Talabalarning bir oylik stipendiyasi qancha muddatga yetadi?

Stipendiya o‘zi nima? Stipendiya – bu talabalarga ta’lim olish uchun beriladigan moliyaviy yordam shakli. O‘ylab ko‘ring, talabalarning hozirgi olayotgan stipendiyasi ularning oylik xarajatlarini qoplaydimi? Keling, shu savolga javobni kengroq izohlaymiz. Stipendiya talabalar uchun bir oylik oziq-ovqatini qoplashi kerak bo‘lgan mablag‘ bo‘lsinmi? Qo‘shimcha shaxsiy narsalar xarid qilishi uchun kerakli pul bo‘lsinmi? Darsdan tashqari o‘quv kurslariga yetsinmi? Yotoqxona yoki kvartira ijarasi uchun yetarli mablag’ bo‘lsinmi? Shu kabi yana boshqa bir qancha ko‘p muammolarni sanash mumkin. Ammo, bulardan foyda yo‘q chunki, stipendiya miqdori ancha kam va barcha xarajatlarni qoplashga umuman yetmaydi.

Avlod Media bu muammolarga oydinlik kiritish maqsadida ushbu savollar bilan talabalarga yuzlandi. Aksariyat, talabalar stipendiyaning kamligi va oddiy oziq-ovqat xarajatlariga yetmasligini ham ta’kidlashdi. Ular stipendiyani 2 hafta, 2 kun, 1 hafta, 3 – 4 kun, uzog‘i 15-20 kunga yetadi deb aytishdi. E’tibor bergan bo‘lsangiz, ko‘rsatkichlar yaxshi emas. Keling, misol tariqasida uzoqdan emas qo‘shni Qozog‘iston Respublikasidagi talabalar va o‘zimizning talabalar qancha stipendiya olishini solishtirib ko‘ramiz. Qozog‘istonda talabalar 2023-yil holatiga ko‘ra, pedagogika va sog‘liqni saqlash yo‘nalishlari uchun – 67 200 tenge (1 mln 777 ming) oliy o‘quv yurtlarining barchasi uchun (sog‘liqni saqlash va pedagogika bundan mustasno) – 41 898 tenge (1 mln 108 ming so‘m) texnik va kasb-hunar ta’limi dasturlarida o‘qiyotganlar uchun – 32 681 tenge (864 ming so‘m) magistratura talabalari uchun – 94 024 tenge (2 mln 486 ming so‘m) etib belgilangan. O‘zimizda bo‘lsa, talabalar uchun bazaviy stipendiya miqdori 517 ming 880 so‘mni tashkil etadi. ‘Alo’ o‘zlashtirish ko‘rsatkichiga ega bo‘lgan talabalar uchun esa 621 ming 456 so‘m miqdorda beriladi.

Oliy ta’lim vazirligining qarori bilan 2022-2023 o‘quv yilida davlat Oliy ta’lim muassasalarida barcha bosqich talabalari uchun to‘lov-kontrakt miqdori oshirilmaydigan bo‘ldi. Biroq, shu yilning dekabr oyidan ish haqi va nafaqalar miqdori oshirildi. To‘lov- kontrakt miqdori oshirilmaganligi sabab, talabalar uchun stipendiyalar oshirilmaydigan bo‘ldi. Ammo, ko‘pchilik talabalar stipendiyaning oshirilishini kutgan edilar. Talabalarning eng katta ehtiyoj va muammolarining yechimi moddiy tarafga, stipendiyaga borib taqaladi, shu sababli talabalar uchun eng katta yordam ularni moddiy qo‘llab-quvvatlashdir.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining qarori bilan to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olish uchun talabalarga ularning o‘z xohishlariga ko‘ra, kontrakt qiymatini stipendiyali yoki stipendiyasiz shaklda to‘lash tartibi joriy etilganligi, bunda stipendiyali to‘lov-kontraktlar tarkibida bazaviy stipendiya miqdorining yillik summasi nazarda tutilganligi keltirilgan. O‘quv semestri yakuni bo‘yicha fanlardan o‘zlashtirish ko‘rsatkichlarining 30 foiz va undan ortiq qismi “qoniqarli” baho (reyting ko‘rsatkichi — 71 balldan kam) bo‘lgan davlat granti asosida ta’lim olayotgan talabalarga navbatdagi o‘quv semestri mobaynida stipendiya tayinlamaslik qarorda alohida ta’kidlagan. To‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan 1 va 2-guruh nogironligi bo‘lgan hamda to‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar sirasiga kiruvchi talabalarga stipendiya to‘lovlarini O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi. Oliy ta’lim muassasalarida stipendiya to‘lovlari uchun rejalashtirilgan budjet mablag‘lariga nisbatan 10 foiz hamda to‘lov-kontrakt bo‘yicha rejalashtirilgan tushumlarning 2 foiz miqdoridagi mablag‘lar hisobiga talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasi tomonidan tashkil etiladi. Alohida qobiliyat va iqtidor egasi bo‘lgan, jamoat ishlarida faol, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan barcha talabalarni belgilangan stipendiyalarga nisbatan Jamg‘arma hisobidan qo‘shimcha ravishda 50 foizgacha miqdorda rag‘batlantiriladi. Jamg‘arma mablag‘lari hisobiga oliy ta’lim muassasasida davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan alohida iqtidorga ega, xalqaro, respublika va oliy ta’lim miqyosida o‘tkazilgan fan olimpiadalari va sport musobaqalari g‘oliblari, shuningdek, oliy ta’lim muassasasi kengashi tomonidan belgilangan mezonlarga muvofiq alohida hollarda (kasalligi yoki oila a’zolarining vafoti kabi) talabalarga bazaviy stipendiyaga nisbatan 10 baravargacha miqdorda bo‘lgan bir martalik rag‘batlantirish yoki moddiy yordam to‘lovi joriy etilgan.