Yoshlar Akademiyasi – g‘oyalaringizni kutmoqda!

Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vazirligi Yoshlar akademiyasiga iqtidorli yoshlarni a’zolikka chorlaydi. Xo‘sh, Yoshlar akademiyasi o‘zi qanday tuzilma? Keling, avval shu savolga batafsil javob olamiz.

Yoshlar akademiyasi

Ilmiy innovatsion sohada faoliyat yuritayotgan iqtidorli yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, mamlakat ilm-fanining xalqaro miqyosdagi raqobatbardoshliligini ta’minlash, mavjud ilmiy maktablar salohiyatini yanada mustahkamlash hamda ularning innovatsion salohiyatini rivojlantirish maqsadida yuridik shaxs maqomisiz tashkil etilgan tuzilma hisoblanadi.


Yoshlar akademiyasi a’zoligiga qabul qilish

2023-yil 1-sentyabridan boshlab 40 yoshgacha bo‘lgan iqtidorli yoshlar, startapchilar, biznes vakillari va yosh olimlar Yoshlar akademiyasining “Gʻoyalar generatori”, “Startaplar”, “Biznes vakillar” hamda “Boʻlajak akademiklar” platformalari orqali Yoshlar akademiyasi aʼzoligi uchun jamoa shaklida (2-5 nafar) ariza topshirishlari mumkin.

Yoshlar akademiyasi platformalari

“G‘oyalar generatorlari” — Yoshlar akademiyasining asosiy yo‘nalishlariga tegishli bo‘lgan ma’lum bir muammoning yechimiga qaratilgan innovatsion g‘oyaga ega jamoalar platformasi;

“Startaplar” — o‘z g‘oyasi va ushbu g‘oyani amalga oshirishga qaratilgan startap loyihalari va ularni amalga oshirish bo‘yicha aniq rejaga ega jamoalar platformasi;

“Biznes vakillari” — faoliyatida ilm-fan va innovatsiya yutuqlarini qo‘llagan va tegishli sohada kamida 1 yillik tajribaga ega bo‘lgan jamoalar platformasi;

“Bo‘lajak akademiklar” — yuqoridagi platformalarda faol ishtirok etgan, mamlakatning ilm-fan rivojlanishiga katta hissa qo‘shayotgan yuqori ilmiy salohiyatga ega olimlar platformasi.

Yoshlar akademiyasi aʼzolarining huquqlari

Yoshlar akademiyasi aʼzolari quyidagi huquqlarga ega:

– Yoshlar akademiyasi tomonidan muvofiqlashtiriladigan “Bo‘lajak olim” tanlovi va “Akademik harakatchanlik” dasturlarida ishtirok etish;

– O‘zbekiston hududida ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirish;

– Yoshlar akademiyasi aʼzolari oʻzlari faoliyat olib borayotgan istiqbolli yoʻnalishlar boʻyicha tanlovda qatnashish;

– Yoshlar akademiyasi faoliyatini takomillashtirish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish va oʻrnatilgan tartibda taqdim etish;

– Yoshlar akademiyasi tomonidan xorijiy davlatlarning nufuzli tashkilotlarida tashkil etiladigan malaka oshirish dasturlarida ishtirok etish;

– Amaliy, innovatsion va startap-loyihalarni ishlab chiqish, ularning natijalari asosida tayyorlangan innovatsion mahsulotlarni tijoratlashtirish;

– Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasining xorijiy tashkilotlarda malaka oshirish va stajirovkalar boʻyicha dasturlarida ishtirok etish;

– Davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida bajariladigan yosh olimlar ilmiy-texnik loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirishda qatnashish;

– Biznesni tashkil etish va rivojlantirish, shu jumladan, biznes-rejalar va taʼsis hujjatlarini tayyorlash, sugʻurta, buxgalteriya, hisobot berish, biznes-sheriklarni, mini-texnologiyalar va uskunalarni topish bilan bogʻliq xizmatlarini tashkil etish boʻyicha muntazam oʻtkaziladigan mahorat darslarida qatnashish;

– Mahalliy va xalqaro ilmiy-ommabop nashrlarda maqolalar nashr qilish;

– Yoshlar akademiyasi aʼzolari qonun hujjatlarida belgilangan boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.

Demak, g‘oyalaringizni amalga oshirish maqsadida yurgan bo‘lsangiz Yoshlar Akademiyasiga https://edu.uz/uz/pages/Yoshlar_akademiyasi_azoligiga_ariza_topshirish#gsc.tab=0 a’zo bo‘ling va qonun bilan belgilangan huquqlarga ega bo‘ling. O’z imkoniyatlaringizdan foydalaning va yanada ko’proq yuksalishga zamin yarating.