Sobiq talabalarning universitet hayotidan minnatdorligi haqida

«Xatolar qilish mumkin, lekin ulardan afsuslanmaysiz»: universitet bitiruvchilari talabalikdan nima uchun minnatdor bo‘lganliklari haqida aytib berishdi hamda o‘qishni davom ettirayotgan talabalarga o‘z maslahatlarini ulashishdi.


Universitet hayotimni tanib bo‘lmas darajada o‘zgartirib yubordi. Men 1-kursdaligimda 3-kursda o‘qiydigan qizni sevib qoldim. Menda hech qanday imkoniyat yo‘qdek tuyulardi. U mendan katta, mashinasi bor edi, sayohatlarga ko‘p borardi. Unga erishish uchun o‘zimning muloqot qobiliyatimni tanib bo‘lmas darajada oshirishim kerak edi. Uzoq vaqt davomida o‘zimga hurmatim ustida ishladim, yaxshi ish izladim, hatto did bilan kiyinishni o‘rgandim. Bir yil o‘tgach, u nihoyat menga e’tibor qaratdi va uchrashuvga chiqishga rozi bo‘ldi. Hozir biz turmush qurganmiz va jajji qizimiz bor. Demak, universitet meni va hayotimni butkul o‘zgartirdi. Birinchidan, men ajoyib munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun ijtimoiy ko‘nikmalar ustida ishlash muhimligini angladim. Ikkinchidan, men ajoyib oilaga ega bo‘ldim. Universitetni ota bo‘lib tugatdim. Shunday qilib, talabalik hayotimning eng muhim bosqichi bo‘ldi.

— Otabek, 2017-yilda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetini tamomlagan


Talabalikdagi eng yorqin xotiralarim odamlar va tanishuvlar bilan bog‘liq. “Universitetda boshlangan do‘stlik eng kuchli va uzoq davom etadigani”, deyishadi. Men bu qanday sodir bo‘lishini bilmayman, lekin bu haqiqatga o‘xshaydi. Universitetda men hozirgacha do‘stligimiz davom etayotgan barcha yaqin do‘stlarim bilan tanishdim. Hatto, universitet tugatgach, hammamiz dengizdagi kemalar kabi tarqalib ketadiganday tuyulardi. Talabalarga universitetdagi do‘stlikni e’tiborsiz qoldirmaslikni maslahat beraman. Ehtimol, ular siz bilan butun hayotingiz davomida birga bo‘ladigan odamlardir, chunki siz ular bilan eng murakkab va muhim bosqich bo‘lgan – voyaga yetish davrini birga o‘tkazasiz.

— Regina 2010-yilda Toshkent Moliya institutini tamomlagan


4 yil davomida universitetda men turli odamlar bilan tanishdim va yangi qiziqishlar orqali o‘zimni bilib oldim, qolaversa, bilimda yangi qirralar va dunyo qanchalik xilma-xil bo‘lishi mumkinligini kashf qildim. Universitetda o‘qiyotgan yoki kirish uchun taraddud ko‘rayotgan barchaga bu vaqtdan maksimal darajada foydalanishni maslahat beraman. Aslida, talabalik faqat o‘qishdan iborat emas. Ha, o‘qish kerak, lekin kutubxonadan tashqariga ham chiqing, yangi odamlar bilan tanishing, universitet tomonidan tashkil etiladigan turli tadbirlarda qatnashing. Misol uchun, bizning Students’ union tomonidan tashkil etgan sport o‘yinlari bilan bog‘liq eng yorqin xotiralarim bor. Aytgancha, o‘yinlardan so‘ng nafaqat xotiralar, balki chandiqlar ham qolgan (kuladi). Albatta, o‘zimning aybim bilan sodir bo‘lgan, lekin bu qiziqarli o‘tgandi.

— Sardor, 2020-yilda Xalqaro Vestminster Universitetini tamomlagan 


Bizni mustaqil bo‘lishga o‘rgatgani uchun men universitetdan cheksiz minnatdorman. Maktabdan keyin men uchun universitetda xuddi maktabda bo‘lgani kabi har narsani “chaynab” tushuntirib beradigan rahbarlarning bo‘lmasligini bilish shok edi. Ehtimol, universitetda olingan mustaqillik, ishga yollanmay, o‘z biznesimni yaratish istagini keltirib chiqargandir. Hozir men Toshkentdagi eng mashhur kosmetika do‘konlaridan birining direktoriman. O‘ylaymanki, talabalikda siz nima ustida ishtiyoq bilan ishlashingiz mumkinligini aniqlash muhimdir. Xuddi shunday qiziqishlarga ega bo‘lgan odamlarni qidiring va muloqot qiling, o‘rtoqlashing va o‘rganing.

— Hilola, 2005-yilda O‘zbekiston Milliy universitetini tamomlagan


Universitetda menda hamma narsa birinchi marta sodir bo‘ldi — birinchi muhabbat, birinchi qalin do‘stlik, birinchi jang, hatto birinchi «ikkini» ham universitetda olganman. Dastlab, men universitetga kirishni xohlamagandim, lekin hozir bu hayotning ajralmas bosqichi ekanini tushunaman. Chunki bu sizning yoshlikdagi eng qizg‘in «hamma narsa mumkin» bo‘lgan davringizdagi tajriba hisoblanadi. Siz xatolar qilishingiz mumkin va ular uchun hatto uyalmaysiz ham.

Rustam, 2019-yilda Samarqand davlat universitetini tamomlagan