Talabalar nima uchun so‘kinishlarini aytib berishdi

Nima uchun va qanday maqsadda odamlar so‘kinishlari haqida qiziqdik.

Odatda odamlar behayo so‘kinish so‘zlarni bir nimadan hayratda qolganlarida, xursand bo‘lganlarida, hazillashganlarida yoki kimnidir haqorat qilmoqchi bo‘lganlarida ishlatishadi.

Biz deyarli hamma joyda so’kinish so’zlarini eshitamiz, garchi bunday so’zlar ish suhbatlari yoki uchrashuvlarida ishlatilmasa ham.

Qiziq: so‘kinganlar buni nima uchun va nima maqsadda qilishayotganini tushunib yetarmikan yoki bu ongsiz va nazoratsiz holda sodir bo‘ladigan jarayonmi?

Biz talabalar o‘rtasida kichik so‘rov o‘tkazdik va uning natijasiga ko‘ra nima uchun ular so’kinish so’zlaridan foydalanishlarining 6 ta asosiy sababini aniqladik.

Har bir sabab uchun eng qiziqarli izohlar bilan bo’lishamiz:

Hissiyotlarni ifodalash

«So‘kinish – men uchun butun bir san’at. Bitta so‘kinish so‘zi  500 so‘zli inshoga qaraganda ko‘proq his-tuyg‘u va ifodaga ega. Har qanday “senzura qilingan” so‘zlarning birortasi ham so‘kinish so‘zlar beradigan his-tuyg‘ularni yetkazishga qodir emas»

«G‘azablanganimda, xursand bo‘lganimda, hayratlanganimda so‘kinaman. So‘kish – his-tuyg‘ularni yetkazishning eng yaxshi usuli. Rostini aytsam, so‘kinish shunchaki yoqimli!»

«Bu mening himoyaviy reaktsiyam. Har safar so‘z topa olmay yoki haqiqiy fikrlarimni oshkor qilishdan qo‘rqqanimda, so‘kinaman. Bunday so‘zlar orqasida, men haqiqatan ham nima deb o‘ylayotganimni yashirish osonroq»

«Yengil tortish»

«So‘kinish so‘zlarsiz adekvat odam bo‘lib qolish qiyin masala. So‘kinganimda, ichki tajovuz va g‘azabdan qandaydir «qutulaman», bu ozgina bo‘lsa ham tinchlanishimga yordam beradi»

«Qachon so‘kinaman? Biror narsa meni juda g‘azablantirgan bo‘lsa, suhbatdoshim tushunishi uchun g‘azabimni og‘zaki ifodalashim kerak: hozir men juda xafaman. Ba’zan so‘kinganimdan keyin o‘zimni yengil  his qilgandek bo‘laman»

Kichik lug’at boyligi

«Ba’zi vaziyatlarni tasvirlash yoki o‘z fikrlarimni to‘g‘ri ifodalash uchun lug‘at boyligim yetarli emas, shu sababli so‘kinish so‘zlarni ishlataman. Bundan tashqari, men odamlar so‘kinadigan muhitda o‘sganman, shuning uchun boshqacha yo‘lini bilmayman»

Odat

«So‘kinish – bu odat. Xuddi sigaret kabi. Siz chekishni xohlamasligingiz mumkin, ammo miya dangasa jonzotdir va har qanday inqirozli vaziyatda u sigaretani yoki so‘kinishni talab qiladi, chunki odatiy ssenariy bilan bu osonroq»

Hazil

«Men so‘kinish so‘zlarni ba’zan organik, kulgili va hazilkash bo‘lishiga ishonchim komil bo‘lsagina, ishlatishni yaxshi ko‘raman. Men buni kamdan-kam qilishga harakat qilaman, lekin menimcha, ba’zida o‘z vaqtida va mavzuga mos tushgan bunday so‘kishlar har qanday hazildan yaxshiroq»

Qo’shimcha va faqat talabalar sababi:

Sessiya

«Dunyoning qayerida sessiya bo’lsa, so’kinmay iloji yo’q»


Shuningdek, hech bir toifaga kiritilmagan, lekin butun tahririyatga yoqqan javob:

«Onam aytganidek: jarrohlar yallig‘langan yarani ochganda, yiring chiqib ketadi. Yallig‘langan ruh ochilganda, u yerdan so‘kinish so‘zlar chiqadi. Bunday so‘zlarni chiqarib yubormaguncha, ruhingiz tuzalmaydi.

So‘kinish – bu oddiylik, samimiylik. Men so‘kinish so‘zlar haqida «fu fu fu» deganlarni yoqtirmayman, chunki aynan shunday odamlar eng yomon ishlarga qodir. Sababi ular so‘kinmaydilar va shu yiringni o‘zlarida to‘playdilar»


Xulosa qilib shuni ta’kidlashni istaymizki, tadqiqotlarga ko’ra, so’kinish umidsizlikni yengishga va insonlar bilan yaqinlashishga yordam beradi. Ba’zan u og’riqni engillashtiradi, chidamlilikni oshiradi va ijtimoiy hamjihatlikka yordam beradi.

Ushbu material bilan biz buni oqlamaymiz va bunday so’zlardan foydalanishga chaqirmaymiz, biz faqat sabablarini tushuntirishga harakat qildik.