TOP-5: Yoshlar uchun zamonaviy va hamyonbop telefonlar

Ushbu maqola YouTube’dagi “Texnoplov” kanali muallifi Sa’daulla Abdullayev bilan hamkorlikda tayyorlandi. 2022-yilda telefoningizni almashtirmoqchi bo’lib, ammo 250$ dan yuqori bo’lgan telefonlarni xarid qila olmasangiz, biz siz uchun TOP-5 ta arzon va zamonaviy telefonlar ro’yxatini tayyorlab qo’ydik. Hozir ularning har birini alohida-alohida ko’rib chiqamiz.

5-o‘rin: Vivo Y31

Keling, tanishtirishni telefonning dizaynidan boshlaymiz, orqa qopqog’i chiroyli va rangi xuddi quyoshda o’zgarib, turli rangda tovlanadigandek ko’rinadi. Ammo bunday korpuslar juda ham tez kir bo’lib ketadi.

Endi uning ichki tuzilishiga o’tamiz. Protsessori – Snapdragon 662, bu juda ham kuchli protsessor hisoblanmaydi, ammo o’yinlarni minimal grafikalrda o’ynab, asosiy vazifalarni bajarish uchun bemalol yetadi. Mana masalan, Geekbench testlari bunday telefonlar uchun yomon emas.

Displey esa yuqori sifatli Full HD, ammo faqatgina 60 gertsli (hz), afsuski 90 gertsligi (hz) mavjud emas. Bundan tashqari menyuni harakatga keltirsangiz, ozgina qotishlarini sezishingiz mumkin. Ammo displey 60 gerts bo’lganligi uchun juda ham ko’p energiya sarf qilmaydi, shuning uchun 5000 mAh batareya bilan ushbu telefon bir kun siz uchun “yashab” beradi.

Doimiy xotirasi – 64 GB va 128 GB ga ega va ularni qo’shimcha fleshka yordamida kengaytirish imkoni mavjud. Ram xotirasi ushbu telefonda 4 GB, shu sababli ushbu telefonga birdaniga bir nechta vazifalarni yuklab qo’yish tavsiya etilmaydi. Lekin agar siz o’yinlar o’ynamaydigan odam bo’lsangiz, xotirani shunchaki kengaytirib, turli musiqa, rasmlar va videolar bilan to’ldirsangiz bo’ladi.

Kamerasi. Telefonning frontal kamerasi – 8 MP, orqa kamerasi esa – 48 MP.

Telefon barcha asosiy fazifalarni bajara oladi, uning ishlashiga baho berish esa o’zingizdan.

Telefonning narxi: 205$

4-o‘rin: Samsung Galaxy A22

Nima uchun bu telefonni Vivo’dan bir pog’onaga qo’ydim? Sababi bunda Vivo’ga qaraganda 90 gertsli (hz) Super AMOLED displey mavjud. Ammo yorug’ligi unchalik baland emasligi hisobiga, quyosh tagida ishlatishga biroz qiynalishingiz mumkin.

Telefonning dizayni esa “O’zini yig’ib olgan, jiddiy, og’ir-bosiq, davlat ishxonasida ishlaydigan odamlar uchun” mos tushsa kerak. Telefonning kodini terib o’tirmasdan qo’ng’iroqlarni darhol amalga oshirish uchun telefonning o’ng yon tarafida barmoq-izi skaneri o’rnatilgan.

Protsessori – Mediatek Helio G80. O’yinlarni o’rtacha grafikalarda o’ynashingiz mumkin, ammo qotishlarga ham tayyor bo’lib turing. Geekbench testlari ham oldingi telefondan sal farq qiladi.

Ichki xotirasi – 64 GB va 128 GB, Ram xotirasi – 4 GB va 6 GB. Bundan tashqari xotirani kengaytirish uchun qo’shimcha fleshka qo’shsangiz ham bo’ladi.

Telefon signal tutishi bo’yicha lift va binoning pastki qavatlarida yaxshi aloqa olib bera olmadi, ammo bu mening shaxsiy fikrim, balki bu kimgadir bilinmasligi ham mumkin.

Kamerasi. Kamerasiga optik stabilizator o’rnatilgan bo’lib, agar siz videolarni yurgan holatda tasvirga olsangiz, imkon qadar uni qimarlamasdan olib berishga harakat qiladi, bir so’z bilan aytganda titrab ketmaydi. Asosiy kamerasi – 48 MP, selfi kamerasi esa – 13 MP.

Batareyasi esa 5000 mAh. Telefon bunday ekran va protsessor bilan 1,5 kun davomida chidab beradi. Masalan, tinmasdan video ko’rganimda telefon 15 soat chidab berdi.

Telefoning narxi: 220$

3-o‘rin: Samsung Galaxy A32

Ushbu telefonga 3-o’rin qay darajada ishlashi yoki batareyasi uchun emas, balki dizayni uchun berildi. Bu bilan protsessor va batareyasi yomon demoqchi emas, ammo tashqi ko’rinishi alohida e’tiborga loyiq.

Telefonning kameralari korpusning ichiga o’rnatilgan, halaqit beruvchi ortiqcha narsalar o’rnatilmagan. Displeyning o’zi ham A22 ga qaraganda baquvvatroq, chunki bu yerda Corning Gorilla Glass 5 oynasi o’rnatilgan hamda ko’rsatish ham ushbu telefonda tiniqroq, chunki bir nuqtaga mo’ljallangan piksellar miqdori 411 ta, ya’ni oldingi telefonga qaraganda 2 karra ko’proq.

Yorug’lik berishi ham balandroq 811 Nit, ammo bu ko’chada quyoshning tagida ishlatishga hali ham kamlik qilsa ham, ammo xonaning ichidan sizni juda qoniqtiradi. Ayniqsa, kino ko’rish uchun juda ham zo’r!

Barmoq-izi skaneri esa displeyning ichiga o’rnatilgan. Bunday narxdagi telefon uchun bu yomon emas, ammo shu skanerning ishlashi juda ham tez emas va ba’zida barmog’ingizni tanimay qolishi ham mumkin.

Qolaversa, telefoning protsessori esa oldingi telefondagidek – Mediatek Helio G80. To’g’ri aytsam, Geekbench testlarda A22 dan 4-5% ortda ham qolmoqda. Ammo o’yinlar hali ham o’ynalmoqda, masalan, PUBG 40 fps’da o’zini yaxshi ko’rsatdi, ammo Asphalt-9 minimal grafikda ham ancha-muncha qotdi. Agar juda og’ir o’yinlarni o’ynamasangiz, albatta, qotishlarga uchramaysiz.

Kamerasi. Ushbu telefoning kamerasi bizni ancha xursand qildi. Asosiy kamerasi – 64 MP va hattoki “tun” rejimi ham mavjud. Lekin nima bo’lganda ham, agar siz kunduzi va kechki rasmlarni solishtirsangiz, “tun” rejimidagi rasmlar telefon arzon ekanligini bildirib qo’ymoqda. Sifati birozgina pastroq. Selfi kamerasi esa – 20 MP va natijasi yomon emas. 

Batareyasi haqida gapiradigan bo’lsam, bu telefonda ham 5000 mAh, ammo displeyi yaxshiroq bo’lganligi hisobiga sal ko’proq energiya sarf qiladi. Ushbu telefon ham 1,5 kun yashab beradi, ammo A22 ga qaraganda 3-4 soat kamroq.

Telefonning narxi: 260$

2-o‘rin: Redmi Note 11

Ushbu o’rin, albatta, “Arzon telefonlar qiroli – Redmi”ga tegishli. Oldinlari yaxshi kamera, displey yoki protsessor uchun ko’p pul to’lash kerak bo’lardi, hozir esa ekonom klassda ham har tomonlama qoniqtiradigan telefonlar chiqishni boshladi. Oldingi 2 ta Galaxy’ga qaraganda ushbu telefonda suvdan himoyalovchi  – IP53 tizimi mavjud. 

Displey ham AMOLED va 90 gertsga (hz) ega va barcha harakatlar silliq amalga oshmoqda. Yorug’lik berishi Samsung’dan biroz patroq bo’lsa-da, baribir yetarli darajada, ya’ni – 733 nit, kino va klip ko’rish uchun bo’laveradi. Agarda o’yin o’ynamoqchi bo’lsangiz, ushbu telefonga Snapdragon 680 o’rnatilgan. Test natijalari Galaxy A32’ga qaraganda taxminan 25% balandroq. Lekin bu o’yinlarni maksimal grafikda o’ynay olasiz degani emas, baribir sozlamalarni minimalga qo’yib o’ynashga to’g’ri keladi. 

Batareyasi esa, albatta, 5000 mAh, bundan tashqari, 33 W li tez quvvatlagichi bor. Bu degani siz yarim soatda (30 minut) 50% quvvatlantirishingiz mumkin. Telefon 100% quvvatlangach esa 38 soat ishlab bera oladi. Agar to’xtamasdan o’yin o’ynasangiz, taxminan 6 soatga yetadi, to’xtamasdan video ko’rsangiz, 16 soatga yetadi (taxminan 8 ta kino degani).

O’ng tomonda joylashgan barmoq-izi skaneri juda yaxshi va tez ishlaydi va kamerasi ham yuzingizni pastga qaratib qo’ymaydi.

Kamerasi. Asosiy kamera – 50 MP va rasmlar o’z narxiga yarasha chiqadi, selfi kamerasi esa – 8 MP. Sizlarni bildim-ku, men tabiiy rasmlarni yaxshi ko’raman, ammo negadir Xitoy telefonlari o’zidan sun’iy chiroy qo’shib qo’yadi.

Telefoning narxi: 220$

1-o‘rin: Redmi Note 10S

Ushbu telefon chiqqaniga ancha bo’lgan bo’lsa ham, hali ushbu model ancha-munchasini ortda qoldirmoqda.

Birinchidan, telefoning dizayni o’zgacha, qopqoq qismi chiroyli.Ikkinchidan, Note 11 ga qaraganda ushbu telefoning kamerasi yaxshiroq. Asosiy kamerasi 64 MP, ushbu kamerada 4K videolarni ham olsangiz bo’ladi, qolaversa, bu yerda “Portret” tizimi ham mavjud. Ya’ni rasmga tushganingizda orqa fonni blyur qilib beradi. Selfi kamerasi esa -13 MP.

Protsessori – Mediatek Helio G95 bo’lib turgan bo’lsa ham, bu Redmi Note 11 ning Snapdragon 680 test natijalariga ko’ra 20-25% ga ortda qoldirdi. Masalan, PUBG ni past grafikda, lekin 50 fps’da o’ynashingiz mumkin, Asphalt-9 ni esa 30 fps’da o’rtacha grafikalarda ham o’ynash mumkin.

Batareyasi ham, ushbu telefonda – 5000 mAh, bemalol 1 kun ishlatishga yetadi. Tez quvattalagich yordamida yarim soatda 50% quvvatga ega bo’ladi. Men hayronman, qimmat iPhone’larning batareyasi 1 kunga ham yetmaydi, ammo arzon Redmi’larning batareyasi 1,5 kungacha yetadi?!

Telefonning narxi: 230$

Qadrli do’stlar, o’zingiz uchun shoshma-shosharlik bilan telefon xarid qilmang, sotib olishdan avval uning texnik xususiyatlarini ko’rib chiqing, shundan keyin agar telefon sizga ma’qul kelsa, unga ega chiqishni tavsiya qilamiz!