40 yoshdan keyingi talabalik

«Har qanday kasb yoqimli hissiyotlarni olib kelishi kerak. Agar sen o‘z ishingda quvonch his qilmasang, unda o‘ylab ko‘r: sen bu hayotda o‘z o‘rningni topoldingmi?»

40 yoshdan keyin yana o’qishga qaror qilgan ikki inson hikoyasi.

Mohira Rajabova, 51 yosh, psixolog:

O‘qituvchi bo‘lish orzusida men oliy pedagogik ta’lim oldim. Maktabda ishni boshladim, 5-6 yil ishladim, ammo oilaviy sabablarga ko‘ra kasbim bilan xayrlashishga to‘g‘ri keldi.

O‘shandan beri men go‘zallik sohasida ishlayapman, 20 yildan ko‘proq vaqt davomida odamlarga xushro‘y va chiroyli bo‘lishlari uchun yordam beraman. Ko‘p sonli doimiy mijozlarim bor va ushbu sohada juda ko‘p yutuqlarga erishdim.

Lekin yaqinda yana talabalikka qaytishni istab qoldim. Umuman olganda, ayol o‘qimishli va keng dunyoqarashga ega bo‘lishi kerak deb o‘ylayman.

Ikkinchi oliy ma’lumot olish haqida uzoq o‘yladim. Mening ishim odamlar bilan bog‘liq, yuzlab turli odamlar oldimga keladi va har birining o‘z tarixi bor. Ular men bilan o‘z hasratlari va his-tuyg‘ularini bo‘lishadilar. Shunda psixolog bo‘lish haqida o‘ylab qoldim.

Qarindoshlarim fikrimni qo‘llab-quvvatladilar, men uchun xursand bo‘lishdi. Shunda qarorim to‘g‘ri ekanligiga ishonch hosil qildim.

Shunday qilib, pisixologiya yo‘nalishiga o‘qishga topshirdim va hozirda birinchi kurs talabasiman. Ich-ichimdan hamma narsani to‘g‘ri qilayotganimni his qilyapman. Menda buning ortidan pul topish maqsadi yo‘q, bu ko‘proq o‘zim uchun. Men o‘zimni, yaqinlarimni va mijozlarimni yaxshiroq tushunishni istayman.

Ehtimol, kelajakda psixologik markaz ocharman.

O‘qishdan qo‘rqmaslik kerak, o‘qishni istalgan yoshda boshlash mumkin. Yaratganga ishonish va oldinga intilish kerak.

Qiyinchiliklar doimo bo‘lgan, bor va bo‘ladi ham. Shuning uchun keyinchalik bir umr afsuslanmaslik uchun orzularingiz sari borishdan also chekinmang!

Kamola Karimova, 44 yosh, tibbiy ma’lumotga ega kosmetolog:

Men ilk kasbimni 16 yoshimda o‘rganganman. To‘qqizinchi sinfda tikuvchilik kursiga qatnab, kechki maktabda o‘qiganman.

Bir yil o‘tgach, o‘rta maxsus ta’limini olish uchun pedagogika kollejiga o‘qishga kirdim. Bu maqsaddan ko‘ra ko‘proq zaxira rejasi edi. 18 yoshda ikkita yo‘nalish egasi edim.

Bir kuni dugonam menga xolasining ish joyida kosmetolog yordamchisi sifatida ishlashni taklif qildi. Ma’lum bo‘lishicha, xolasi Semashko klinikadagi mashhur mutaxassis ekan. Men bunga rozi bo‘ldim va hammasi shundan boshlandi.

Kosmetologiyaga sohasiga kirib kelganimda 20 yoshga ham to‘lmagan edim. Bu haqida bilib qolgan dadam salonga borishim va biror narsa o‘rganishimni qat’iyan taqiqlab qo‘ydi. O‘sha damlarda kosmetologiya sohasida o‘zbek ayollari juda kam edi, bu nojoiz ish hisoblanardi.

Lekin mening ustozim va uning atrofidagi ayollar juda chiroyli va latofatli edilarki, menga ularning orasida bo‘lish shunchalik yoqardiki, natijida bunga chiday olmadim va baribir o‘qishni davom ettirdim.

Bir yil o‘tgach, menga kosmetolog diplomi berildi. Ustozim menga jamoada ishlashni taklif qildi, chunki doimo men uning eng yaxshi shogirdi ekanligimni ta’kidlardi. Men esa yangi kasbimga mehr qo‘ydim.

Bolaligimda shifokor bo‘lishni orzu qilardim, ehtimol, shu meni kosmetologiyaga juda ilhomlantirgandir. Estetik kosmetologiyada tibbiy ta’lim talab qilinmaydi, unda in’ektsiya yo‘q va barcha muolajalarlar parvarish yo‘li bilan qilinadi, lekin baribir sen o‘zingni biroz bo‘lsa-da shifokordek his qilasan.

Men o‘qituvchi va dizayner diplomlariga egaman, lekin kosmetologiya meni butunlay rom qildi.

Mustaqil faoliyatimni boshlagach, salonlar va kabinetlar ochdim, treninglarga qatnashib malakamni oshirdim. Keyin bir necha yillik tanaffus bo‘ldi, ammo men yana kasbimga qaytdim.

Birdan estetik mutaxassis bo‘lish men uchun yetarli emasligini, in’ektsiya va terapiya bilan ishlashni xohlayotganimni angladim.

Shunday qilib, 41 yoshimda diplom olish uchun tibbiyot kollejiga o‘qishga kirdim.

Yaqinlarim o‘qishga qabul qilinganimdan keyin bu haqida xabar topishdi. Bunga har xil munosabat bildirishdi, lekin meni hech narsa to‘xtata olmadi.

Ongli yoshda yana partaga o‘tirish – noodatiy, lekin yoqimli. Bu – qaytadan boshlash, toza havodan nafas olishdek gap. Sen dunyoga boshqacha qarashni boshlaysan. Yangi tanishlar orttirasan, yangi bilimlar olasan, miyangni tezroq va yaxshiroq ishlashga majbur qilasan.

Men tibbiyotga kattaroq yoshda borish kerak degan xulosaga keldim, chunki shundagina ongli ravishda bunga yondashish mumkin.

Menda hech qanday qo‘rquv yo‘q edi va yoshim haqida tashvishlanmasdim ham. Hozir tibbiyot yo‘nalishida oliy ma’lumot olish haqida o‘ylayapman. Aminmanki, men bunga erishaman.

O‘qishga borish hech qachon tavakkalchilik emas. Agar chindan ham xohlasang, hech narsa seni to‘xtata olmaydi.

Ba’zan oila, ish va o‘qishni birga olib borish qiyin bo‘lishi mumkin. Charchaysan, holdan toyasan. Men: “tez-tez ishlaydigan ayolning uyda xotini bo‘lishi kerak”, deb hazil qilaman.

Lekin ishga kelib, bir finjon qahvangni tayyorlab, mijozni kutib divanda o‘tirganingda va mijoz kelib quvonch bilan seni quchoqlaganida hamma charchoqlaring chiqib ketadi.

Har qanday kasb yoqimli hissiyotlarni olib kelishi kerak. Agar sen o‘z ishingda quvonch his qilmasang, unda o‘ylab ko‘r: sen bu hayotda o‘z o‘rningni topoldingmi?!