Talabalar Poliklinikalari faoliyati qachon yaxshilanadi?

Talabalar poliklinikalari – turli xil xizmatlar va imkoniyatlarni taklif etadi. Poliklinikalarning asosiy maqsadi talaba yoshlarning salomatligini saqlash va ular orasida turli xil yuqumli kasalliklarning tarqalishini oldini olishdan iborat. Jumladan;

1 Tibbiy maslahatlar – turli kasalliklarni davolash va tashxislash uchun klinikadagi shifokorlarning tibbiy yordami.

2 Profilaktik ko‘riklar – talabalar poliklinikalarida majburiy tibbiy ko‘riklar mavjud bo‘lib, xususan, ko‘rish, eshitish, audiometriya, qon bosimini o‘lchash, uzi, rentgen va boshqa ko‘plab tahlillar bor.

3 Emlash – talabalar klinikalarida gripp, qizilcha, qizamiq, va boshqa turli infeksiyalarga qarshi emlaydi va kasalliklardan himoya qiladi.

4 Dori – darmonlar – talabalar dori-darmonlar uchun retseptlar olishlari va ularni klinika ichida joylashgan dorixonadan sotib olishlari mumkin.

5 To‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha maslahatlar – talabalar sog‘liqni saqlash klinikalari o‘quvchilariga jismoniy va hissiy farovonlikni saqlash uchun sog‘lom ovqatlanish bo‘yicha maslahat ham berishlari mumkin.

6 Psixologik yordam – ko‘pchilik shifokorlar klinikalarda talabalarga stress, depressya, tashvish va boshqa psixologik muammolarni yengishga yordam beradigan psixologlar va maslahatchilar mavjud.

7 Giyohvandlikni davolash – talabalar uchun ba’zi klinikalar giyohvandlik, spirtli ichimliklar va boshqa giyohvandliklarni davolash dasturlarini ham amalga oshiriladi.

Avlod Media talabalar poliklinikalarining faoliyatini baholash maqsadida talabalardan intervyu oldi. Afsuski, ularning ko‘pchilik qismi polikliniklar faoliyatini salbiy baholashdi. Talabalarning aksariyat qismi kliniklardagi xizmat ko‘rsatish sifatini yomon ahvolda deb aytishdi. Keling, undan ko‘ra barcha fikrlarga batafsil to‘xtalamiz;

O‘zbekiston Milliy Universiteti talabasi Bobonazarova Mohlaroyim

“Talabalar shaharchasidagi talabalar poliklinikasi studentlar va shu atrofdagi aholiga ham xizmat ko‘rsatadi. Lekin ularning ishlash sifati meni uncha qoniqtirmaydi. Birinchidan, ayrim paytlar tibbiy ko‘rik vaqtida tashqarida juda ko‘plab navbat kutishlar bo‘ladi. Buning asosiy sababi, shifokor kechga qolishi yoki xodimlar yetishmovchiligi bo‘lsa kerak deb ko‘z yumamiz. Ikkinchidan, poliklinikadagi ba‘zi xodimlarning muomalasi yaxshi emas. Xuddi, kasal bo‘lib ularning oldiga borganimiz uchun biz aybdordek. Axir ularning ishi kasallarni davolash emasmi? yana nimaga bunday qilishadi hech anglolmayman. Uchinchidan, shu yili o‘rtog‘im kasal bo‘lib qolgan edi. Poliklinikaga borsak bizni ko‘radigan shifokor yo‘qligini aytishdi. Nega yo‘q? Qachon keladi? Biz nima qilaylik? kabi savollarimizga “Bilmayman, doktor yo‘q, kelmadi” singari javoblar oldik va bizga e’tibor ham berishmadi. Shundan buyon biz o‘zimizning poliklinikamiz bo‘la turib boshqa joydagi poliklinikalarga yoki pul to‘lab xususiy markazlarga boradigan bo‘ldik”

O‘zbekiston Milliy Universiteti talabasi Ahmedova Sabina

“Birinchi kurs paytimizda majburiy ko‘rikdan o‘tkazish bo‘lgan shunda barchamiz borib tekshiruvdan o‘tganmiz. Ayrim shifokorlar haqiqatdan ham hamma joyimizni tekshirib keyin natijalar yozishsa, ayrimlari xatto tekshirib ham o‘tirmasdan “Yaxshimisiz axir?” degan savoliga “Yaxshi” desak shunday yozib ham beraverishgan. Bundan tashqari, ertalab soat 8:00 dan ish vaqti bo‘lsa, shifokorlar 9 yoki10 larga qarab ishga kelishadi”

O‘zbekiston Milliy Universiteti talabasi Olimova Dildora

“Talabalar poliklinikasiga meni ham bir marta ishim tushgan, ishini qilishadi ammo qoniqarsiz. Jarrohga borganman tirnog‘im og‘riganligi sababli, tekshirishgan va olib tashlash kerak bo‘lgan biroq chala olishgan, og‘riq kuchli bo‘lganligi sababli, keyin men yana boshqa shifokorga borib ko‘rinishga va boshqatdan oldirishga majbur bo‘lganman. Ishini chala qilishadi nomiga hammasi. Talabalar uchun tibbiy ko ‘riklar mavsumlari boshlanganda navbat kutishlar juda ham ko‘payib ketadi. Bu eng asosiy salbiy tomoni deb o‘ylayman. Menga aynan mana shu taraflari yoqmagan”

O‘zbekiston Milliy Universiteti talabasi Rahimova Aziza

“Talabalar poliklinikasiga 2 – 3 marta ishim tushgan shifokorlarni tavsiyasi foyda bergan lekin 1- kurslarni roʻyxatdan oʻtkazish va jismoniy tarbiya darsi uchun medosmotr tayyorlash jarayoni yaxshi emas barcha talabalar bir vaqtda poliklinikaga yigʻiladi koʻrikdan oʻtguncha 1 – 2 oy vaqt shu bilan oʻtadi va mening poliklinikadagi hujjatimni ham yoʻqotib qoʻyishganligini ham hisobga olish kerak qachonki koʻrikka borsam yangi tayyorlashimga toʻgʻri kelyapti’’

Shunday qilib, ko‘p talabalar klinikalar faoliyati yaxshi bo‘lmaganligi uchun kasal bo‘lishsa tez yordamga murojaat qilishlarini yoki boshqa xususiy kasalxonalarga borishlarini alohida ta’kidlashdi. Ammo bu holat talabalar uchun bepul poliklinikalar bo‘la turib, boshqa pullik klinikalarga borish ular uchun ikki hissa og‘irlik tug‘diradi. Umid qilamizki, yaqin yillar ichida xizmatlar sifat ham yaxshilanib, hech qaysi yosh talabamiz e’tibordan chetda qolmaydi.