Talaba yoshlarni qo‘llab – quvvatlash ular orasidan yosh iqtidor va iste’dod egalarini taqdirlash uchun har yili barcha oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun turli ko‘rik-tanlovlar, festivallar, forumlar, stipendiyalar va grand tanlovlari o‘tkaziladi. Bulardan ko‘zlangan maqsad talaba yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish va ular orasidan faol, intiluvchan yoshlarni aniqlash hamda munosib rag‘batlantirish sanaladi. Avlod Media shunday iqtidorli va shijoatli yana bir yosh talaba bilan tanishtirishga qaror qildi. 2020-yil universitet miqyosida o‘tkazilgan “Yil talabasi” tanlovida faxrli 1-o‘rin sohibi, 2022 – yilda “Rektor stipendiyasi” g‘olibi, “Kelajak Liderlari” klubi faol a’zosi, 2022-yilda o‘tkazilgan “Mirzo Ulug‘bek Vorislari” Respublika tanlovining tuman bosqichi g‘olibi, 2023 – yilda “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat stipendiyasi’’ hamda UNICEF grandi g‘olibi bo‘lgan iqtidorli talaba Xurshidbek Tolibjonov bilan suhbatlashdik. Avlod Media Xurshidbekka talabalardan kelib tushgan Time managementingizni qanday rejalashtirasiz? Quyidagi yutuqlarning barchasiga qanday qilib erishdingiz? savollari bilan yuzlandi. Javoblar qanday bo‘lagini hozir bilib olasiz.
Time managementingizni qanday rejalashtirasiz?
“Time managementimga to‘xtalsak, har kuni yakunlanishida ertangi kunimni rejalashtirib olaman. Qilishim kerak bo‘lgan ishlar; birinchi darajali, ikkinchi va uchinchi darajali ishlarni yozib olaman. Nimaga ularni ajratib olaman, negaki birinchi darajali ishlar o‘sha kunning o‘zida bajarilishi shart ertasi kunga qoldirib bo’lmaydigan bo‘ladi. Bajarib bo‘lgach yozib qo’ygan yon daftarimga belgi qo‘yib ajratib olaman. Deyarli har kunimning har soatini yoki har haftasini oldindan rejalashtiraman. O‘zi vaqtni rejalashtirish ikkiga bo‘linadi; uzoq muddatli va qisqa muddatli. Hozir uzoq muddatli rejalarim mavjud bo‘lib, til sertifikatini olish, xalqaro grandlar yutish va bitta ikkita katta loyihalar bor shularni amalga oshirish bo‘lib turibdi. Bu rejalarim bahor va yozga mo‘ljallangan bo‘lib, ularga hozirdan bo‘sh vaqtim bo‘lganda shanba va yakshanba kunlari tayyorgarlik ko‘ryapman. Boshqa kunlarda ham agarda bo‘sh vaqtim topilib qolsa “ha demak, vaqt bor uzoq muddatli rejalarim bilan shug ‘ullansam bo‘ladi” – deb turib o‘zimning start up loyihalarimni tayyorlab boraman. Endi kunlik qisqa muddatli rejalarga o‘tadigan bo‘lsak, bular bir kunlik yoki bir haftalik rejalar masalan, shu hafta ichida qaysidir professor yoki o‘qituvchidan yordam so‘rashim kerak bo‘lsa, qaysidir tanishimdan shu masala bo‘yicha maslahat olishim kerak, ishda yoki o‘qishda qandaydir muammolar paydo bo‘lsa uni hafta yoki kun davomida yechishga harakat qilaman, kunim davomida qo‘ygan rejalarimni amalga oshirishga maximal darajada harakat qilaman. Kunning oxirida har kuni rejalarimni sarhisob qilaman. Va bajarilmay qolib ketgan rejalarimni ertangi kunda birinchi darajali qilib belgilab qo‘yaman. Aytib o‘tganimdek, shu tartibda reja qilib boraman. Meni tanishlarim ham bilishadi. Ular nimadir men bilan birga qilishmoqchi bo‘lishsa yoki sayohatga borishmoqchi bo‘lishsa menga oldindan aytib qo‘yishadi. Shu kuni, o’sha masalada, Yordam bera olasizmi? Qaysidir kuni vaqtiz boladimi? Birga bajarsak, boladimi? singari gaplarni 3 yoki 4 kun oldindan aytib qo‘yishadi. Bunday rejalar menda oldindan tuziladi, chunki mening yaqin oila a’zolarim va yaqin tanishlarim 5 yoki 10 kun oldin aytib qo‘yishadi chunki, ko ‘p aytaman iltimos rejalarimning buzilishiga va qolib ketishiga halaqit bermasliklarini ta’kidlayman va shuning hisobiga oldindan reja qilib olaman”
Yutuqlaringizning barchasiga qanday qilib erishdingiz?
«Yutuqlarimga to‘xtaladigan bo‘lsak, “Yil talabasini” olishim Prezident stipendiyasi va Rektor stipendiyasini olishga bo‘lgan birinchi qadamim deb ayta olaman. Negaki, “Yil talabasi” tanlovining g‘olibi bo‘lishim, universitetga kirganimdan keyingi eng katta yutug‘im bo‘ldi va yoshlikdan qilgan katta maqsadimga erishdim va bu yutug‘imni juda ham qadrlayman. O‘qishning birinchi kunidan boshlab ustozlarim bilan ko‘proq vaqt o‘tkazib, o‘zimni qiziqtirgan savollarimga javoblar olishni yoqtirardim. Har doim o‘zimga eslatma sifatida yozib yurardim. Birinchi va ikkinchi kurslarda yaxshi o‘qisa, uchinchi va to‘rtinchi kurslarda katta tanlovlar va stipendiyalar g‘olibi bo‘lish mumkin ekan. Buni har doim esimda saqlab harakatdan to‘xtamas edim. Shu zaylda davom etib barcha imtihonlarimni a’lo baolarga yopdim, bir qator ilmiy maqolalar bilan shug‘ullandim. Monografiyalar va kitoblar mualliflik huquqiga tayangan holda yozdim va respublika miqyosida ko‘plab tadbirlar va ijtimoiy start up loyihalar tanlovlarida ishtirok etdim va yutuqlarimning barchasini jamlab “Yil talabasi” tanloviga hujjat topshirdim. Universitet miqyosidagi bunday katta tanlovda ilk bor qatnashayotganim sababli, mendan ham kuchliroq va tirishqoq talabalar bo‘lsa kerak deb o‘ylagandim biroq oxiriga yetib kelib raqobatchilarim va o‘zimning hujjatlarimni solishtirib qaraganimda yutuqlarim ularning harakatlaridan sezilarli darajada yuqori bo‘ldi. Shu asnoda “Yil talabasi” – “Yil a’lochisi” kabi tanlovlarda g‘olib bo‘lib keldim. Prezident stipendiyasiga to‘xtaladigan bo‘lsam, har bir talabaning orzusi va har qanday talabaning oldiga qo‘ygan maqsadi sanaladi. Uni qo‘lga kiritish uchun juda ko‘p harakat qilganman, raqobatchilar bilan bahs jarayonlari ham qizg‘in bo‘lgan. Hozir o‘sha vaqtlarimni eslasam kunni – kun, tunni – tun demasdan tinmay harakat qilardim. Uxlashimdan oldin Prezident stipendiyasini olishim kerak deb yotib, shu o‘y bilan uyg‘onardim. Oxirgi uchinchi va to‘rtinchi kurslarim shu o‘y bilan o‘tgan. Sababi, ushbu stipendiyani olish uchun shu qadar harakat qilgan edimki, bu harakatlarim samara berishi uchun yana ham intilishdan to‘xtamas edim. Stipendiyani qo‘lga kiritishimda, menga yordam bergan bir qancha ustozlarim bor. Ular o‘zim ta’lim olgan universitetda va boshqa oliygohlarda nomdor stipendiyalar olgan tengdoshlarim va yaqinlarim bilan bog‘lanib stipendiya tanlovlariga qanday hujjatlar tayyorlash, qanday bog‘lanish kerakligi haqida ular bilan suhbatlashib bir qator yordamlar ham olganman. Shunday qilib, bir qator izlanishlarim va intilishlarim samarasi bilan ushbu stipendiya sohibi bo‘ldim. Buning uchun mening deyarli uchinchi va to‘rtinchi kurslarimning deyarli barcha vaqti ketdi deb ayta olaman. Butun ta’lim jarayonidagi ishlarim, barcha qatnashgan tanlovlarim natijasi o‘laroq ushbu katta yutuqlarim “Prezident stipendiyasi” va “Yil talabasi” tanlovlarining g‘olibi bo‘lishga sazovor bo‘ldim”
Guvohi bo‘lganingizdek, ushbu talaba o‘qishga kirgan kunidan boshlab, kichik-kichik qadamlar bilan katta ishlarni amalga oshirib borgan. Tirishqoq va intiluvchan Xurshidbek harakatlari samarasi o‘laroq, shunday katta tanlovlarda o‘z iqtidorini ko‘rsatib g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Hozir bo‘lsa butun tengdoshlari unga havas ko‘zi bilan qarashadi. Ayni damda Xurshidbek Tolibjonov Qo‘qon Universitetini tamomlab Jahon Iqtisodiyoti va Diplomatiya Universitetining magistratura bosqichida grand asosida tahsil olmoqda. Bunday talabalar ko‘payishiga va kelajakda yurt uchun nafi tegadigan ziyoli inson bo‘lib yetishishlariga tilakdoshmiz. Agarda siz xalqaro yoki milliy yutuqlarga erishgan iqtidorli talaba bo‘lsangiz mavjud bo‘lsa biz bilan bog‘laning @AvlodMediaAdministration. Avlod Medianing keyingi qiziqarli maqolasi aynan siz haqingizda bo‘lishi mumkin.