O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1-avgustdagi qarori bilan soliq to‘lovchilar tomonidan yoshidan qat’i nazar farzandlarining professional va oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim olishlari uchun yo‘naltirilgan to‘lovlar soliq solinmaydigan daromadlar toifasiga kiritildi.
“Soliq kodeksi”ning 378-moddasiga ko‘ra:
Soliq to‘lovchining professional va oliy ta’lim tashkilotlarida o‘zining, shuningdek 26 yoshga to‘lmagan farzandlarining yoki turmush o‘rtog‘ining ta’lim olishi uchun yo‘naltirilgan ish haqi va boshqa daromadlari soliqqa tortilmaydi, ya’ni to‘langan summadan 12% daromad solig‘ini qaytarib olishi mumkin.
Amaldagi tartibga ko‘ra daromad solig‘i faqat 26 yoshgacha bo‘lgan farzandiga qilingan kontrakt to‘lovidan 12% qaytarib olish mumkin edi xolos. Yangi qonunga ko‘ra, yoshga doir cheklov olib tashlandi.
Demak, amaldagi qonun doirasida ota-onalar farzandlarining ta’lim olishlari uchun to‘langan kontrakt puliga daromad solig‘i solinmaydi.
OTMlarda o‘qiyotgan talabalar to‘lagan kontrakt pulidan yoki xususiy bog‘cha va maktablar uchun qilingan to‘lovlardan 12% qaytarib olish mumkin, bu uchun soliq organlariga borish shart emas.
Buning uchun my.soliq.uz orqali shartnoma va to‘lov hujjatlarini biriktirgan holda deklaratsiya yuborish mumkin.
“Soliq deklarasiyalarini yuborish” elektron xizmatida foydalanuvchining ish haqi va boshqa daromadlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar avtomatik shakllanadi.
Jismoniy shaxslarning quyidagilar uchun yo‘naltirilgan daromadlaridan 12% miqdorida daromad solig‘ini masofadan qaytarib olish mumkin:
1. To‘lov – kontrakt;
2. Ipoteka kreditlari;
3. Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasi va maktablar
Deklaratsiya elektron raqamli imzodan foydalangan holda yuboriladi.