Muhabbat va sessiya: universitetlardagi 3 ishqiy munosabat

Aziza, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti

«Aslida, u menga juda pand berdi va men ikkinchi yilga qolib ketishim mumkin edi»

Biz kirish imtihonlarida tanishgandik. O‘sha paytdayoq ancha o‘xshash qiziqishlarimiz borligini payqadik, raqamlarimizni almashdik, ba’zan kechqurun yozishardik. Keyinchalik ikkalamiz ham bir universitetga kirib, bir guruhga tushdik. Biz do‘stona muloqot qilardik, lekin bir kuni kechasi u menga ulkan bir xabar yubordi. Xabarda u hech qachon hayotida men kabi qalbiga yaqin insonni uchratmaganini yozagndi. Biz bir-birimizga qalban yaqin ekanligimizni va uchrashib yurishni taklif qildi. Qabul qildim. O‘shandan beri har kunni birga o’tkazardik, bizning sevimli mashg’ulotlarimiz va qiziqishlarimiz mutlaqo bir xil edi. Lekin doimo nimadir joyida emasdek edi va men bu nima ekanligini tushunolmasdim. Bir kulgili holat yuz bergachgina, ko‘zlarim ochildi.

Qarzlarimizni yopish va sessiyaga ruxsat olishimiz uchun o‘qituvchimiz bizga taqdimot tayyorlashni buyurdi. Barcha «qarzlarni» topshirishimiz va keyingi bosqichga o‘tishmiz uning sifatiga bog‘liq edi. Biz uni yigitim bilan birga tayyorladik. Aniqrog’i, «biz» emas, balki men. U faqat dizaynda yordamlashdi va o‘ziga oid qismini yodlab oldi. Taqdimot arafasida biz birinchi marta qattiq urishib qoldik. Men undan juda xafa edim, umumiy chatda mashg‘ulotga kelmasligimni va taqdimotni keyingi darsda ko‘rsatishimizni yozdim. Menimcha, u mendan qasos olishga qaror qilgan, shekilli, o‘sha kuni bizning umumiy taqdimotimizni namoyish qilibdi, o‘qituvchiga esa kayfiyatim yomonligi tufayli kelmaslikka qaror qilganimni va taqdimotni uning o‘zi tayyorlaganini aytibdi. Natijada, u yaxshi baho olib sessiya uchun ruxsat oldi, men esa o‘qishdagi qarzlarim va «muvaffaqiyatsiz» taqdimot tufayli yozga qoldirildim. Aslida, u menga juda qattiq pand bergandi va men ikkinchi yilga qolib ketishim mumkin edi.

Shunda hammasi ayon bo‘ldi: biz do‘st sifatida birga vaqtni yaxshi o‘tkazardik, lekin sherik sifatida men unga tayanolmadim. Bu qilig‘idan ko‘p o‘tmay biz ayrildik.

Ba’zi guruhdoshlarimiz universitetni bitirguncha uni jamoaviy loyihalarga qo‘shishmadi va u bilan juftlikda vazifalarni bajarishga rozi bo‘lishmadi. Bu ham kulgili, ham qayg‘uli.


Shohruh, O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti

«Universitetdagi uch yil men uchun ikki davrga bo‘linadi: oshiqlik va keyingi davr»

Bu 1-kurs boshlanishidan bir necha kun oldin sodir bo‘ldi. Biz u bilan zinapoyada duch keldik. Salomlashdik va u jilmayib so‘radi: «Guruhdagi o‘sha yagona yigit sizmisiz?». Men javoban bosh irg‘ab, zo‘rg‘a «Ha, ehtimol» deya oldim. Biz shunday tanishdik.

O‘quv yili mobaynida biz bir-birimizni yaxshiroq taniy boshladik, ko‘p muloqot qilardik, birgalikda sayr qilardik. Bu yoqimli, qiziqarli va qandaydir o’zgacha yangi tuyg‘u edi. Lekin biz bir-birimizga his-tuyg‘ularimiz haqida gapirishga botinolmadik. Do‘stlik chegarasini buzolmadik.

Birgalikda tashkillashtirgan universitet bitiruv kechasidan so‘ng, nihoyat o‘rtamizdagi his-tuyg‘ularga ishonch hosil qildim. Bunga amin bo‘lishim uchun ikki yil kerak bo‘ldi.

Nihoyat unga befarq emasligimni tan olishga qaror qilganimda, buni ko‘ngildagidek bajara olmadim. Shunday qilib, u ham menga «vaqt ko‘rsatadi» degandek javob berdi. Keyingi bir necha oy «Biz o‘zi bir-birimizga kimmiz?» degan savol bilan o‘tdi. Bunda mening aybim ko‘proq edi, chunki mas’uliyatdan qo‘rqardim, men vaqtni cho‘zardim va tayinli hech narsa aytishga ulgurolmadim.

Bu «do‘stlik» karantin boshlanishi bilan yakunlandi. Men uning yigiti paydo bo‘lganini va ular orasida do‘stlikdan ham ko‘proq narsa borligini bilib qoldim.

Biz avvalgidek do‘st bo’lishga harakat qildik, lekin ilgarigi aloqani qayta tiklay olmadik. Bir muddat biz muloqotni to‘xtatdik, chunki men undan xafa bo‘lgandim va buni Instagramdagi sahifam orqali anonim post-xatlarda namoyon qilardim. U haqida yozayotganimni tushunardi. Faqatgina bir yil o‘tgach vaziyatni tan olishga muvaffaq bo‘ldim. Bu vaqtga kelib biz offlayn darslarga qaytgandik. Dastlab, bir-birimizdan qochib yurdik, uchrashib qolganda salomlashardik va boshqa hech narsa yo‘q edi. Asta-sekin kursdoshlar darajasiga qayta erishdik, ba’zan esa shaxsiy masalalar haqida ham ehtiyotkorlik bilan gaplashardik.

Hozir u o‘sha yigit bilan turmush qurgan, menda ham hammasi yaxshi. U bilan yaxshi do‘stona munosabatlarni saqlab qoldik.

Men bularning barchasidan shunday xulosaga keldim: uzoq kutish – o‘zini keraksizdek his qilishga olib keladi. Biz bilan xuddi shu narsa sodir bo‘ldi.

Universitetda kechgan uch yildan ko‘p vaqtim ikki qismga bo‘linadi: oshiqlik va ayriliq. Sevgi bilan hamma narsa go‘zal, yoqimli, qiziqarli, bahor ifori kabi sof, ammo ayriliq yanada esda qolarli.

Bu universitetdagi hayotimga ham ta’sir qildi. Bir muddat umumuy do‘stlarimiz bilan qiyin bo‘ldi, chunki ular yaqin do‘st bo‘la turib endi nega muloqot qilmay qo‘yganimizni tushunishmasdi. Kimgadir bu haqida aytishimiz mumkin, lekin boshqalarga «bu vaqtinchalik shunday davr» deb yolg‘on gapirishga majbur bo’lganmiz.

Men faqat bir narsaga afsuslanaman: eng yaqin do‘stimni yo‘qotdim. Qolgan hammasi ajoyib tajriba bo‘ldi.


Sitora, Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti

«Bugungi kunga qadar birga baxtli hayot kechiryapmiz»

Biz 2014-yil o‘quv yilining ikkinchi haftasida tanishdik. Men 1-kurs talabasi edim, ular esa 2-kursda edilar. Muhabbatimiz – bir ko‘rishda paydo bo‘ldi. Darslardan bo‘sh deyarli barcha vaqtimizni birga o‘tkazardik. O‘sha paytlar Singapurdagi kampus kichikroq edi va biz butun universitet ko‘z o‘ngida edik. Bu bizni xijolatga solmasdi, biz faqat bir-birimizni uchrashtirgan talabalik hayotidan zavqlanardik.

Buning ajoyibligi — biz doimo birga edik. Birga darsga borib, birga qaytardik. Bizning tanishlarimiz bir edi va, umuman olganda, bizda umumiy muloqot doirasi yaraldi. Biz darslarda ham bir-birimizga yordam berardik. Ijtimoiy hayotda ishtirok etdik va bu qalbimizda juda quvnoq, iliq xotiralarni qoldirdi.

Biroq bu ba’zan, ayniqsa, dastlabki yillarda o‘qishdan chalg‘itardi. Men imkon qadar darslarni qoldirmaslikka harakat qilardim, lekin oshxonada sevgilim bilan bir finjon qahva ustida suhbatlashish istagi kuchlilik qilardi. Xayriyatki, bu bizning davomatimizga ta’sir qilmadi.

Bir safar o‘qituvchi butun guruh oldida menga tanbeh berdi – men mashg‘ulotga kechikdim, u universitet hududida shaxsiy munosabatlar odobsizlik ekanligini va mening kechikishimga aynan shu sabab bo‘lgan (katta ehtimol bilan shunday edi) deb hisoblashini aytdi. Yoqimsiz holat bo‘ldi, lekin bu takrorlanmadi. Institutning qolgan o‘qituvchilari va xodimlari juftligimizga mehr va quvonch bilan qarashardi. Ulardan biri har safar yonimizdan o‘tayotib: «to’yga taklif qilishni unutmassiz?!» deb aytardi. Qarangki, ularga to‘y taklifnomasi nasib qilmadi, chunki ular chet elda edilar. Biz sevgilim bilan 2019-yilda turmush qurdik. Bugungi kunga qadar birga baxtli hayot kechiryapmiz!