Toshkent pediatriya tibbiyot instituti — talabalar nigohida

«Tibbiyot institutida talaba bo‘lish – stress va ochlik degani. Bizda doimiy stress va biz doimo ochmiz» – Toshkent pediatriya tibbiyot instituti talabalarining kundalik hayoti haqida yettita hikoya.

Otabek Qosimov, «Pediatriya» fakulteti bitiruvchisi:

ToshPTIga oilaviy an’anaga ko‘ra o‘qishga kirdim: bu yerda bobom, otam, akam va boshqa qarindoshlarim o‘qishgan.

Talabalar hayotini filmlardagidek tasavvur qilgan edim: o‘qish, qattiqqo‘l o‘qituvchilar, tonnalab kitoblar, turli ziyofatlar va ko‘plab yangi do‘stlar.

Albatta, men kosmik ta’limga umid qilmagandim, lekin ta’lim muassasasi mening kutganlarimni oqladi. Kerakli bo‘lgan va tibbiyotdan tashqari bilimlarni ham oldim.

Bu yerda ijobiy va salbiy tomonlar ham bor, lekin ijobiysi ko‘proq. To‘g‘ri, men o‘qigan davrda mutaxassislik fanlaridan dars soatlari yetarli emas edi. Hozirgi kunda bu ikkinchi darajali fanlar soatini qisqartirish yo‘li bilan tuzatildi.

Kontrakt puli o‘zini oqlaydi, kerakli bilimlar beriladi, biroq talaba o’z ustida ishlashi kerak.

Institut ichidagi hayotga qiziqmadim. Bularning barchasi men uchun syurpriz bo‘lishini istadim. Umuman olganda, mamnunman. Biz darsdan keyin do‘stlarim bilan uchrashib, turli tadbirlar va kechalar o‘tkazardik. Imtihonlar davrida esa barchamiz birlashib, «shpargalkalar» bilan bir-birimizga yordam berardik.

Tibbiyot institutidagi talabalik hayoti dastlab stress va mehnatdir, keyinchalik esa siz bunga ko‘nikasiz va undan zavq ola boshlaysiz.

Aniqroq aytadigan bo‘lsam, ToshPTIda talabasi bo‘lish – institut binosiga kirishdan oldin galstuk taqish, ma’ruzalar payti tibbiyot bosh kiyimlari, Erkin Atabayevichning dahshatli darslari, ko‘plab qiziqarli fanlar, stressli imtihonlar va sessiyadan keyingi cheksiz quvonch hissi.

«Davolash ishi» fakulteti bitiruvchisi:

Men butun hayotim davomida shifokor bo‘lishni orzu qilganman, chunki bolaligimdan onamga havas qilardim, uning bemorlar va ishiga bo‘lgan munosabati meniruhlantirardi . Men 7-sinfdan boshlab tayyorgarlik ko‘rishni boshladim, o‘qishga kiraman va hayotim tubdan o‘zgaradi deb o‘ylardim.

Umidlarim katta edi! Onam har doim tibbiyot yo‘nalishida o‘qish qiyin, qiziqarli va ba’zan qo‘rqinchli deb ta’riflab berardi. Jasadlarda amaliy o‘rganamiz deb tasavvur qilardim, lekin biz birinchi kursda o‘qigan mutaxassislik fanlarimiz «Tasavvur qiling» degan so‘zlar bilan boshlanardi.

Biz shu tariqa tassavur qilib juda zerikarli ma’ruzalarga borishni davom ettirdik. Seminarlar kichik xonalarda bo‘lib o‘tardi va sharoitlar, yumshoq qilib aytganda, dahshatli edi.

Qiziqarli o‘qituvchilar faqat to‘rtinchi kursga kelibgina paydo bo‘lishdi, ammo yana bir muammo bor edi. Bizning dasturimiz tanani a’zolarga emas, balki tizimlarga ko‘ra o‘rganish uchun mo‘ljallangan, shu sababli amaliyot boshlanguncha, siz anatomiyani unutib bo‘lasiz. Barcha o‘qituvchilar ham buni tushunishmaydi va «Sen yomon shifokor bo‘lasan, chunki o‘qimagansan» degan gaplar boshlanadi.

Bahs-munozaralarda o‘qituvchilar talabalarni bo‘g‘ishga harakat qilishardi. Agar qo‘rqmasangiz, tortishishingiz va haqligingizni isbotlashingiz mumkin, lekin ko‘pchilik bundan qo‘rqardi, chunki baholar o‘qituvchining munosabatiga va, albatta, stipendiyaga bog‘liq edi.

Hozir qanday ekanligini bilmayman, lekin men o‘qigan vaqtda besh qo‘yishni yoqtirishmasdi. Bizda 100 ballik tizim, va 5 olish uchun siz kamida 86 ball to‘plashingiz kerak, bizga esa 85 ball qo‘yishardi va juda kamdan-kam hollarda 86 ball, lekin undan yuqori bo‘lmasdi. Mavzuni biladigan talabani nega qiynash kerakligini sira tushunmayman.

Yodimda, guruhimizda juda aqlli bir bola bo‘lgan. U barcha fanlarni o‘z bilimi bilan yopishi mumkin edi, lekin pul bermaguncha a’lo baho qo’ymaydigan o‘qituvchi ham bor edi. Shuning uchun «korrupsiya yo‘q edi» deb ayta olmayman.

Qayerga o‘qishga kirganini tushunmagan talabalar ham ko‘p edi. Shunday tariqa bilimsiz shifokorlar paydo bo‘ladi.

Men o‘zbek guruhida o‘qiganman, negadir bizning guruhlarni nazarga ilishmasdi. Barcha ijtimoiy tadbirlar rus guruhlari bilan o‘tkazilardi. Bir vaziyat bo‘lgan: Rossiya oliy o‘quv yurtlariga grantlar tanlovi o‘tkazilganda dekanat bu haqida hatto bizni ogohlantirmagan ham.

Talabalar o‘rtasidagi munosabatlar iyerarxiya sifatida shakllangandi. Rus va o‘zbek guruhlar bir-biriga yaqinlashishmasdi, bizni nazarga ilishmasdi. Nafaqat talabalar, balki o‘qituvchilar ham bizni ajratishardi.

Agar hozir tanlash imkonim bo‘lganda, ToshPTIga topshirmagan bo‘lardim. Yevropa universitetlaridan biri yoki shunday universitetlarning bizdagi filialini tanlardim.

ToshPTIda esa hamma narsani o‘zgartirardim. O‘qituvchilarning bir qismini almashtirardim, ta’lim dasturini qayta ko‘rib chiqardim, tibbiyot kiyimiga ehtiyoj bo‘lmagan fanlarda, masalan, jarrohlikdan tashqari, falsafa, tarix va hatto uchinchi kursgacha o‘tilgan mutaxassislik fanlaridagi ma’ruzalarda bosh kiyimlarni bekor qilardim. Bosh kiyim yo‘qligi uchun baholar pasaytirilardi yoki umuman darsda yo‘q deb belgilanardi. Va yana umumiy tarix soatlari sonini qisqartirib, o‘rniga tibbiyot tarixini qo‘shardim.

Afsuski, institut yetarli bilimni bermaydi. Agar o‘zingiz mustaqil o‘qimasangiz, unda siz hech kimsiz va hech narsaga yaramaysiz. Har bir yangi o‘qituvchi sizga ahmoq ekanligingizni aytadi.

Biz transformatsiya davrida, hamma narsa, hatto ta’lim dasturi o‘zgarayotgan paytda o‘qidik. Men institutni qanday qilib bitirganimizni va ordinatura yoki magistraturaga qanday kirganimizni bilmay qoldim, hayratdaman.

Endi institut yanada fayzli bo‘ldi, ta’mirlash amalga oshirildi, ta’minot yaxshilandi, lekin bu faqat institutda. Sikllar bilan muammo hali ham o‘sha. Ma’lumotlar ba’zasi eski, o‘qituvchilarda qiziqish yo‘q, amalda hech qanday amaliyot yo‘q edi.

Talabaligim faqat do‘stlarim tufayli qiziqarli va esda qolarli bo‘ldi, eng iliq xotiralarim ular bilan bog‘liq.

Shirin Abdushukurova, oltinchi bosqich talabasi, «Medikopedagogika» fakulteti:

ToshPTIga kirishdan oldin ikki yil davomida Toshkent tibbiyot akademiyasiga kirishga harakat qildim, ammo kirolmadim. Keyin ota-onam bu yerga topshirishni maslahat berishdi.

Institutdan umidlarim katta emas edi, lekin hamma bu yerda o‘qish qanchalik qiyin ekanligini, ba’zilar hatto bu fikrimdan voz kechishimni aytishdi. Shu sababli menda «o‘qishni eplolmayman» degan qo‘rquv bor edi.

Ma’lum bo‘ldiki, ta’lim sifati «voh» emas ekan. Men boshqacha tasavvur qilgandim. Ko‘plab keraksiz fanlar bor va negadir e’tibor ularga qaratilgan. Qiziqarli fanlar ham kam emas, lekin meni qiziqtira oladigan o‘qituvchilardan faqat besh kishini sanab bera olaman, undan ko‘p emas.

Ehtimol, o‘qituvchilar tarkibini qayta ko‘rib chiqish kerakdir. Ba’zan sizga talabani odam sifatida ko‘rmaydigan surbet va marazmatiklar uchrab turadi. Bunday munosabat tufayli ushbu fanni o‘rganish istagi yo‘qoladi.

Tizimda korrupsiya hali ham mavjud. U bor bo‘lgan, hozir ham bor, keyin ham bo‘ladi. Tibbiyotdan juda yiroqda bo‘lgan talabalar bor. Ular bemorlarni qanday davolashini tasavvur ham qilolmayman.

Men grantda o‘qiyman, lekin o‘qish uchun pul to‘laydigan kursdoshlarim bir ovozdan kontrakt o‘zini oqlamasligini aytadilar. Umuman olganda, taraqqiyot bor. Institutda katta ta’mirlash ishlari olib borildi, qulay sharoitlar yaratildi, hatto ta’tildan so‘ng institutimni tanimay qoldim.

Men ijtimoiy hayot haqida hech o‘ylab ko‘rmadim. Lekin bilaman, hozir u shiddat bilan davom etmoqda, darsdan tashqari ko‘plab tadbirlar bo‘lmoqda.

Qo‘pol qilib aytganda, 6-kursda bunga vaqtimiz ham yo‘q, shuning uchun biz institut bayramlariga kamdan kam qatnashamiz. Kursdoshlarim o‘rtasida munosabatlar yaxshi, shu sababli biz ko‘proq dam olish yoki kechki ovqat uchun qayergadir borishga harakat qilamiz.

«Tibbiyot institutida talabalik, bu – stress va ochlikdir. Bizda doimiy stress va biz doimo ochmiz» (kuladi)

Ammo jiddiy aytganda, talabalik – bu uning barcha qiyinchiliklariga qaramay qadrlanishi kerak bo‘lgan vaqt. Men shu olti yil davomida yo‘limda uchratgan har bir insondan minnatdorman. Shuning uchun barcha kamchiliklarga qaramay, men institutimni juda yaxshi ko‘raman, talabalik hayoti va institutimda hech narsani o‘zgartirmasdim.

Bibihojar Iminova, to‘rtinchi bosqich talabasi, «Davolash ishi» fakulteti:

Kirish vaqti menda TTA va ToshPTI o‘rtasida tanlov bor edi. Ikkala ta’lim muassasasi bitiruvchilari bilan maslahatlashib, oxirida diplom bir xil bo‘ladi va «bilim doirasi faqat o‘zimga bog‘liq» degan xulosaga keldim. Yagona farq shundaki, ToshPTI uyimga yaqin joyda joylashgan va bu tanlovimga ta’sir qildigan.

Men ko‘pchilik va shifokorlar aytganidek, jiddiy va mashaqqatli o‘qish, uyqusiz tunlar va talabalarning boshqa muammolarini kutgandim.

Ammo biz anatomiyaning birinchi darsdayoq keksa professor kelib, lotin tilida tushunarsiz bir narsalarni aytib chiqib ketganidan hayratga tushdik. Biz hech narsani tushunmadik, lekin hech kim bizga biror narsani tushuntirmoqchi ham emas edi. Faqat bir qancha vaqt o‘tgach, o‘qish mustaqil ravishda bo‘lishini tushunib yetdik.

O‘qituvchilar bizga biror narsani yetkazishga harakat qilishmasdi, shu bilan birga talab ham qilishmasdi. Men qattiqqo‘llikni kutardim, lekin boshqacha bo‘lib chiqdi: xohlasang – o‘qi, xohlamasang – bu sening muammoying.

Men tibbiyot bilim yurtida o‘qish nima ekanligini gistologiya darslari boshlanganidan keyin tushunib yetdim: shunda ilk bor kechalari uxlamasdan mavzularni yodlab chiqardim.

Bizning jadvalimizda amaliy mashg‘ulotlar yetarli emas. Endi simulyatsiya markazi va mulyajlar paydo bo‘lganda, men anatomiya va fiziologiyani qayta takrorlashga qarshi bo‘lmasdim. Tana a’zosini ko‘rib, uni qo‘l bilan ushlab ko‘rishingiz mumkin bo‘lsa, hamma narsani yaxshiroq eslab qolasiz.

Biz esa uni plakat va rasmlarda o‘rgandik. Shu nuqtayi nazardan, TTA yoki TDSIda o‘qish yaxshiroq bo‘lar edi, chunki men ularning ta’lim sharoitlarini ko‘rganman.

Bilim yurti mustaqil ta’limsiz to‘liq bazani bermaydi, chunki har yili ma’lumotlar yangilanadi, yangi kashfiyotlar paydo bo‘ladi va har doim ham o‘qituvchilarimiz ular haqida bilishmaydi, lekin bu, albatta, hammasiga ham taalluqli emas.

O‘qishga kirishdan oldin ijtimoiy hayot haqida hech narsa bilmasdim. Institutda hech qanday tanishim yo‘q edi, institut veb-sayti va sahifalari yuritilmasdi. Endi ijtimoiy tarmoqlar bilan shug‘ullanadigan va talabalar hayotini yoritadigan talabalar kengashi paydo bo‘ldi.

Dastlabki uchta bosqichda haqiqatdan ham darslardan tashqari vaqtda qiziqarli boy hayot bor. Yaqinda yapon madaniyati kuni bo‘lib o‘tdi, muntazam ravishda tibbiy mavzularda qo‘shimcha ma’ruzalar bo‘lib turadi. Shuningdek, ajoyib bayramlarni uyushtib turadigan ivent-bo‘limi ham mavjud. Bizning davrimizda faqat Yangi yil va QVZ bo‘lardi.

Talabalik hayotimda ajoyib damlar ko‘p edi, lekin stress ham kam emasdi.

Ochiq yoki oynalari singan, sovuq ma’ruzalar zalini eslayman. Doimo qushlar uchib yurardi, men esa ulardan juda qo‘rqaman. Qishda ma’ruzada qatnashish men uchun og‘ir sinov edi.

Yaxshi hotiralarimdan – 1-kursda anatomiyani butun guruh bilan qanday yod olganimizni, sessiyadan o‘tgach esa qanchalik xursand bo‘lganimizni iliqlik bilan eslayman. Iliq taassurotlarim ko‘proq kursdoshlarim bilan bog‘liq.

Talabalik – umuman men kutgan narsa bo‘lib chiqmadi. Tanlovim bo‘lganda Yevropa yoki Sharqqa, masalan, Yaponiyaga o‘qishga ketardim.

Xolis ravishda shuni aytishim kerakki, hozir institutda sharoitlar ancha yaxshilangan. Kapital ta’mir, chiroyli ma’ruza zallari va o‘quv jihozlari bilan ta’minlandi. Shunga qaramay, o‘qituvchilarni yoshartirish, hech bo‘lmaganda ma’ruzalarda darsga qatnashganlikni qayd etish va konspektlarni bekor qilish kerak deb o‘ylayman. Axir har bir kishi o‘zi uchun o‘qiydi va tibbiyotda o‘z ustida ishlamasdan iloj yo‘q.

Uchinchi bosqich talabasi, «Pediatriya» fakulteti:

Men shifokorlar sulolasidanman, shuning uchun mening kasbim oldindan belgilab qo‘yilgandi.

Men 3-kursda o‘qiyman va institut ko‘z oldimda qanday o‘zgarayotganini ko‘rib turibman. 1-kurs talabalarining omadi chopdi.

Bugun ishonch bilan aytolamanki, institutda siz kerakli bazani olishingiz mumkin, ammo hech kim o‘z ustida ishlashni to‘xtatib qo‘ymadi. Bundan tashqari, bizda talabalar qo‘shimcha shug‘ullanishlari mumkin bo‘lgan klublar tashkil qilindi.

Kontrakt o‘zini oqlaydi, ammo barcha talabalar ham kontraktni oqlamaydi. Ba’zilar o‘qishni eplolmaydi, bunday talabalarni qo‘llab-quvvatlash uchun ularga yordam beradigan talabalar kengashi mavjud.

Talabalar kengashi paydo bo‘lishi bilan institutda ijtimoiy hayot 180 gradusga o‘zgardi. Turli tadbirlar ko‘paydi.

Men ko‘rgan yagona salbiy jihat – o‘zbek tili adabiyotlar yetishmasligi. Qolgan hammasi yaxshi.

Ikkinchi bosqich talabasi, «Davolash ishi» fakulteti:

Men bir vaqtning o‘zida TTA va ToshPTIga topshirdim. Ballarim shu yerga kirish uchun yetarli bo‘ldi va men bundan xursandman.

O‘zbekistondagi tibbiy ta’lim haqida hech bir tasavvurga ega bo‘lmaganim uchun filmlardagi kabi bo‘ladi deb o‘ylardim.

Darslar boshlanganda faqat nazariya tinglamaymiz, bizga hamma narsani dori – darmon va mulyajlarda ko‘rsatishadi, ushlab va teginib ko‘ramiz deb o‘ylagandim. Biroq ma’lum bo’lishicha, dori-darmonlar va mulyajlar kam, barcha o’qituvchilar ham ularga ega emas ekan.

Texnik jihatdan, kabinetlar hozir hamma narsa bilan jihozlangan: kompyuterlar, proyektorlar. Ta’mirdan so‘ng, universitet juda chiroyli bo‘ldi. Yuqori bosqich talabalari bizning omadimiz chopganini, ularning davrida hamma narsa juda eski bo’lganini aytishadi.

Menimcha, o‘qish sifati talabaning istagidan tashqari, yana ikki omilga bog‘liq:

Yaxshi o‘qituvchi muhim ahamiyatga ega. Har bir kafedrada talabani qiziqtira oladigan «yulduzlar» bor. Hech bo‘lmaganda o‘qituvchi qattiqqo‘l bo‘lishi kerak.

Ikkinchi omil – bu guruhning o‘zi, hali ham poda instinkti mavjud. Agar guruh harakat qilsa, siz ham harakat qilasiz.

Bizda kredit-modulli tizim mavjud, semestr davomida sessiyadan o‘tish uchun ball to‘playmiz. Shuning uchun biz o‘qituvchining nima haqida gapirayotganini tushunish uchun o‘zimiz tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak.

Eng katta salbiy narsa shuki, amaliyot kam. Rossiya universitetlarida talabalar birinchi oyning o‘zida morgda mashg‘ulot o‘tishadi. Bu tanlovga o‘xshaydi: agar talaba o‘zini qo‘lga olishni eplolsa, u o‘qishni davom ettiradi.

Kiyim shakli juda erkin. Biz yuqori qismi oq va past qismi qora kiyimda bo‘lishimiz lozim, lekin aslida hamma erkin kiyinadi, muhimi – xalat va bosh kiyimi. Ba’zan ba’zi kafedralar yigitlarning galstugi yo‘qligiga shikoyat qilishlari mumkin.

Mazmunli talabalik hayotini kutgandim, lekin u bu qadar shijoatli bo‘ladi deb o‘ylamagandim. Darslardan tashqaridagi hayot uchun mas’ul bo‘lgan ikkita tashkilotimiz bor: Yoshlar agentligi va talabalar kengashi.

Talabalar kengashi katta kechalar, bayramlar, ma’ruzalar va boshqa tadbirlarni uyushtiradi. Siz buni, albatta, ko‘rishingiz kerak!

Bu yil mentorlik dasturlari qayta tiklandi. Bu 1-kurs talabalari uchun institut bilan ikki kunlik tanishtiruv tadbiridir. Har bir guruhga yuqori bosqich talabalaridan o‘z mentorlari tayinlanadi. Ular talabalarni barcha kafedralar va institut hududi bilan tanishtirishadi, institutning imkoniyatlari haqida gapirib, 1-kurs talabalarini ijtimoiy hayotda ishtirok etishga qiziqtiradilar.

Hozirgi vaqtda institut ma’muriyati bizni qo‘llab-quvvatlab, biz bilan hamkorlik qilyapti va bizni tinglayapti.

Javohir Norboboyev, birinchi bosqich talabasi, «Pediatriya» fakulteti:

ToshPTIga bir urinishda kirishga muvaffaq bo‘ldim. Umuman olganda, bilim yurtidan kutgan umidlarim oqlandi. Bizda hamma narsa yangi va zamonaviy, ma’ruza zallari barcha zarur buyumlar bilan jihozlangan. Bu yerda o‘qish TTAdan yaxshiroq.

Men ta’lim dasturidagi kredit-modul tizimini o‘zgartirgan bo‘lardim, chunki bizga faqat materialning yarmini tushuntirishadi. Qolgan qismini o‘zimiz o’rganishimiz kerak, o‘qituvchilar esa nazariyani to‘liq so‘rashadi. Maktabdan keyin kelganlar uchun bu – noodatiy va qiyin jarayon.

Bundan tashqari, Akfa universitetida tashkil etilganidek, grantni semestr uchun berishsa, yaxshi bo‘lardi. Bu talabalar o‘rtasidagi raqobatni kuchaytiradi.

Qolgan hammasi yaxshi.

Ijtimoiy hayot haqida hech qanday tasavvurim yo‘q edi, lekin bizda faol talabalar kengashi, ivent va ko‘ngillilar bo‘limlari, sport klublari va hatto kibersport klubi ham mavjud. Biz to‘planib filmlar tomosha qilamiz, sayohat qilamiz, muzeylarga boramiz. Bu borada hamma narsa mazmunli va qiziqarli.

TTAni endi xohlamayapman, shu sababli taklif qilishsa ham, men baribir shu yerda qolaman.

Hozircha mening talabaligim kutganimdek. Bu – qandaydir yangi, qiziqarli, g‘ayrioddiy, ba‘zan qiyin va juda katta mas’uliyat.
 

Muallif: Jahongir Tohirov