Talabalar darslar sifatini qanday baholaydilar?

Oliy ta’lim muassasalari kredit-modul tizimiga o‘tganidan keyin ularga moliyaviy va ichki-tartib qoidalar uchun bir qator mustaqilliklar berildi. Darslar vaqti, sifati va o‘qituvchilarning malakasi kabi bir qancha talablar qo‘yildi. Darslarning sifati, talabalarning darsga kelishi va qatnashishini nazorat qiluvchi bo‘lim mavjud bo‘lib, u har bir fakultet uchun alohida qilingan. Darslar sifati ko‘pincha quyidagi mezonlarga asoslanib aniqlanadi:

1 Talabalar tomonidan o‘quv materialini tushunish va o‘zlashtirish – darsda professor o‘qituvchi tomonidan taqdim etilgan materiallarni qay darajada tushunish va o‘zlashtirishlar;

2 Talabalarning motivatsiyasi va faolligi – talabalarning darsga bo‘lgan qiziqishi, ishtiyoqi va faolligi dars sifatini ham ko‘rsatadi;

3 O‘quv natijalar – testlar, topshiriqlar, loyihalar va imtihonlar kabi rasmiy va norasmiy baholash usullaridan foydalanish talabalarning materialni o‘zlashtirishdagi muvaffaqiyatini aniqlashga yordam beradi;

4 Professor o‘qituvchining ishi – dars sifatiga o‘qitish metodlari, o‘qitishga yondashuvlar, jumladan, darsni tashkil etish, resurslar va o‘quv qurollaridan foydalanish ham tas’ir ko‘rsatadi;

5 Talabalarning fikr va mulohazalari – talabalar ko‘pincha darsning o‘zlariga yoqadigan va yoqtirmaydigan narsalari haqida qimmatli ma’lumotlarni taqdim etishadi, bundan dars sifatini yanada oshirishda foydalanish mumkin.

Avlod Media darslar sifatini aynan talabalarning o‘zidan bilib olishga qaror qildi va ular bilan qiziqarli intervyular tayyorladi. Intervyuda O‘zbekiston Milliy Universiteti, Jahon Iqtisodiyoti va Diplomatiya Universiteti va O‘zbekiston Davlat Jahon tillari Universitetlarida tahsil oluvchi talabalar ishtirok etdi. Fikrlar qanday bo‘lganini esa hozir batafsil bilib olasiz.

O‘zbekiston Milliy Universiteti talabasi Ergasheva Shahzoda

“Men o‘qiydigan gruppada 60 dan ko‘p 70 ga yaqin talaba tahsil oladi. Bizda leksiya va seminar darslari ham birgalikda bo‘ladi hech qaysi biri bo‘linmaydi. Ma’ruza darslari qanday o‘tilsa, seminar ham shunday o‘tiladi. Talabalar soni ko‘pligi sababli, professorlar talabalarning ism va familiyalarni ham eslab qola olmaydi va xatto-ki tanimaydi ham. Baholash vaqtida ham adashib birovning bahosini boshqaga qo‘yish holatlari ham ko‘p uchraydi. O‘qituvchining ovozi deyarli keyingi partalarga yetib ham kelmaydi. Seminar paytida bo‘lsa o‘qituvchi hamma bilan ishlay olmaydi. Talaba o‘z tushunchasini o‘qituvchiga yaxshi yetkazolmaydi xuddi, leksiya darsiga o‘xshab qoladi. Bizning universitet kredit-modul tizimiga o‘tkazilgan ammo, kredit tizimi ishlaydi, modul esa yo‘q. Shu sababli, bizga fan tanlash yoki o‘qituvchini tanlash, yoki bu o‘qituvchini rad qilish degan narsalar bo‘lmaydi. Biroq bitta nb bo‘lsa ham atrabotka qilish hemis tizimida bu narsalar bor. O‘qituvchi tanlash degan narsa, qayta topshirish degan narsa bo‘ladi-yu, lekin u ham kam holatlarda. Tushunishim bo‘yicha qachonki, talaba nblar soni ko‘payib qizilga kirsa o‘sha payti atrabotka qilishi kerak, ammo bizda bitta nb uchun ham atrabotka olishadi. Xohishga ko‘ra o‘qituvchi tanlash yo‘q ammo agarda qaysidir fandan yiqilsa, pulini to‘lab qayta topshiradi. Professor o‘qituvchilar yaxshi bitta ikkitasini aytmaganda, yaxshi dars o‘tishadi. Ko‘ngil to‘ladi ammo seminar payti bo‘linmaslik tarafini aytmaganda, xuddi bir patokday darslar o‘tilishi faqat shu tomoni yaxshi emas”

O‘zbekiston Davlat Jahon tillari Universiteti talabasi Annamuratova Sohiba

“Bizda o‘qituvchilar yaxshi, sertifikatlarga ega bo‘lganligi bilan darslar uncha sifatli o‘tilmaydi. To‘g‘ri professorlarning yuqori darajasi bo‘lgani bilan talabani qiziqtirib dars olib borishni bilmaydi. Mening fikrim shunaqa ammo imtihonlar o‘z vaqtida tashkil etiladi”

Jahon Iqtisodiyoti va Diplomatiya Universiteti talabasi Safarova Muxlisa

“Bizda darslar sifati va talabi boshqa universitetlarga qaraganda ancha yuqori. Shu sababli, talabalar va professor o‘qituvchilar ham darsga puhta tayyorgarlik ko‘rib kelishadi. Dars jarayonlari o‘z vaqtida boshlanadi va juda sifatli tashkil etiladi”

O‘zbekiston Milliy Universiteti talabasi Buranova Gulchehra

“Darslar sifati haqida gapiradigan bo‘lsam darslar yaxshi bo‘lar edi. Qachonki, o‘qituvchilar o‘z hayoti va ko‘rgan – kechirganlarini gapirishdan to‘xtab, darsga ham e‘tibor berishganida. Yangi metodlardan foydalanayotgan o‘qituvchilarning darslari juda qiziqarli bo‘ladi. Ammo, eski davr texnikasi bilan dars o‘tayotgan o‘qituvchilarga esa bunaqa deb bo‘lmaydi”

Ko‘rib turganingizdek, talabalar o‘zlarining dars jarayonlaridan kelib chiqib fikr bildirishdi. Shunday ekan, har qaysi oliy ta’lim muassasasidagi darslar sifatini talabalar fikri ochiq-oydin ko‘rsatib turibdi. Darslarni sifatli qilib tashkil etish ko‘proq o‘qituvchining zimmasida biroq universitet rahbariyati ham bunga texnika va auditoriya taraflama yordami zarur bo‘ladi. Zamonaviy texnologiyalar orqali dars o‘tilganda talaba yoshlarning darsga e’tiborini tortish oson va samarali bo‘ladi. Bu zamon va davr talabi 21 asr intelektual g‘oyalar va zamonaviy rivojlanish hamda texnika asri bo‘lgani buning yaqqol misoli bo‘ladi. Talaba dars davomida o‘ziga notanish bo‘lgan ma’lumotni kreativ va qiziqarli uslubda olsa shunda uning darsga va o‘qishga bo‘lgan qiziqishi ortadi. Bir safar dars va amaliy mashg‘ulotlar kreativ va noodatiy tarzda tashkil etilsa, keyingi safar talabalar darsga o‘qituvchidan oldin kelib, o‘tirishadi. Avlod Media bu masalaga hali yana kengroq va kattaroq maqola bilan qaytadi.