta’lim olsa bo‘ladi…

Texnikumlarda davlat granti va to‘lov- shartnoma, hattoki “super-kontrakt” asosida ham ta’lim olsa bo‘ladi. Davlat granti har bir texnikumga turlicha ajratiladi, “super-kontrakt” miqdori esa to‘plangan balldan kelib chiqib belgilanadi.

To‘lov-shartnoma miqdori kunduzgi va sirtqi ta’lim shakllari uchun bir xil. Masalan, yuridik texnikumlarda kontrakt summasi kunduzgi ta’lim shakli uchun ham, sirtqi ta’lim shakli uchun ham 6 997 000 so‘mni tashkil etadi.

Texnikumlar tizimi bo‘yicha qonuniy asoslar…

2019- yil 6-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar” to‘g‘risidagi PF – 5811-son farmoni qabul qilingan. Ushbu farmonda O‘zbekistonning barcha hududlarida jami 143 ta texnikumlarni tashkil etishga alohida e’tibor berilgan bo‘lsa, 2021-yil qabul qilingan PQ – 5241-son qarorida esa ushbu texnikumlarga qo‘shimcha ravishda yana 24 ta texnikum tashkil etish hamda ushbu ta’lim tizimini rivojlantirish bo‘yicha bir qator masalalar aks ettirilgan. 

Texnikumlardagi dars jarayonlari yanada yaxshilash va ushbu tizimni rivojlantirish uchun nimalar qilish kerakligi haqida texnikum talabalari o‘rtasida ijtimoiy so‘rovnoma o‘tkazdik.

Mohinur, 18 yosh

“Texnikumdagi dars jarayonlari menga juda yoqadi. Hozirda sud va huquqiy faoliyat yo‘nalishida tahsil olayotganim sababli, sud jarayonlarida to‘g‘ridan to‘g‘ri qatnashmoqdaman, lekin bu yetarli emas. Men xohlardimki, texnikumlar yanada ko‘proq amaliyotga bog‘lansa! Har bir olayotgan nazariy bilimlarimizni amaliyotda sinab ko‘rsak, bizdan yaxshi kadrlar yetishib chiqadi”.

Bekzod, 22 yosh

“Rostini aytsam, oliy ta’limga yo‘llanma olish uchun texnikumga o’qishga kirganman. Avvaliga darslar va u yerdagi tizim juda zerikarlidek tuyildi, amaliyotga chiqa boshlaganimdan keyin esa qiziqishim oshib bormoqda. Negadir hali ham “texnikumga 2 yil vaqtimni sarflagandan ko`ra, 1 yil tayyorlov kurslariga borishim kerak edi”, deb hisoblayman, chunki hamma ham OTMlarga suhbat asosida qabul qilinish imkoniyatini qo‘lga kiritolmaydi. Buning uchun faqat a’lo baholarga o‘qish kerak, qolaversa, hududlarda bizniki kabi o‘nlab texnikumlar mavjud”.

Muallif: Muxlisa Mamajonova