Ta’lim oluvchilarning huquq va majburiyatlari

O‘zbekiston Respubliksi “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunga asosan, O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari ta’lim olish huquqiga ega.

5-modda. Ta’lim olish huquqi

Jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeyidan qat’i nazar, har kimga ta’lim olish uchun teng huquqlar kafolatlanadi.

Demak, ta’lim oluvchi har qanday yosh toifasidagi shaxs bo‘lishi mumkin. Ta’lim oluvchining yoshi chegaralanmagan. Faqat xohish bo‘lsa shuning o‘zi kifoya qiladi.

Ta’lim oluvchining quyidagi huquqlari mavjud:  

47-modda. Ta’lim oluvchilarning huquqlari

  • bepul asosda umumiy o‘rta, o‘rta maxsus ta’lim va boshlang‘ich professional ta’lim olish;
  • yashash joyidagi (mikrohududdagi) davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasasiga qabul qilinish;
  • ta’lim olish shakllarini erkin tanlash;
  • davlat ta’lim standartlari, davlat ta’lim talablari va o‘quv dasturlariga muvofiq sifatli ta’lim olish;
  • ta’lim olish uchun o‘zining ruhiy xususiyatlari va fiziologik rivojlanishini inobatga olingan holda zarur shart-sharoitlarga ega bo‘lish, shuningdek bepul psixologik-tibbiy xizmatlardan foydalanish;
  • davlat ta’lim muassasasi tomonidan belgilangan tartibga muvofiq, professional ta’lim va oliy ta’limning davlat ta’lim standartlari talablariga binoan ishlab chiqilgan, o‘zi oladigan ta’limning mazmunini shakllantirishda ishtirok etish;
  • pedagog xodimlar va ta’lim-tarbiya jarayonining boshqa ishtirokchilari tomonidan hayoti va sog‘lig‘iga qilinadigan har qanday jismoniy hamda ruhiy zo‘ravonlikdan, shaxsi haqoratlanishidan himoyalanish;
  • ta’lim olish davrida dam olish va boshqa ijtimoiy ehtiyojlar uchun ta’tillar olish;
  • akademik ta’tillar va stipendiyalar olish, o‘qishni tiklash va o‘qishini boshqa ta’lim tashkilotlariga, bir ta’lim shaklidan, kasbdan, ta’lim yo‘nalishidan, mutaxassisligidan boshqasiga ko‘chirish;
  • ta’lim tashkilotini boshqarishga doir masalalarni muhokama qilishda ishtirok etish;
  • ta’lim olish jarayonida ta’lim tashkilotining o‘quv, uslubiy, ilmiy-ishlab chiqarish, madaniy, sport va maishiy obyektlari xizmatlaridan bepul foydalanish;
  • ta’lim tashkilotining ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik, ilmiy-texnikaviy, eksperimental va innovatsion faoliyatida ishtirok etish.
  • Ta’lim oluvchilar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

Ta’lim tashkilotlarida ta’lim oluvchilarni ta’lim olish bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb etish taqiqlanadi.

Bundan tashqari ta’lim oluvchilarning majburiyatlari ham bor bo ‘lib ularning har biriga ta’lim oluvchi shaxs roya etishi talab qilinadi. Keling ular bilan tanishamiz.

“Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun. Ta’lim oluvchilarning majburiyatlari

48-modda. Ta’lim oluvchilar:

  • o‘quv dasturlari asosida bilim, malaka va ko‘nikmalarni o‘zlashtirishi, mashg‘ulotlarga qatnashishi, ularga mustaqil tayyorgarlik ko‘rishi, pedagog xodimlarning topshiriqlarini bajarishi;
  • ta’lim-tarbiya jarayonining boshqa ishtirokchilariga nisbatan jismoniy va (yoki) ruhiy zo‘ravonlik ishlatmasligi va ularning o‘z majburiyatlarini bajarishiga to‘sqinlik qilmasligi;
  • ustav (ta’sis hujjati) talablariga, ichki tartib-qoidalariga, vaqtincha yashash joylari qoidalariga va ta’lim faoliyatini tashkil etish hamda amalga oshirishga oid boshqa ichki hujjatlar talablariga rioya etishi;
  • axloqiy, ma’naviy va jismoniy kamol topishga hamda o‘z dunyoqarashini kengaytirishga intilishi;
  • ta’lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilarining sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘sini hurmat qilishi;
  • ta’lim tashkilotining mol-mulkini, moddiy va madaniy boyliklarini asrashi shart.

Avlod Media ushbu maqola davomida ta’lim oluvchilar ya’ni talabalar, o‘quvchilar, magistrantlarga o‘zlarining huquqlari va majburiyatlar haqida atroflicha ma’lumot berishga harakat qildi. «Ta’lim to’g’risida»gi qonunning to‘liq qismini havola orqali o‘qishingiz mumkin.