OTMlarga kimlar imtihonsiz qabul qilinadi?

Oliy ta’lim muassalariga o‘qishga kirish maqsadida hujjat topshiruvchilar soni yildan-yilga ortib bormoqda. Kvotalar ham shunga yarasha har yili yangidan tasdiqlanib taqdim etilyapti. Bilamizki, oliy ta’lim muassalariga kirish imtihonlarida ayrim toifadagi abituriyentlar va bir qator davlat mukofotlari sovrindorlari uchun imtiyozlar mavjud. Keling, ular bilan maqola davomida batafsil tanishamiz.

Xalqaro va davlat miqyosida o‘tkazilgan olimpiadalar, tanlovlar va musobaqalar g‘oliblari  

Xalqaro hamda milliy miqyosda o ‘tkazilgan tanlov va musobaqalar, Respublika ichidagi olimpiadalar g ‘oliblari Vazirlar mahkamasining 226 – son qarori bilan o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qishga qabul qilinadi.

Xalqaro imtihon tizimining sertifikatlariga ega abituriyentlar  

TOEFL, IELTS, CEFR, SAT general, CAT subject sertifikatlariga ega bo‘lgan abituriyentlar o‘qishga kirishda mazkur fan doirasidagi test sinovidan ozod etiladi va maksimall ball beriladi. To‘liq tanishish uchun) 468-son qarorni o‘qishingiz tavsiya etiladi.

Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti laureatlari

Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari bo‘lgan o‘quvchilar oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga, bakalavriat talabalari bo‘lsa magistraturaga tegishli yo‘nalishlari bo‘yicha davlat grandi asosida qabul qilinadi. Ushbu mukofot Prezidetning 1999-yil 10-iyuldagi (PF-2326-son) qarori bilan fan, ta’lim, adabiyot, san’at, madaniyat, sport va jamoatchilik faoliyatida alohida yutuqlarga erishgan qizlarga beriladi.

Tavsiyanomaga ega harbiy xizmatchilar va Qurolli kuchlar xarbiy xizmatchilarining farzandlari   

Xarbiy xizmatchilarga tavsiyanomalar berish tartibi 3215 son qarorda tasdiqlangan. Tavsiyanomalar xarbiy xizmat jarayonini muvaffaqiyatli o‘tab bo‘lgan, jangovar va ma’naviy va ma’rifiy tayyorlaglikka erishgan, namunaviy bilim saviyasiga ega hamda yuksak intizomga ega xarbiy xizmatchilarga beriladi. Ularga o‘zlari to‘plagan ballning 50 foizi miqdorida qo‘shimcha ball va OTM qabul parametrlaridan tashqari ajratiladigan alohida qabul ko‘rsatkichlari doirasida tanlovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lishadi. Vazirlar Mahkamasining 462-son qarori bilan Qurolli kuchlar xarbiy xizmatchilarining farzandlariga ham imtiyozlar taqdim etilgan. Qurolli kuchlari xarbiylari va ularning tarkibiga kiruvchi vazirlik hamda idoralar xodimlarining farzandlariga kvota asosida OTMlarga kirish uchun tavsiyanomlar beriladi.

O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tavsiyanomasiga ega hamda “Mard o‘g‘lon” tanlovi g‘oliblari     

Tavsiyanomalar O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tizimidagi sardorlarga, boshlang‘ich tashkilotlardagi yo‘nalish yetakchilariga, ikki yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan fidoyi yoshlarga beriladi. Tavsiyanomalar Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahrining bir nafardan (jami 14 nafar) yoshlariga taqdim etiladi. To‘liq tanishish uchun (914-son) qarorni tavsiya qilamiz. «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti o‘qishdagi muvaffaqiyatlari, ijtimoiy faolligi va iste’dodi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan iqtidorli yigitlarga fan, ta’lim, tibbiyot, madaniyat, adabiyot, san’at, sport, ishlab chiqarish, harbiy xizmat sohalarida hamda huquqni muhofaza qilish organlaridagi faoliyatida erishgan alohida yutuqlari uchun beriladi. Davlat mukofotini Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining 2 nafardan vakillariga har yili «Yoshlar kuni» arafasida topshirish haqidagi taklifi doirasida ma’qullangan. Ushbu davlat mukofotiga erishgan yigitlar OTMlarga imtihonsiz davlat grandi asosida qabul qilinadi.

Badiiy akademiyaning tasviriy san’at bo‘yicha respublika tanlovi g‘oliblari va  «Nihol» mukofoti sovrindorlari

Prezidentning 2020 – yil 21 – apreldagi PQ-4688-son qaroriga asosan badiiy akademiyaning tasviriy san’at bo‘yicha respublika tanlovi g‘oliblariga oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirish uchun imtiyoz beriladi. Vazirlar Mahkamasining 2006 – yil 9 – avgustdagi 169-son qaroriga muvofiq, jami beshta nominatsiya — estrada, musiqa, mumtoz qo‘shiq, opera ijrochiligi va raqs san’ati bo‘yicha tanlovlar g‘oliblariga «Nihol» mukofoti beriladi. «Zulfiya» nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari tanlovda ishtirok etmaydi. «Nihol» mukofotiga sazovor bo‘lgan yoshlar madaniyat, san’at yo‘nalishidagi oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlariga imtiyozli ravishda qabul qilinadi (ansambl, jamoa sifatida ishtirok etganlar bundan mustasno), mamlakatning atoqli san’atkorlaridan saboq olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Bundan tashqari ichki ishlar xodimlarining farzandlari, harbiy qism qomondonligi tavsiyanomalariga ega abituriyentlar, “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi”, “Hamshira” Respublika tanlovi g‘oliblari, To‘liq davlat ta’minotidagi yetim bolalar, Kollej va texnikumlardagi mutaxasisligi bo‘yicha 5 yil ish stajiga ega xotin-qizlar, Ehtiyojmand xotin-qizlar uchun tavsiyanomalar va iqtisodiyot tarmoqlarida kamida 5 yil ish stajiga ega abituriyentlar, Profilaktika inspektorlari, “Vatan tayanchi” harakatining a’zolariga ham bir qator imtiyozlar berilgan.