«So‘ngi qo‘ng‘iroq» yoxud bolalikka qaytgan talabalar

Qo‘ng‘iroq… Dars tugaganini anglatuvchi bu sado har gal bizni shod etardi. Qo‘ng‘iroq chalindi deguncha, uyga shoshardik… Ammo uning so‘nggisi ko‘zlarimizdan yum-yum yosh to‘kishini, qalbimizda og‘riq uyg‘otishini kim bilibdi deysiz?!

Ilk muhabbat, sinfdosh qiz, eng yaqin sirdosh, jonajon ustozlar – bugun bularning bari go‘zal bir xotiraga, umr kitobimizning oltin sahifalariga aylangan. Har bir inson maktab davrini, So‘nggi qo‘ng‘iroqni o‘zgacha hislar og‘ushida eslasa kerak. Xo‘sh, talabalar “So‘nggi qo‘ng‘iroq”ni qanday yodga olishadi? Bugun ular bilan shu mazvuda dildan suhbat quramiz.

Nigina Jo‘raboyeva

BuxDUPI Ingliz tili yo‘nalishi 1-bosqich talabasi

“So‘nggi qo‘ng‘iroq”. 11 yillik hayot sarhisobi… Birinchi kun maktabga kelganim kechagidek esimda edi, endi esa shu maktabni tark etish vaqti kelgandi. Qayg‘uli va shu bilan birga quvonchli, mas’uliyatli bir holat. Jonajon ustozlar, aka-uka, opa-singildek qadrdon sinfdoshlar, do‘stlar — ular bilan bir kun kelib xayrlashishni hatto tasavvur qilmagan edim. “So‘nggi qo‘ng‘iroq” kunida jajji o‘quvchilarning men va tengdoshlarimga bo‘lgan havasi, ustozlarimning bizga bildirgan ishonchlari, birga sinfdoshlarim bilan aytgan qo‘shiqlarimiz barcha-barchasi xotiramda kechagidek muhrlanib qolgan.

Sinfdoshlarim bilan 25-may bitiruv bayrami uchun naq 1 oy tayyorlanganmiz. Raqslar, she’rlar, ustozlarimizga tuhfalar, qiziqarli o‘yinlar hatto soch turmaklarigacha kelishib olganmiz. 24-may kuni maktabimizning tashqi hovlisini bezatish uchun barcha bitiruvchilar ter to‘kib mehnat qildik. Bezatish ishlari o‘z nihoyasiga yetdi, kechki soat 20:30 larda hamma ertangi kun uchun tayyorlanishga uyiga qaytdi. Buni qarangki, 24-may kechda shamol esib, yomg‘ir yog‘di. Ancha vaqt sarflab tayyorlagan dekoratsiyamiz barbod bo‘lgandi.

Eng qiziqarlisi esa, biz saharda maktabda yig‘ilib, hammasini boshidan bezab chiqqandik.

Men o‘zimni omadli inson deb hisoblayman, negaki ustozlarim juda malakali, o‘z kasbining ustasi va mehribon edi. Birinchi ustozim meni «Olov qizim» derdilar. Sababini bilmayman, lekin sinfdagi a’lochi o‘quvchilardan biri ekanligim uchun shunday degandirlar deb taxmin qilaman. Maktabdagi ilk muhabbat haqida aytadigan bo‘lsam, bu — juda beg‘ubor tuyg‘u. Bir biri bilan xat yozishish, yigitning qizni himoya qilishi, ulg‘aygach esa ularning do‘st bo‘lib qolishi…

Ilk muhabbat boshlang‘ich sinfdan boshlanadi, desam xato bo‘lmaydi. Nazarimda, bu holat jajji bolalarni kelajak hayotga tayyorlashning bir bosqichi.

25-may kuni ustozlarimiz sayohatga chiqishni man qilganlar. Sababi, hududimizda karantin qoidalariga amal qilish, ko‘chalarda gavjum bo‘lib yurish taqiqlangandi. Biz bitiruvchilarning bu qoidalarga amal qilishimizga esa ishonch yo‘q! Shuning uchun, tadbirdan keyin sinfdoshlarim bilan maktabning o‘zida xursandchilik qilgan edik.

Maktabning so‘nggi kunlari yangi hayotning boshlanishi ekanligini bilmagan ekanman. Talabalik hayoti insonni hayotga yanada kuchliroq qilib tarbiyalaydi. Mas’uliyatni, intizomni, mehnatsevalikni o‘rgatadi. Maktabning 9-sinfigacha bo‘lgan davrini eslasam, chin ma’noda bolalik va o‘smirlik yillarini quvonch, zavq bilan o‘tkazganimga amin bo‘laman. 9-11-sinflar mobaynida ancha ter to‘kdim. Abituriyentlikning hayotimda o‘rni boshqacha! Ammo talabalik davri chindan ham oltin davr ekanligiga guvoh bo‘ldim. Chunki bu davrda siz qaysidir jihatdan hayotda o‘z o‘rningizni topgan, yangiliklar tomon izlanayotgan, tengdoshlaringiz bilan ajoyib damlarni boshdan o‘tkazayotgan bo‘lasiz.

Diyorbek Olimov

Urganch davlat universiteti Arxitektura yo‘nalishi talabasi:

So‘ngi qo‘ng‘iroqqa tayyorlanish davrida, albatta, juda ko‘p taassurotlar bo‘ladi. Eng asosiysi hayajon, qolaversa, yoningizda qiz bola bilan chiqasiz. Ko‘plarning so‘zlari esidan chiqqan, kimlardir gul izlab ovora, kimdir so‘ngi qo‘ng‘iroq yozuvli tasmani rangi boshqachaligidan xafa… Xullas, bu kunni tassavvur qilish insonni yana o‘sha davrga tushirib qo‘yadi.

25-maygacha yetib kelishning o‘zi bo‘lmagan, chunki o‘sha o‘quv yili boshlangan payti maktabimizni ta’mirlashayotgandi. Bizni boshqa bir hududga o‘tkazishgan. Ta’mirlash ham roppa-rosa bir yil cho‘zilgan. Bitiruv kunigacha hamma joyni tozalab hashar qilganmiz. Bitiruv kechamiz boshlangan. She’rlar aytib, rasmlarga tushib, o‘ynab-kulganmiz. Eng oxirida esa videokamera buzilib qolgan. Shu bilan 25-maydan qolgan yagona esdalik ham yo‘q bo‘lgan!

Ustozlarim bilan faxrlanaman. Boshlang‘ich sinfdagi ustozim va sinf rahbarimiz juda samimiy, mehribon, xushchaqchaq inson edilar. Ularning ishonchini doim oqlashga harakat qilardim. Ikki og‘iz shirin so‘zlari uyga kelishimiz bilan dars tayyorlashga undardi. Sinfdoshlarim ichida bitta do‘stimni ko‘p eslayman. U bola hamisha “Kelajakda kim bo‘lmoqchisan?”, deganimizda “Molboqar” yoki “Rossiyaga ketarman”, deb yurardi. Hozir esa ichki ishlar organida ishlaydi.

Ilk muhabbat… Maktab payti bu tuyg‘u ko‘pchilikda bo‘lgan. Muhabbatning boshlang‘ich davri, desam xato bo‘lmaydi. Shu jumladan bu go‘zal tuyg‘u meni ham chetlab o‘tmagan. Bir kuni bir qiz uyimga xat tashlab ketgan. Uydagilar bilib qolib ancha urishishgan… Maktabdagi sevgi beg‘ubor bo‘ladi, manfaat, g‘araz bo‘lmaydi. Bitta qizni yaxshi ko‘rardim. Yillar o‘tib men o‘qishga kirdim, uni esa turmushga berib yuborishdi…

So‘nggi qo‘ng‘iroq kuni Xivani aylanganmiz. Rasmga tushib, muzqaymoq yeb, qayiqlarda suzib, maktabning so‘ngi kunini xursandchilikda o‘tkazganmiz.

Maktab davri bilan talabalik hayoti haqida gapiradigan bo‘lsam, talabalik davrida mas’ulyat ikki karra ko‘proq bo‘ladi. Chunki talabalik davrida aniq maqsad yo‘lida, katta hayot sari borasiz. Yelkangizda yuk bo‘ladi. Ayniqsa, yigit kishi uchun talabalik davri ancha mas’uliyatli bo‘ladi. Maktabda esa yosh, o‘yinqaroq bola bo‘lganmiz, lekin baribir maktab davrimiz umrimizning eng beg‘ubor davrlari bo‘lib qolaveradi.

Yulduz Jo‘raqulova

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti talabasi:

Har bir inson So‘nggi qo‘ng‘iroq uchun yillar davomida reja tuzadi, o‘sha kuni qanday bo‘lishini tasavvur qiladi. Biz ham 25-mayni intizorlik bilan kutganmiz. Lekin biz 9-sinfni tugatganimizda maktab 11 yillik sistemaga o‘tgan. 11-sinfni tugatganimizda esa “xush kelibsan, karantin”. Afsuski karantin sababli bu safargi So‘nggi qo‘ng‘iroq ham bizga nasib qilmagan. Soʻnggi qoʻngʻiroq 2002-yillarga armon boʻlib qolgan.

25-may kuni ertalab uygʻonib, maktabga boraman deb forma kiyganman. Karantin bo‘lsa ham, boraman, deb yig‘laganman. Lekin yuborishmagan. Juda alam qilgan…

Ustozlarim juda ham ajoyib insonlar edi. Ayniqsa, birinchi ustozim Saida opa – shu ustozimga havas qilardim. Sinfdoshlarim – mening oilam. Aka-uka, opa-singillardek ahil edik. Hozir ham bayram, tug‘ilgan kunlarda yig‘ilib turamiz. Ularga bir gap aytmoqchiman: “Hammangizni juda yaxshi ko‘raman, ajoyib xotiralar uchun har biringizga katta rahmat!”

Maktabdagi muhabbat… Bu haqida biror nima deyolmayman. Bolalikda sevgi nimaligini bilmaymiz, “muhabbat ham haqiqiy bo‘lmaydi”, deb o‘ylayman.

Maktab davrining ham, talabalikning ham gashti bor. Maktab davrimiz bola bo‘lganmiz, ota-onamizning erkatoyi edik. Talabalikda esa ulg‘ayganmiz, katta hayotga qadam qo‘yganmiz.

Sevinch Majidova

Toshkent shahridagi YEOJU texnika instituti talabasi:

“So‘nggi qo‘ng‘iroq” hayotimdagi eng unitilmas, go‘zal kunlardan biri bo‘lgan. U kunga tayyorgarlik ko‘rganmiz, o‘zimizcha, “Biz ham ulg‘aydik, maktabni tugatyapmiz”, deb yurganmiz-u, o‘sha kun kelganda na tilimiz aylangan, na kula olganmiz. Tomog‘imizda bir narsa tiqilib turgandek edi, go‘yo. Maktabni tashlab ketgimiz kelmagaman, ustozlarimiz bag‘ridan, sinfdoshlar diydoridan ketishni istamaganmiz!

Qiziqarli voqealar, qovun tushirishlar, hangomalar biz xohlaymizmi, yo‘qmi, albatta, bo‘ladi. Asosiy bayram tugagach, katta plakat olganmiz, qo‘llarimizni har xil rangga bo‘yab, o‘sha plakatda qo‘l izimizni qoldirganmiz. So‘ngra uni sinfimizda qoldirganmiz. Keyin o‘sha ranglar bilan bir-birimizning yuzimizga surkaganmiz. Bir-birimizni ustimizdan kulib, mazza qilganmiz!

Ustozlarim juda ham mehribon, inson edilar, ayniqsa, ona tili va adbiyoti ustozimni yaxshi ko‘rardim. Ular chin ma’noda haqiqiy inson edilar. Butun yurak, qalb-qo‘rini berib dars o‘tardilar. Qolgan darslarda e’tiborsizlik qilib, darsga quloq solmay o‘tirishimiz mumkin edi, lekin Ra’no Yahyoyeva ustozni darslarida miq etgan tovush chiqmasdi, hamma mavzuga tushunardi. Shu ustozimga havas qilib, ustoz bo‘lishni chin dildan orzu qilib, o‘qishga kirganman!

Hammada ilk muhabbat bo‘ladi. Shu ilk muhabbat ham ko‘pchilikda maktab davriga to‘g‘ri keladi. Menda ham maktab davrimda ilk muhabbat bo‘lgan. O‘z sinfdoshimni sevib qolganman. U bilmas edi, chunki men bildirmasdim. Bora-bora do‘stlashdik, yaqin bo‘ldik, u ham meni yaxshi ko‘rib qoldi. Lekin bu tuyg‘u ko‘pga bormadi, chunki bolalikdagi sevgi o‘tkinchi bo‘larkan. Shunchaki ko‘ngil-da endi! Hozir faqat sinfdoshlarmiz, lekin shu damlarni eslasak, bir-bir kulib qo‘yamiz.

Sayohatga chiqmaganman, ustozlarimiz ruxsat bermagan. Ammo bir to‘yxonani gaplashib, yig‘ilganmiz, bayram qilganmiz, diskoteka qilganmiz, gul bazmlar bo‘lgan. Xullas, “So‘nggi qo‘ng‘iroq” unutilmas xotiralarga boy bo‘lgan.

Talabalik juda ham “zo‘r” narsa ekan! Kursdoshlar bilan, ustozlar bilan munosabat juda ham samimiy, hazil-huzullar, aylanishlar, xullas, hammasi o‘zgacha. O‘qish esa doim birinchi o‘rinda. Maktab davri bilan talabalik hayoti o‘rtasida yer bilan osmoncha farq bor ekan. Maktab davridagi o‘qish, haqiqiy o‘qish emas ekan. Balki, maktab payti bola bo‘lganimiz uchun shunday tuyilgandir. Bilmadim, talabalik sizni haqiqiy inson qilib tarbiyalovchi, qiyinchiliklardan o‘tkazuvchi, maqsadlaringizga yetkazuvchi va irodangizni sinovchi ko‘prik ekan. Maktab esa shu ko‘prikka eltuvchi so‘qmoq ekan. Ko‘prik ortida ulkan marralar, zafarlar turganiga shubham yo‘q. Asosiysi, ko‘prikka yetib oldik, endi esa undan o‘tish qoldi, xolos!

Zayniddin Norquvvatov

O‘zJOKU, Teleradio jurnalistikasi, sirtqi ta’lim yo‘nalishi talabasi:

So‘nggi qo‘ng‘iroq… Ajoyib kun! Hayotim davomida bu kunni boshdan kechirmaganman. Lekin o‘zgacha his-hayajonlarga boy, qaynoq lahzalarga to‘la kunligini bilaman. 9-sinfni tugatganimda ta’lim tizimi 11 yillik bo‘lgan. Shu sababli 25-mayni biz bayram qila olmaganmiz. Men esa kollejga ketganman. 11-sinfni tugatib ham qo‘ng‘iroqni so‘nggi marta chalish bizga armon bo‘lib qolgan. Hamma bilsa kerak, 2002-yillarga So‘nggi qo‘ng‘iroq armon bo‘lib qolgan! Shundan ko‘rinadiki, bizda 25-may kuni qiziqarli voqealar ham bo‘lmagan. Sinfdoshlarimiz aytishadiki, 25-maydagi yagona voqea: hammasi onlayn, maktanbi tugatishgani dillarini og‘rtisa, So‘nggi qo‘ng‘iroqning qoldirilishi katta bir armonga aylangan!

Ustoz va sinfdoshlarim haqida gapiradigan bo‘lsam, hammasi samimiy, beg‘ubor edi. Yaxshi xotiralar qolgan. Dars qilmay borgan paytlarim kaltak yeganlarimni ham eslayman.

Bir marta ustozimdan kaltak yeb, uyga yig‘lab kelganman. Dadam sababini so‘rab, ular ham meni rosa do‘pposlaganlar!

Maktabda ilk muhabbat bo‘lmagan desam, yolg‘on bo‘ladi. Bolalikdagi “olov” beg‘ubor, sodda bo‘ladi. Shu shasht bilan yaxshi ko‘rganmiz. Lekin biror qizga sevgi izhor qilmaganman!

Qo‘polroq aytadigan bo‘lsam, maktab davrida sinfdoshlar orasida hurmat-e’tiborim zo‘r bo‘lmagan. Kollej davrida esa faol talablardan bo‘lganman. Universitetda ham shunday, ko‘pchilikning hurmatini qozona oldim deb o‘ylayman. maktab va universitet hayotini bir-birga o‘xshash deyolmayman, talabalik davri men uchun hammasidan afzalroq!

Muallif: Feruza Omonboyeva