Talabalar uchun yangi tartibdagi pulli amaliyotlar tashkil etiladi. Oliy ta’lim tashkilotlari talabalarining iqtisodiyot tarmoqlari korxonalarida haq to‘lanadigan ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi https://t.me/+uvviIr74utA1MGUy. Nizomga ko‘ra, haq to‘lanadigan ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish maqsadida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan talabalar o‘rtasida har yili kamida bir marotaba tanlov o‘tkaziladi. Bunda amaliyot o‘tash uchun jami 500 ta (Toshkent shahri uchun – 45 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar uchun – 35 tadan) o‘rin ajratiladi. Tanlovda ishtirok etish uchun talaba arizani shaxsan o‘zi, pochta orqali yoki elektron shaklda o‘zi o‘qiyotgan oliy ta’lim tashkilotiga topshiradi.
Tanlovda qatnashish uchun talaba:
➖bitiruvchi bosqichda tahsil olayotgan bo‘lishi;
➖ta’lim yo‘nalishi (mutaxassisligi) tarmoq korxonasidagi faoliyat yo‘nalishiga mos bo‘lishi;
➖O‘zbekiston rezidenti bo‘lishi lozim.
Oliy ta’lim tashkiloti ariza bergan talabalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yo‘llanma xati bilan Maxsus komissiyaga 5 ish kunida taqdim etadi. Maxsus komissiya ushbu hujjatlarni kelib tushgan kundan boshlab 5 ish kuni davomida ko‘rib chiqib, talabani tanlovda ishtirok etishi yoki uni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Maxsus komissiya tomonidan talaba amaliyotini tashkil etish ish rejasi himoyasi (taqdimot ko‘rinishida) o‘tkazilib, 20 kun ichida yakuniy qaror qabul qilinadi. Yakuniy qaror qabul qilingandan 10 ish kuni davomida tanlov natijalari bo‘yicha ma’lumot Vazirlikning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
Amaliyot 1 oydan 3 ochgacha bo‘lgan davr mobaynida o‘quv rejasida belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi. Talabaning amaliyot o‘tashi uchun sinov muddati belgilanmaydi. G‘olib talabalarning amaliyoti bo‘yicha xarajatlar Maxsus komissiya tomonidan yakuniy qaror qabul qilingandan so‘ng 15 kun davomida qoplanadi. Bunda talabaga BHMning 2 baravari miqdorida ish haqi va unga hisoblangan ijtimoiy soliq tegishli hisob raqamiga o‘tkaziladi. Nizom harbiy va harbiylashtirilgan oliy ta’lim tashkilotlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.