Nima uchun Toshkentda yoshlar oliy ta’limdan voz kechishmoqda?

«O‘qimasang, ko‘cha supuruvchi bo‘lasan» – 21-asrda bu ibora hech kimni qo‘rqitmay qo‘ydi, chunki dunyo allaqachon aql bovar qilmaydigan darajada muvaffaqiyatga erishgan diplomsiz odamlarni ko‘rdi.

Biz oliy ta’limdan ongli ravishda voz kechgan odamlar bilan suhbatlashdik va ularning tanloviga nima sabab bo‘lganini bilib oldik.

Evgeniy, dizayner

“Ijodkor odamlarga ta’lim faqat zarar keltiradi” deb hisoblaydi

Men maktab davridayoq universitetda o‘qishni xohlamasligimni bilardim. Men uchun hammasi oddiy va mantiqiy — ijodiy odamlarga akademik ta’lim kerak emas. Agar o‘ylab ko‘rsangiz, universitetdagi ta’lim boshqa birovning professional tajribasini o‘rganishdir.

Ijodkor uchun kimdir bosib o‘tgan yo‘ldan yurishdan yomonroq nima bo‘lishi mumkin?

O‘qish bizga yangi narsalarni yaratish imkonini bermaydigan chegaralarlarni hosil qiladi. Men hamkasblarimning o‘n yil oldingi kitoblar bilan qanday shug‘ullanishganini, qandaydir formulalarni o‘rganishganini va, eng yomoni, bu uchun baho olishganini ko‘rdim.

Qanday qilib kimdir ijod uchun baho berishi mumkin?

Nazarimda, o‘qish ular uchun faqat zarar keltirdi. Ular andazalar bo‘yicha o‘ylashni boshladilar, bu esa ularning ishlarida juda seziladi.

Men universitetda o‘qimaslikka qaror qildim, chunki ta’limning akademik shakli ijod uchun mos emas. Albatta, shifokorlar yoki arxitektorlar uchun boshqalarning tajribasini o‘rganish – muhim, lekin bu – ijodkor odamni barbod qiladi.

Men ko‘proq kurslar va amaliyotlarni qo‘llab-quvvatlayman. Menimcha, kimdir dizaynerni besh ballik sistemada baholashi, imtihonlarni topshirishga va boshqalarning g‘oyalarini yodlashga majbur qilishi – bema’nilik.

Lidiya, prodyuser

Toshkentda uning kasbini o‘rgatadigan bitta ham universitet topolmagan

18 yoshimda o‘qishga kirmaganimning asosiy sababi – kim bo‘lishni xohlayotganimni bilmasdim. Shuning uchun ham hayotimning keyingi 4 yili o‘tadigan joyni tasodifiy tanlashni xohlamadim.

O‘sha paytda men ikki yildan beri ishlab kelardim va o‘z daromadimni oddiy qog‘ozga (diplom) almashtirishga tayyor emasdim. O‘zimni turli kasblarda sinab ko‘rgach, 20 yoshimdagina nima bilan shug‘ullanishni xohlayotganimni tushunib yetdim. Shu bilan birga, mamlakatimizda mening kasbim talablarga mos tarzda o‘rgatilmasligini bilib oldim, shuning uchun ham tanlovimdan afsuslanmayman.

Bizning universitetlarimizda «prodyuserlik» yo‘nalishi yo‘q, faqat rejissyorlik bor. Shunga qaramay, men baribir “prodyuser o‘qishi kerak emas” deb hisoblayman. Faqat yaxshi did, uddaburonlik va yetarli amaliyot bo‘lsa, shuning o‘zi yetarli.

Hech qaysi suhbatda mendan diplom so’rashmagan.

Bundan tashqari, o‘zim ham suhbatlar o‘tkazganman. Aytishim mumkinki, eng zo‘r universitetlarning bitiruvchilari diplomsiz xodimlarga qaraganda yaxshi natijalar ko‘rsata olishmagan. Hamma gap – odamning o‘zida va ishiga bo‘lgan yondashuvida.

Ta’lim kurslari – bu boshqa gap. Qisqa vaqt ichida siz hayotingizning aynan shu paytida zarur bo‘lgan ma’lumotlarni olishingiz mumkin. Prodyuserlar uchun dolzarb bo‘lgan mavzu – Toshkentda ilk bor “Alpha Education”da ushbu sohaga endigina kirib kelganlar uchun kurslar ochildi. O‘zim u yerdagi ma’ruzachilardan biriman.

Menda biror narsani boy berayotganlik hissi yo‘q. O‘z tengdoshlarim bilan birga ishlayman va biz o‘zimiz uchun «talabalar hayotini» tashkil qila olamiz.

Zuina, jurnalist

“Hozirgi ta’lim tizimi shaxsning o‘ziga xosligini yo‘qqa chiqaradi” deb hisoblaydi

Men universitetga atrofimdagilarning qistovi bilan kirdim. Diplom ish topish va normal hayot uchun qanchalik muhimligini ko‘p eshitganman, shunga ishonib hujjatlarimni o‘qishga topshirdim.

O‘qishga kirgach, u yerda qolishga va universitetga imkon berishga qaror qildim, ammo bundan hech narsa chiqmadi. Oxir-oqibat hujjatlarimni olib ketdim.

Ta’lim – odamlarni muayyan standartlarga moslashtiradigan tizim. Men bizni qolipga solib qo‘yadigan “sovetcha tizim”ga qarshiman, chunki o‘ziga xoslik shu tariqa yo‘qqa chiqadi. O‘sha vaqtlar hamma narsa barchada bir xil bo‘lishi kerak edi. Agar sen ajralib tursang, demak, senda bir gap bor?! Bir xil kiyim-bosh, bir xil soch turmagi va hatto boshdagi bilim ham bir xil bo‘lgan.

Men shunchaki, oliy ma’lumotni kerak deb hisoblamaganim uchun ham undan voz kechaman. Universitetsiz ham o‘zimga kerakli bilimlarni olishim mumkin, shu bilan birga, hech qachon foydasi tegmaydigan narsalarni o‘rganishga vaqt sarflamayman.

Qolaversa, amaliyot shuni ko‘rsatdiki, hech qanday oliy ma’lumotsiz ham ish topish mumkin ekan. Agar ish beruvchi diplom ko‘rsatishimni talab qilaversa, “Rostdan ham shu odam bilan ishlashni xohlayapmanmi”, – deb o‘ylab qolaman.

Agar diplom haqiqiy malakadan, ijodiy fikrlashdan va yonib turgan ko‘zlardan ko‘ra ko‘proq qadrlansa, unda bu joy menga mos kelishi – dargumon.