Ta’lim grandida o’qigan talabalarga 3 yil ishlab berish talabi bekor qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida oliy ta’lim yo‘nalishlarini optimallashtirish, qabul va malaka tizimlarini takomillashtirish bo‘yicha o‘tkazilgan taqdimot davomida belgilab berilgan vazifalar mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida matbuot anjumani o’tazildi.

Anjuman jarayonida ta’lim sohasiga tubdan yangi o’zgarishlar va yangi tizimlar tartibi joriy qilish bo’yicha bir qator yangi ma’lumotlar taqdim etildi. Unga ko’ra:

Endilikda ta’lim grandi asosida o‘qishga qabul qilingan talabalarning majburiy ishlab berish bo‘yicha belgilangan tartibi bekor qilinadi. Bundan tashqari anjuman davomida bir qator yangi o‘zgarishlar taklif qilindi.   

Oliygohlarga o‘qishga qabul qilish jarayonlari bo‘yicha quyidagilar:

  • o‘qishga kirish uchun minimal o‘tish bali 2 bosqichda oshirilib, sog‘liqni saqlash, huquq, biznes va boshqaruv yo‘nalishlari uchun – 94,5 ball, boshqa yo‘nalishlar uchun – 75,6 ball etib belgilanadi (amalda barcha yo‘nalishlar uchun – 56,7 ball);
  • davlat granti talabalar uchun ta’lim granti va ijtimoiy-rag‘batlantiruvchi grant shaklida ajratiladi. Bunda:
  •  ta’lim granti – talabalarga bir o‘quv yili uchun ajratiladi hamda 1-kursda o‘qishga kirish natijalari bo‘yicha, 2-kursdan boshlab reyting ko‘rsatkichlari bo‘yicha eng yuqori ball to‘plagan talabalarga ajratiladi;
  •  ijtimoiy-rag‘batlantiruvchi grant – maqsadli qabul va imtiyoz asosida qabul qilingan talabalarga butun o‘qish davri uchun beriladi;
  •  ta’lim granti asosida tahsil olgan talabalarning o‘qishni tugatgandan so‘ng 3 yil ishlab berish majburiyati bekor qilinadi;
  • sirtqi ta’lim shakli uchun kvotalarni kunduzgi ta’lim shakli uchun ajratilgan kvotadan oshirmaslik belgilanadi.

Anjumanda qayd etilganidek, sirtqi ta’lim shakli bosqichma-bosqich masofaviy ta’lim shaklini kengaytirish va uzaytirilgan ta’lim shaklini joriy etish orqali tugatiladi. Ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishlarda kvotalar qisqartiriladi, bu yo‘nalishlarda talabalar qabul qilishni kamaytirilib, bo‘shagan kvotalarni muhandislik, tibbiyot, aniq va tabiiy fanlarga o‘tkazish taklifi bildirildi.

Maqola muallifi:

Jayron Berdiyeva