Kutganlarimiz – asliga qarshi: Webster universiteti talabalari bilan suhbat

«Men boshqa mamlakatdagi boshqa universitetga kirganbo‘lardim. O‘zbekistondagi Amerika orzusi ish bermadi» – Toshkentdagi Webster universiteti talabalari o‘z tanlovlari, umidlari va universitet ichidagi voqealar haqida so‘zlab berishdi.


Shirina Shuhratova, Xalqaro munosabatlar fakulteti 2-bosqich talabasi:

Men O‘zbekistonda o‘qishni rejalashtirmagandim, lekin pandemiya mening rejalarimni o‘zgartirib yubordi. Shu yerda o‘qishga to‘g‘ri keldi. Bu yerda Vestminster va Webster universitetlaridan birini tanlashim kerak edi. Websterga borishga qaror qildim, chunki faqat u yerda xalqaro munosabatlar va siyosat haqida dolzarb ma’lumotlarga ega bo’lishim mumkin deb o‘yladim.

Universitetdan biror qiziqarli narsa kutmagandim.

Lekin hammasi aksi bo‘lib chiqdi. Websterdagi ta’lim – kuch. Ta’lim sifati barcha standartlarga javob berishi uchun astoydil harakat qilayotgan professorlar va ma’muriyat – alohida taqsinga loyiq.

Birinchi kundanoq, agar chindan ham O‘QISHNI istasak, biz uchun nafaqat barcha eshiklar ochiqligini uqtirishgan. Mavzuni tushunmasangiz – marhamat, mana sizga darsning yozib olingan video versiyasi. Unda ham tushunmasangiz, professor bilan ochiq muloqat qilishingiz mumkin. Bu ham yordam bermasa, shu mavzuni boshqa guruh bilan qayta o‘tishingiz mumkin. O‘qishdan charchab, bilimingizni amalda mustahkamlamoqchimisiz – amaliyotga marhamat. O‘qish ham, amaliyot ham joningizga tegdimi (taltaygan erkatoy) – mana sizga ziyofat.

Menga dastlabki ikki bosqichda maxsus darslar asosiylari bilan galma-galdan kelishi yoqadi. Misol uchun, dasturimda statistika darslari bor va men siyosat yoki tarixdan zerikkanimda, raqamlar dunyosiga sho‘ng‘ib ketaman.

Yana bir ijobiy tarafi – tanlov imkoni. Fakultetingizdan qat’iy nazar, majburiy va tanlash imkoni bor darslar mavjud.

Boshida yoqmagan yagona narsa – doimiy guruhning yo‘qligi. Amerika ta’lim tizimida bunday narsa yo‘q, shuning uchun birinchi yili mening darslarim turli guruhlar bilan bo‘lib o‘tdi va do‘st orttirishim qiyin bo‘ldi.

Websterda sizning mustaqil va o‘qituvchinikidan farqli fikringiz mavjud bo‘lsa, unda sizga avtomatik ravishda ballar hisoblanadi.

Masalan, falsafa bo‘yicha ma’ruzada professor gender kamsitish yo‘qligini aytganini xotirlayman. Eh, u bilan qanchalik bahslashgandim. Dars oxirida o‘z ilovamda uning mavzusi bo‘yicha eng yuqori ballni ko‘rdim.

Lekin ba’zida nizolar bo‘lib turadi. Ikkinchi bosqich talabalari o‘qituvchilardan biri bilan qattiq ziddiyatga borishdi. O‘qituvchi gomoseksualizmning tug‘ma ekanligini tilga olib o‘tgan va bu yigitlarga yoqmagan. Ular o‘qituvchining boshqa ma’ruzalarini videoga olib internetga joylashgan.

Menimcha, an’anaviy va konservativ qarashlarga ega bo‘lganlarning Websterda o‘qishi qiyin bo‘ladi, chunki bu yerda liberal muhit mavjud.

Universitetimizda korrupsiya yo‘q. Biz vazifalarimizni yuboradigan platforma bunga yo‘l qo‘ymaydi, u yerda hamma narsa avtomatik ravishda saqlanadi. Jarayonlar shaffof. 

Bosqichlarda doimo yiqiladiganlar feyllar olishni boshlaydi va chetlatiladi. Tabiiy tanlov.

Ijtimoiy hayot bu yerda qizg‘in. Bizda nomiga emas, balki rivojlanishga qaratilgan tadbirlar ko‘p. Misol uchun, bizda psixologik treninglar, o‘z-o‘zini himoya qilish masg‘ulotlari va hatto zumbani o‘z ichiga olgan Women’s day tashkil qilingan.

Meni ayniqsa «New students orientation day» hayratga soldi. Bu birinchi bosqich talabalarini universitet bilan tanishtirish kunidir. Har bir birinchi bosqich talabasiga birinchi o‘quv yili davomida unga yordam beradigan va qo‘llab-quvvatlaydigan «connection leader» biriktiriladi. O‘z vasiyligimda «connection leader» sifatida taxminan 40 ta talaba bor edi.

Bizda kiyinish erkin, hatto pijamada ham kelishingiz mumkin. Eng muhimi, sizga qulay bo‘lsin.

Bundan tashqari, bizning talabalarga turli xil, ba’zilari esa keyinchalik ishga qabul qilish sharti bilan amaliyot imkoniyatlarini taqdim etadigan kanalimiz bor.

Websterdagi talabalik – birinchi navbatda o‘qituvchilar bilan qizg‘in bahs-munozara bo‘lsa, ikkinchidan do‘stlar bilan hordiq chiqarishdir. Kontrakt puli, albatta, o‘zini oqlaydi.


Parizoda Muxamedova, 1-bosqichdan so‘ng o‘z xohishiga ko‘ra universitetni tark etgan, «Media» fakulteti:

Men har doim Amerika, Yevropa yoki Koreyada o‘qishni xohlardim, ammo pandemiya tufayli O‘zbekistondagi universitetlardan birini tanlashimga to‘g‘ri keldi.

Universitet yangi ekanligini tushunganim uchun katta umidlarim yo‘q edi, Birinchi semestr onlayn o‘qidik. Kamchiliklar bor edi va ularga ko‘z yumdim, chunki o‘qituvchilar va ma’muriyat jarayonlarni yuqori darajada ushlab turishga harakat qilishardi.

Kampusda o‘qish boshlangan ilk damlarda menga hamma narsa yoqardi: ko‘plab ijodiy odamlar va jihozlar. Deyarli, barcha o‘qituvchilar qiziqarli bekgraund va yondashuvga ega chet elliklar edi.

Agar siz odatdagi o‘zbek sinfidan chiqib kelib, ta’limga hamma boshqacha qaraydigan muhitga tushib qolsangiz, yoqimli hayajonda bo‘lasiz.

Keyinchalik tizimdan hafsalam pir bo‘la boshladi. Amerikalik universitetlar talabalarga darslarni tanlash imkonini berishi bilan mashhur. Qabul qilishdan oldin bizga 3 ta majburiy dars va qolganlarini esa ixtiyoriy ravishda tanlanishimiz mumkinligini va’da qilishgandi, ammo keyinchalik majburiy bo‘lmagan darslarni majburiy qilishdi. Talabalarning shikoyatlariga javoban esa, hozirda talabalar soni kamligi sababli ular bunday imkoniyatni bera olmasliklarini, shuningdek, ta’lim rejasi allaqachon tasdiqlanib, biror narsani o‘zgartira olmasliklarini aytishdi.

Websterda, asosan, «self-study»ga urg‘u beriladi. O‘qituvchilar uy vazifasini talab qilmaydi, doskaga chiqarishmaydi. O‘qish yoki o‘qimaslik – sizning tanlovingiz. Avvaliga menga bu yoqardi, keyin esa aksi ekanligini angladim. O‘qituvchilar talaba mavzuni qanday o‘zlashtirayotganiga befarqday tuyulardi. Hech qanday takrorlash, munozaralar yo’q edi. Bilimingiz testda baholanardi. Bu sub’ektiv jihat, lekin mening intilishlarimni susaytirdi. Hech kim sizni tekshirmasa, o‘qiyotganingizning nima qizig‘i bor?

Fanlar juda mavhum bo‘lib, amaliy hech narsa yo‘qdek ko‘rina boshladi. To‘g‘ri, biz ijodkorlikka e’tibor qaratamiz, lekin vazifalar men uchun juda oddiy, xuddi kino tomosha qilish yoki insho yozish kabi bir narsa edi. Men rivojlanishga bo‘lgan qiziqishimni yo‘qotdim.

Misol uchun, taqdimotlar tayyorlash haqida business-writing darsi bor edi. O‘qituvchi Power Pointda boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan tutorial namoyishini boshladi. Biz buni bilishimizni tushuntirish uchun qilgan urinishlarimiz besamar ketdi. Haqiqatan ham, eng boshida, darslar uch soatdan davom etardi, lekin keyinchalik hamma bo‘shashdi va o‘qituvchilar dars oxirigacha vaqtni cho‘zadigan bo‘lishdi.

Ehtimol, men ob’ektiv biror narsa aytolmasman, chunki atigi bir yil o‘qidim, lekin men universitet yetarli bazani ta’minlaydi deb o‘ylamayman, chunki amaliyot kam va o‘qish juda oson.

Fandan o‘ta olmasangiz, demak zehningiz past. Shuning uchun bizda korrupsiya kuzatilmagandi.

Tilni faqat amerikancha muhitda bo‘lib amaliyotda o‘rganishni kutayotganingizda, hali ham O‘zbekistonda o‘qiyotganingizni his qilish men uchun yana bir yoqmagan jihat bo‘ldi. Rus tilida so‘zlashuvchi o‘qituvchilar ba’zan darslarni ingliz tilida emas, balki rus tilida o‘tardilar, agar oshxonada yoki darsdan keyin siz ingliz tilida gapirsangiz, sizga mahmadonani ko‘rib qolgandek ajablanib qarashardi.

Kontrakt puli umuman o‘zini oqlamaydi. Bu – universitetni tark etishimning asosiy sababi edi. Bu fakultetda yoki 1-kursda o‘qish juda oson bo‘lganligi uchunmi, ammo bu bilimlarni internetda ham topish mumkin, faqat bu yerda hamma narsa tizimlashtirilgan va oxirida sizga diplom beriladi.

Men boshqa mamlakatdagi boshqa universitetga kirishdan mamnun bo‘lardim. Amerika orzusi O‘zbekistonda sodir bo‘lmadi.


Izzatilla Sunnatullayev, 1-bosqich talabasi, «Xalqaro munosabatlar» fakulteti:

Universitetga hujjat topshirishdan avval Singapur, Akfa va Webster universitetlaridan birini tanlashim kerak edi. Oxirgisida to‘xtadim, chunki shart-sharoitlari yoqdi: Amerika diplomi va birinchi bosqichdan so‘ng Websterning chet eldagi istalgan kampusida o‘qishni davom ettirish imkoniyati.

Men o‘qish oson bo‘lishini kutgandim, lekin birinchi kundanoq bizga chindan ham o‘qishimiz kerakligini aniq tushuntirishdi.

Ta’lim tizimi menga yoqadi. O‘qituvchilar hozirdanoq o‘z yo‘nalishimiz bo‘yicha ish boshlashni tavsiya qilishadi, turli amaliyot dasturlari va qo‘shimcha o‘quv materiallarini taklif etishadi. Shuningdek, talabalar Amerikaning Sent-Luis shtatidagi Webster universitetining elektron kutubxonasidan foydalanish imkoniyatiga ega.

Korrupsiya yo‘q. Talabalar o‘zlashtirishlariga qarab baholanadilar. Agar kimningdir ballari past bo‘lsa, unga vazifalarini qayta topshirish imkoniyati beriladi, aks holda u chetlatiladi. Bu shunchaki gap-so‘z emas, chindan ham chetlatilgan yoki takroriy semestrda qoldirilgan talabalar bor.

Universitet ichidagi muhit amerikancha: qat’iy kiyinish talabi yo‘q, darsdan keyin do‘stlar bilan to‘planib, sport o‘yinlarini o‘ynashingiz va universitet hududida shunchaki yaxshi vaqt o‘tkazishingiz mumkin. Bu yerdagi talabalar ahil va samimiydir.

Shartnoma miqdori o’zini to’liq oqlaydi. Universitet rivojlanish uchun zarur bo’lgan hamma narsani beradi: xorijiy o’qituvchilar, qulay shart-sharoitlar, harakat va fikr erkinligi.


Daler Gaffarov, 2-bosqich talabasi, «Media» fakulteti: 

Moliyaviy yetishmovchilik tufayli chet el universitetlariga kirish uchun bo‘lgan barcha urinishlarim muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Shunda men o‘qishga kirish uchun faqatgina IELTS bo‘yicha 6.5 dan yuqori ball va maktabdagi yuqori reyting talab etiladigan Websterga duch keldim.

O‘zim Kelajakda shug‘ullanishni xohlaganlarim – aktyorlik, rejissyorlik, ssenariy yozishga yaqin bo‘lgan «Media» fakultetini tanladim.

Websterni tanlar ekanman: «Oh, bu ajoyib va qiziqarli bo‘lishi kerak. Hech bo‘lmaganda nufuzli Amerika universitetida o‘qiyman» – deb o‘yladim.

Bizni professionallar o‘’qitishini va men yuqori darajadagi media mutaxassisi bo‘la olishimni kutgandim, lekin mening hamma umidlarim ham o‘zini oqlamadi.

O‘z-o‘zidan, «Media Studies» yo‘nalishi katta tortishuvlarga sabab bo‘ladi, chunki u talabani professional darajada ishga tayyorlamaydi. Biz bir vaqtning o‘zida turli yo‘nalishlarni o‘rganamiz – jurnalistika, sotsiologiya, rejissyorlik, ssenariy mahorati va boshqalar. Savol tug‘iladi: biror sohada eng yaxshisi bo‘lishingiz mumkin bo‘lganda, hammasida o‘rtacha bo‘lishning nima keragi bor?

Universitetda qolganimning arzirli yagona sababi – amerikalik rejissyor Piter Shokining (Peter Schokey) bizga kino va tv-prodakshndan dars berishidir. U tufayli bizda kameralar, mikrofonlar, yoritish jihozlaridan foydalanish va studiyalarga bepul kirish imkoniyati mavjud. Qolaversa, u bizga ushbu jihozlardan foydalanishni o‘rgatadi.

Bizning dasturimizda juda ko‘p narsalar yetishmaydi. Ijtimoiy media, rejissyorlik, kontent-prodakshn bo‘yicha ko‘proq dars soatlari kerak. Asosiysi, psixologiya kabi keraksiz dasrlar kamroq bo‘lishi kerak. OAV xodimi sifatida menga yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda qaysi turdagi ong rivojlanishi bo‘lishini bilish shart emas. Yoki, masalan, statistika. Bu haqda biror nima deyishning keragi ham yo‘q – mutlaqo keraksiz fan.

Ishonch bilan bahslasha olmayman, lekin agar shunday davom etsa, universitet menga beradigan yagona narsa – marketing va rejissyorlik bo‘yicha ba’zi bilimlardir.

Talabalalik xotiralari sifatida qisqa metrajli film va reklamalarni suratga olish hamda aktyorlik faoliyati yodimda qolsa kerak.

Talabalar o‘rtasidagi munosabatlar yaxshi, hamma bir-birini qo‘llab-quvvatlaydi. Ko‘pchilikning kirishimli, aqlli va zamonaviy ekanligidan xursandman.

Biroq, intellektual jihatdan yetilmagan talabalar ham bor, men ularni chetlashtirgan bo‘lardim. Bir kuni yerning tortish kuchi nima ekanligini va sayyoramizning «pastki» qismidan odamlar nega tushib ketmasligini bilmaydigan odam bilan bahslashib qoldim.

Boshqa har qanday ta’lim muassasasida bo‘lgani kabi Websterda ham hamma narsa o‘zingizga bog‘liq. Biroq, foydali fanlar kamligini tan olish kerak. Shuning uchun, agar siz universitetni tugatganingiz zahoti darhol mutaxassis bo‘lishni maqsad qilsangiz, «Media» fakultetini ustuvor deb hisoblamang.

Kontrakt miqdori o‘zini qisman oqlaydi. Hech bo‘lmasa bu yerda o‘qish qulay, zamonaviy sinflar, bir nechta yaxshi va foydali narsalar, hamda qimmatbaho jihozlardan foydalanish imkoniyati mavjud.


Jasmin Olimova, 3-bosqich talabasi, Media fakulteti:

Websterga men tasodifan kelib qoldim: Narhozda e’lonni ko’rdim, qiziqib qoldim, hujjatlarim va IELTS sertifikatini yubordim. Ikki hafta o‘tgach, qabul qilinganim haqida maktub keldi.

Men universitetdan biror g‘ayritabiiy narsa kutmagan edim. Keyinchalik chet elga ketishimga yordam beradi degan umidda hujjatlarni topshirgandim.

Lekin universitet meni hayratga soldi. Bu yerda hammasi ajoyib: xodimlar, o‘qituvchilar, jihozlar. Sizga bu yerda bola emas, balki tengqur sifatida murojaat qilishadi. Eng yoqimlisi – shu.

Universitet bilimdan ko‘proq narsa beradi. Amaliyotlar ko‘p. Ayniqsa, ommaviy axborot sohasida, ba’zi darslar rejissyorlar uchun jihozlangan maxsus studiyalarda bo‘lib o‘tadi.

Kontrakt puli o‘zini oqlaydi, narx va sifat bir-biriga mos keladi.

Universitetning yana bir afzalligi shundaki, sizning qanday kiyinganingiz va qanday ko‘rinishda ekanligingiz bilan hech kimning ishi yo‘q. Webster – o‘zingizni ifodalashingiz, o‘qishingiz va muhitdan bahramand bo‘lishingiz mumkin bo‘lgan ajoyib joy.


Umida Turdiqulova, uchinchi bosqich talabasi, «Iqtisodiyot» fakulteti:

Men AQSHda o‘qishni rejalashtirgandim, ammo sharoitlar bu yerda qolishga majbur qildi. Websterni Amerika diplomi va Amerika oliygohida o‘qish istagi tufayli tanladim.

Universitet yangi bo‘lgani va hali unchalik ishonch qozonib ulgurmagani uchun katta umidlarga berilmaslikka harakat qildim. Faqatgina o‘qish ingliz tilida bo‘lishiga, litseydan farqli ravishda «ma’naviyat» fanatizmisiz va «paxta»ning ta’siri bo‘lmasligiga umid qilgandim, biroq hammasi tasavvur qilganimdan ko‘ra yaxshiroq bo‘lib chiqdi.

Ta’lim tizimi meni birinchi kunlardanoq xursand qildi. Majburiy va ixtiyoriy darslar, ballarni hisoblash mexanikasi, xorijiy professorlar – bu yerda barcha umidlarim oqlandi.

Bu yerda butun semestr davomida o‘qimagan bo‘lsangiz, mo‘jizaviy tarzda baholar olishning hech qanday imkoni yo‘qligini yoqtiraman. Siz yoki bu bosqichni qaytadan o‘taysiz, yoki chetlatilasiz.

Ko‘proq raqobatni xohlayman. Balki yuqori akademik darajaga ega bo‘lgan talabalar uchun muayyan grantlar yoki imtiyozlarni joriy qilish mumkindir. Shuningdek, talabalar o‘rtasidagi raqobatni kutgandim. Ammo bizning universitetimizda baholar shaxsiy makonni buzmaslik uchun e’lon qilinmasdan alohida chiqariladi.

Bir kuni bir professor bilan ziddiyat yuzaga keldi. U intizom bilimdan ko‘ra muhimroq va konspektlar majburiy bo‘lgan, darsda hech qanday gadjetlar mumkin bo‘lmagan va hokazo sovet tizimi bo‘yicha o‘qitardi. Ammo ziddiyatning yechimi topildi. Ma’muriyat o‘qituvchi bilan suhbatlashdi va u garchi sinovlarda o‘zgacha talabchan bo‘lsa-da, arzimas narsalardan ayb qidirishni to‘xtatdi. Men Websterda talabalarni eshitishlari va tinglashlaridan xursandman. 

Bizda korrupsiya yo‘q. Pora berishga urinsangiz o‘qishdan chetlatilasiz. Bu yerda hatto kurs ishlarini ham sotib olish mumkin emas, chunki vazifalar o‘ziga xosdir.

Darslarga hatto cho‘zilib ketgan shim yoki g‘ijim maykada ham kelishingiz mumkin. Tashqi ko‘rinishingiz bilan hech kimning ishi yo‘q. Bu quvontiradi, albatta. Yana ham bilmadim, har kuni oq bluzka va qora yubka kiyishdan ko‘ra yomonroq yana nima bo‘lishi mumkin?

Kontrakt o‘zini to‘liq oqlaydi. Yozda men bir semestrni Seuldagi Korea universitetida o‘qidim, ular menga Webster mavzularini hisoblashdi, xuddi shunday bu yerda ham universitet Koreyadagi yozgi semestrimni hisobga olishdi. Bu bizning xalqaro standartlar bilan muvozanatimiz qay darajada ekanligini isbotlaydi.

Websterdagi talabalik – bu «true American» yoshlik.


Otabek Quvvatbekov, uchinchi bosqich talabasi, «Axborot boshqaruvi» fakulteti:

Birinchi semestr men uchun qiyin kechdi. Men o‘zimda hech qanday qiziqish uyg‘otmagan biznes yo‘nalishini tanladim. Ikkinchi semestrda men Media fakultetiga o‘tdim va hayotim yangi ranglarda jilvalana boshladi. Ikkinchi semestr oxirida fakultetimni hozirgisiga o‘zgartirish taklifi bilan xat oldim. Men darhol rozi bo‘ldim, chunki oldindan axborot texnologiyalari bilan shug‘ullanishni xohlardim.

Bizda talabalar guruhlarga fanlar bo‘yicha bo‘linadi. Har bir fan – boshqa guruh. Bu yangi aloqalarni o‘rnatish va tanishlar doirasini kengaytirishga yordam beradi. Hamda bu tizim sizga jadvalni o‘zgartirishingiz va qiziqarli bo‘lmagan fanlardan voz kechishingizga imkon beradi. Bu ajoyib.

Websterda deyarli barcha o‘zbek va amerika bayramlari nishonlanadi. Mening fikrimcha, Spirit Week eng kuchli taassurot qoldirgan va unutilmasi bo‘lgan edi. U bir hafta davom etdi va bahorda bo‘lib o‘tdi. Haftaning har bir kuni uchun yangi narsalar rejalashtirilgan edi: maskarad libosidagi bazm, spartakiyada, suv o‘yinlari va hatto hindlar festivali – Xoli. Hozir iventlar shu qadar ko‘pki, ba’zan har birida ishtirok etishdan charchaysiz.

Universitet mukammal emas, u yaqinda ochildi, ammo staff talabalarning xohish-istaklari va fikrlarini inobatga oladi. Bu yerga topshirganimdan afsuslanmayman. Mamlakatdagi boshqa universitetlar orasida munosib muqobilini ko‘rmayapman.

Websterda talabalik – bu Amerika ta’lim tizimi, xorijiy o‘qituvchilar, iventlar, qiziqarli va mazmunli talabalik hayoti, ichki hovli, favvora hamda yotoqxonaga ega chiroyli kampus va eng muhimi – Amerika diplomi.

Muallif: Jahongir Toxirov