Qanday qilib sessiyani topshirib omon qolish mumkin?

Katta va dahshatli qishki sessiya yaqinlashmoqda. Qanday qilib unga samarali tayyorgarlik ko‘rish va asabiylashmaslik haqida so‘z yuritamiz.

Tayyorgarlik

Fanlar ro‘yxatini ko‘rib chiqing – barchasi uchun yakuniyga kirishga ruxsatingiz bormi? Agar ko‘p dars soatlarini o‘tkazib yuborgan bo‘lsangiz, qayta o‘zlashtirishdan o‘tishingiz kerak. Agar «qarzlar» bo‘lsa, ularni topshirish lozim.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘qituvchiga murojaat qilishingiz va kerakli hamma narsani topshirganingizga ishonch hosil qilgach, sessiyaga xotirjam tayyorgarlik ko‘rishingiz mumkin.

Tayyorgarlik rejasini ishlab chiqamiz

Sessiyaga tayyorgarlik ko‘rishni tartibga solish uchun aniq harakatlar rejasini tuzing. Quyidagi variantni taklif qilamiz:

Sessiya jadvalini o‘rganamiz. Shundan kelib chiqib, biz barcha imtihonlar sanalarini belgilab chiqamiz. Qaysi fanlarga tayyorgarlik ustuvor ahamiyatga ega ekanligini aniqlaymiz. 

O‘zingiz uchun muddatlarni belgilang. Har kungi tayyorgarlikni batafsil yozib chiqamiz. Misol uchun, bugun bu, ertaga boshqa mavzuni o‘rganaman, indinga esa dam olaman va serial tomosha qilaman. Jadval bo‘yicha har bir mavzuga tayyorgarlikni belgilangan kuni tugatasiz. 

Kundalik mashg‘ulotlar vaqtini aniqlab oling. Sessiyaga tayyorgarlik ko‘rishda chalg‘imaslik uchun, kun davomida muayyan soatlarni bu ishga ajratish va boshqa ishlardan o‘zingizni butunlay ozod qilishingiz mumkin. Shunda ushbu vaqtni o‘qishga sarflashdan boshqa chorangiz qolmaydi.

Sessiyaga tayyorgarlikni boshlaymiz

Agar o‘qituvchi oldindan qaysi mavzularga tayyorlanishni aytmagan bo‘lsa, siz o‘tilgan mavzularning to‘liq ro‘yxatini so‘rashingiz va ularni ko‘rib chiqishingiz mumkin. Tayyorlanayotganda konspektlardan foydalanish qulay. Agar konspektlar bo‘lmasa, ma’lumotlarni internet yoki darsliklardan topishingiz mumkin.

Ma’lumotni yaxshiroq eslab qolish uchun tez yod olish usullaridan foydalanishingiz mumkin. Buni biz quyidagi maqolada bayon qilgandik:

https://avlod.media/uz/2021/10/06/tez-eslab-qolishning-5-usuli/

Do‘stlar bilan birga o‘rganamiz

Agar muayyan mavzularni o‘rganish kerak bo’lsa, ularni kursdoshlar o‘rtasida bo‘lib olish ma’quldir. Har biringiz o‘z mavzungiz bo‘yicha tushunarli tarzda konspekt tayyorlab, uni do‘stlaringizga tushuntirib berasiz.

Tayyorgarlik qiziqarli bo‘lishi uchun haftada bir necha soat ajratib, kursdoshlar bilan birgalikda tayyorgarlik ko‘rishingiz mumkin. Ushbu uchrashuvlar davomida siz o‘zlashtirilgan ma’lumotlar haqida fikr almashishingiz va bir-biringizni sinab ko‘rishingiz mumkin. Faqat bu vaqtni aynan o‘qish uchun bag‘ishlashlaganingizni oldindan kelishib olib, «birlashib» olgach, ikki soat davomida Instagramga umuman kirmaslikka harakat qilishingiz kerak.

Sessiyaga tayyorgarlik davrida psixologik holatingiz haqida unutmaslik ham muhim

Biz psixolog Aziza Tursunova bilan suhbatlashdik va sessiyani asabiylashmasdan topshirishga yordam beradigan ba’zi maslahatlarni to‘pladik:

Avvalo, tayyorgarlikda muntazamlilik muhim ahamiyatga ega. Agar siz o‘z miyangizga olti oy ichida o‘rganilishi kerak bo‘lgan materialni bir necha kun ichida o‘rganish vazifasini beradigan bo‘lsangiz, unda bu urinish prokrastinatsiya (muhim ishlarni keyinga qoldirish odati) bilan tugaydi. Sizning miyangiz bunday hajmni o‘rganish mumkin emasligini sizdan oldin anglab yetadi. Sizni kutilayotgan muvaffaqiyatsizlikdan himoya qilish uchun u hech narsa qilmaslikni taklif qiladi va u bilan bahslashish foydasiz bo‘ladi.

Shu sababli, miyaga muntazam ravishda muayyan ma’lumotlarni berib boring. Har kuni oz-ozdan. Hamma narsani o‘rganib olmasangiz ham mayli, muhimi o‘rganilgan ma’lumotlar «xotirada» taxlanib, yaxshi esda qolsin.

Yodda saqlab qolish texnikasidan foydalaning. Masalan, uyqudan oldin kerakli ma’lumotlarni qayta o‘qib chiqish mumkin. Bizning miyamiz ma’lumotlarni aynan kechqurun yaxshiroq qayta ishlaydi, tahlil qiladi va eslab qoladi. Hatto kerakli material matnini yozib olib, uni uyqudan oldin yoki uyquda quloqchinda eshitishingiz mumkin. Biz hatto uxlayotganimizda ham, bizning miyamizda olinayotgan ma’lumotlarni qayta ishlash jarayoni davom etaveradi va u passiv xotirada saqlanaveradi. Bundan tashqari, samarali usullar sifatida mnemonika va qo‘lda konspekt yozishni keltirish mumkin.

Sog’lom uyquga e’tiborsiz bo‘lmang. Uyqu – hissiy barqarorlikning birinchi omilidir. Uyquning buzilishi diqqatni jamlashning susayishiga olib keladi.

Muvaffaqiyatlaringiz uchun o‘zingizni maqtang. Har bir talaba rivojlanishi uchun o‘zini maqtashga qodir bo‘lishi kerak. Misol uchun, agar siz hech qachon konspektlarni yozmagan bo‘lsangiz va sessiya oldidan hech bo‘lmaganda bitta mavzuga konspekt qilsangiz ham — o‘zingizni maqtang. O‘zingizni yanada ko‘proq o‘qishga undash uchun o‘zingizni rag‘batlantiring. Albatta, guruhdagi eng yaxshi talaba bo‘lish shart emas – buning uchun hatto kichik, lekin sizning shaxsiy taraqqiyotingiz yetarlidir.

Spoyler: barcha sessiyalar ertami-kechmi tugaydi. Tayyorgarlik – muhim va zarur, lekin o‘zingizni asab buzilishlariga, uyqusiz tunlarga va sog‘liq muammolariga olib kelmaslik undanda muhimroq. Sizga muvaffaqiyat tilaymiz.