Bahslashmoqchiman: psixolog bilan to‘g‘ri bahslashish sirlarini o‘rganamiz

Munosabatlarni buzmasdan haqiqat qaror topishi uchun qanday munozara qilish kerak?

«Training-studio Dar» markazining oilaviy psixologi Yelena Morozova bilan birgalikda samarali bahsning asosiy qoidalarini tahlil qilamiz.

Bahslashish kerakmi?

Avvalo, aniqlab olaylik: bahs – bu bir xil vaziyatga turli nuqtayi nazarlar bildiriladigan muloqot turi. Bunday mulohazalar odamlarning shaxsiy va kasbiy hayotida muhim o’zgarishlarga olib kelishi mumkin, chunki bu farqni o‘rganib, kishi yangi narsalarni yaratishi, hayot sifatini yaxshilashi, munosabatlarini ijobiy tarafga o‘zgartirishi mumkin.

Muammolar haqida sukut saqlash yaxshi emas. Misol uchun, oilaviy juftliklarda sukunat juftlikning tez orada ajralishi mumkinligi haqida ishora bo‘lishi mumkin, shuning uchun ba’zida er-xotin ichidagi faol munozaralar va bahslar er-xotin munosabatlarining rivojlanishiga imkon beradi. Bu nafaqat shaxsiy munosabatlarga taalluqli.

Ushbu ta’rifga asoslanib shuni aytish mumkinki, munozara qilish mumkin va hatto lozim. Eng muhimi, bu janjal yoki ziddiyatga olib kelmasligi kerak. Quyida buni qanday qilishni ko‘rib chiqamiz.

Qachon bahslashmagan ma’qul?

O‘zingizga savol bering – nega endi hozir bu munozaraga kirishishni xohlayapman?

Odatda 3 ta maqsadni ko‘rsatish mumkin.

1 – “raqibni mag‘lub etish” istagi
2 – boshqalarni haq ekanligingizga ishontirish
3 – munosabatlar darajasini oshirish uchun birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan eng yaxshi yechimni topish.

Faqatgina 3-holatda bahslashish kerak. Boshqa hollarda, bu keraksiz ziddiyatlarga olib kelishi mumkin.

Munozaraning 5 muvaffaqiyatli qoidasi

Munozaradan oldin tayyorlaning. Sizni tashvishlantirayotgan va muhokama qilmoqchi bo‘lgan bir nechta tezis yoki savollarni qayd qiling. Bu munozaraning hissiy mojaroga aylanib ketmasligiga yordam beradi. Siz qanchalik tizimli gapirsangiz, fikringizni shunchalik aniq ifoda etasiz.

Qoidalaringizni yodda tuting. Agar siz yaqin odamingiz bilan bahslashmoqchi bo‘lsangiz, uni ranjitadigan mavzular, xafa qilmaslik uchun unga “yoqmaydigan” mavzularnini xotirlab oling. Agar munozara o‘quv yoki mehnat jamoasida sodir bo‘lsa, dastlab qoidalar haqida kelishib oling. Misol uchun, maxfiylikni yodda tuting, shaxsiyatga tegmang, haqorat qilmang va hokazo.

Raqibni hurmat qiling. Bahslashayotganingizda siz uchun g‘oya va qarashlaringiz muhim bo‘lgani kabi raqibingizga ham o‘z fikri ahamiyatli ekanligini unutmaslik kerak, shu sababli insonning fikrini hurmat qilish va his-tuyg‘ularini inobatga olish kerak. Ba’zan biz o‘z fikrimizda juda qat’iy turib olamiz va hatto qarshi taraf nuqtayi nazarini oxirigacha tinglamaymiz. Faqat tinglashni emas, balki eshitishni ham o‘rganish muhimdir. Bu bir-birini yaxshiroq tushunishga va umumiy mantiqqa erishishga yordam beradi.

Ohang va his-tuyg‘ularni nazorat qiling. Baqirish, tahdid qilish va bosim o‘tkazish mumkin emas. Sokin, ammo qat’iy ijobiy ohangdan foydalanish muhimdir. Bu bilan bahsni janjalga aylantirmasdan fikringizni yetkazish yanada osonroq bo‘ladi va, albatta, raqibingiz so‘zini bo‘lmang, bu faqat uning g‘ashiga tegadi.

Mag‘lubiyatni tan olishni o‘rganing. Munozarada mag‘lubiyat og‘ir, lekin muhim. Buni o‘rganish kerak. Shaxsiy bahslarda mag‘lubiyatni tan olish zaiflik emas, balki kuchning namoyon bo‘lishidir. Ish jarayonida esa bu – insonning professionallik ko‘rsatkichidir.

Munozarani qanday samarali tugatish mumkin?

Ideal holda, munozaraning oxiri boshlanishda ko‘zlangan maqsad bilan yakunlanishi kerak. Bahsni samarali tugatish – kelishuvga erishish, ushbu munozara orqali o‘zaro munosabatlarni rivojlantirish imkoniyatini ko‘rish degani. Maqolda aytilgandek, bahsda o‘sha haqiqat tug‘iladi. Agar har bir taraf o‘z nuqtayi nazarini ifoda eta olsa, raqib tomonidan tushunilgan va qabul qilingan bo‘lsa, munozarani tugatish mumkin.

Agar munozara o‘zaro nizo yoki ziddiyatga olib kelishni boshlasa, buni o‘z vaqtida to‘xtatish muhimdir. To‘xtab dam oling hamda nizo va ziddiyatlar butunlay boshqa maqsadlarni ko‘zlaydigan turli xil narsalar ekanligini eslang.