Nega konditsioner changli havo tarqatadi?

Uning foydasidan zarari koʻpmi?

Soʻnggi kunlarda yurtimiz boʻylab kuzatilayotgan issiq ob-havo sharoitida koʻpchilik havoni sovitib beruvchi konditsionerlardan foydalanishi, turgan gap. Kun issigʻida muzdekkina salqinlangan joyda boʻlish, jonga oro kiradi. Ammo konditsionerning salomatlik uchun zararli tomonlari borligini ham unutmaslik kerak. Bu borada shifokorlar nima deydi?

Nodira Raimova – oliy toifali shifokor :

– Men shifokor sifatida konditsionerdan notoʻgʻri foydalanish, kasalliklar orttirib olish uchun asosiy vosita deb aytgan boʻlardim. Jaziramada shamollagan bemorlarining aksariyati aynan konditsionerdan notoʻgʻri foydalangani uchun. Ularning orasida yoshlar koʻpchilikni tashkil etadi. Jazirama oldinda, yoshu keksa, barchani bu borada eʼtiborli boʻlishga chaqiraman.

Esingizga boʻlsin, konditsionerda nafas tizimi infeksiyalarini qoʻzgʻatuvchi mikroorganizmlar toʻplanib qolishi mumkin. Havo namlanishi va namlik darajasining pasayishi vazifasini bajaruvchi havoni namlantiradigan uskuna qoʻyish lozim.

Oddiy maishiy konditsionerni vaqti-vaqti bilan (ayniqsa, qish mavsumida uzoq ishlatilmay yotganidan keyin) tozalash kerak. Unda toʻplangan changlar tozalagich (filtr)larga oʻtirib qoladi va shu holda ishlatiladigan boʻlsa, xonaga changli havo tarqatadi. Bu esa har xil kasalliklar keltirib chiqaradigan bakteriyalar koʻpayishi uchun juda qulay sharoitdir.

Konditsionerda xavfli bakteriyalar, viruslar, chang kanalari va allergenlar mavjud. Allergiya, nafas siqish kasali borlar changli havodan nafas olsa, ahvoli yomonlashib qolishi mumkin. Aslida konditsionerlar havoning kirishi va chiqishini taʼminlaydigan ventilyatsiyasi bor xona va binolarga oʻrnatish uchun moʻljallangan. Bunday sharoitda ularning inson salomatligiga salbiy taʼsiri kam boʻladi. Bino yoki xonada ventilyatsiya mavjud boʻlmasa, konditsioner xona havosini bir necha marotaba qayta-qayta sovitadi va quritadi. Havo kislorod bilan toʻyinmaydi. Bu esa salomatlikka salbiy taʼsir koʻrsatadi.

Konditsionerli xonada muntazam oʻtirib ishlaydigan xodimlar ust kiyimlariga ham eʼtibor berishlari kerak. Ularning kiyimlari tabiiy matodan, oʻziga namlikni yengil singdira oladigan boʻlgani maʼqul.

Shu kabi tavsiyalarga amal qilgandagina u sizning salomatligingizga ziyon yetkazmaydi.

Maqola muallifi: Nilufar Rahimova