“Yoshlar daftari”ning qanday imkoniyatlari mavjud?

2024 – yil «Yoshlar va biznesni qo’llab – quvvatlash» deb nomlangani bejizga bo’lmadi. Shu munosabat bilan yil boshidan yoshlarga oid turli qarorlar qabul qilina boshladi. Buning yaqqol misoli qilib, endilikda yurtimizdagi “Yoshlar daftari”ga kirgan yoshlar uchun ko‘rsatiladigan yordam turlari 30 taga yetdi. Avlod Media ham ushbu yordam turlarini to‘liq yoritish va tanishtirish maqsadida ushbu maqolani tayyorladi.

2023-yil yakuniga qadar yoshlar yetakchilari tavsiyasi bilan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 338 ming nafar yoshga 444 mlrd so‘mlik yordam ko‘rsatilgan. Keling, hozir “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar uchun qanday ijtimoiy yordamlar mavjudligi bilan atroflicha tanishib chiqamiz;

  1. Moddiy ahvoli qiyin yoshlarga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish;
  2. Yoshlarning tadbirkorlik, kasb-hunar, haydovchilik va qayta tayyorlov kurslarida o‘qitish xarajatlarini qoplash;
  3. Yoshlarga urug‘lik va ko‘chatlar xarid qilish uchun subsidiya ajratish; 
  4. Yoshlarga tadbirkorlik faoliyati va o‘zini o‘zi band qilish uchun noturar joyning ijara xarajatlarini qoplash;
  5. Yoshlarga tadbirkorlik faoliyatini boshlash va o‘zini o‘zi band qilishga zarur bo‘lgan asbob-uskunalar va mehnat qurollarini xarid qilishga subsidiya ajratish; 
  6. “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarning mamlakatimizdagi professional va oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olish bo‘yicha to‘lov-kontrakt summasining bir qismini to‘lab berish; 
  7. Yoshlarga, jumladan, yosh oilalarga turar joy ijarasi kompensasiyasini to‘lash;
  8. Yoshlarning ish bilan bandligini ta’minlash;
  9. Yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish;
  10. Yoshlarning xorijda xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migrasiyasini tashkil etish;
  11.  Yoshlarning safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmati badalini qoplash;
  12.  Yoshlarga tibbiy, huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish;
  13. Yoshlarning iste’dodlarini qo‘llab-quvvatlash, besh muhim tashabbusni ro‘yobga chiqarish va uning doirasidagi tadbirlarni “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish; 
  14.  Yoshlarga avtotransport vositalari haydovchilarini tayyorlash kurslarida o‘qish xarajatlarini kompensatsiya qilish –Xususiy tashkilotlarga ishga qabul qilingan, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni kasbga qayta tayyorlash kurslarida o‘qitish xarajatlarini kompensatsiya qilish; 
  15. Xususiy tashkilotlarga ishga qabul qilingan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni kasbga qayta tayyorlashga sarflanadigan xarajatlarini kompensatsiya qilish;
  16. Yoshlarning xorijiy tillar va umumta’lim fanlari bo‘yicha nodavlat ta’lim tashkilotlarida o‘qish xarajatlarining bir qismini hamda ular bo‘yicha milliy sertifikatlar olish uchun o‘tkaziladigan imtihonlarni topshirish xarajatlarini qoplab berish;
  17. Professional ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan o‘quvchi yoshlarga ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonalarida ishlab chiqarish amaliyoti davri uchun subsidiya ajratish va yana boshqa bir qancha imkoniyatlar mavjud.

O‘tgan yil, davomida ijtimoiy himoyaga muhtoj 49 453 nafar talabaga ta’limni davom ettirishi uchun 132 mlrd so‘m kontrakt pullari to‘lab berildi; bundan tashqari ishsiz bo‘lgan 18 544 nafar yoshga 59,8 mlrd so‘mlik asbob-uskuna va mehnat qurollari ajratilib, mahallaning o‘zida bandligi ta’minlandi;
band bo‘lmagan 17 321 nafar yosh ilm-fan, zamonaviy kasblar va haydovchilikka o‘qitilib, 26 mlrd so‘m o‘quv kurs xarajatlari to‘lab berildi. Ushbu ma’lumotlarni Yoshlar ishlari agentligining axborot xizmat xabar qildi. Bunday imkoniyatlar yoshlarning o‘zini rivojlantirishi, ta’lim olishi va ish bilan ta’minlanishi borasidagi juda katta islohotlar samarasi deb ayta olamiz.

“Yoshlar daftari”ga ro‘yxatdan o‘tish Yoshlar daftari elektron platformasi orqali amalga oshiriladi. Ammo ushbu daftarga kirish uchun ham sizning qo‘lingizda asosingiz bo‘lishi lozim. Asos qanday bo‘lishi kerak? Demak, asos tariqasida siz 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan fuqaro kam ta’minlangan oilaning farzadi bo’lsangiz, ishsiz yosh yoki nogironligi bo‘lgan yosh bo’lsangiz, profilaktik nazoratda turuvchi yosh bo’lsangiz, ilm o‘rganishga ishtiyoqi baland bo‘lsangiz, mehribonlik uyida tarbiyalanuvchi bo’lsangiz, boquvchisini yo‘qotgan bo’lsangiz, tibbiy hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar qatoriga kirsangiz ushbu daftarga ro’yxatga olinasiz. Agar siz ham ushbu toifalardan biriga kiradigan bo‘lsangiz elektron platforma orqali ro‘yxatdan o‘tishingiz talab qilinadi.Boshqa ma’lumotlarni Yoshlar ishlari agentligi ning rasmiy sahifalaridan olisangiz bo’ladi.