Qanday holatlarda talaba akademik ta’til olishi mumkin?

Hayotda har qanday vaziyat bo‘lib qolishi mumkin, ayrim hollarda sog‘lik, inson hayoti har qanday narsadan ustun keladi. Butun jamiyat turli xildagi yosh toifasidagi insonlardan tashkil topganidek, ta’lim oluvchilar va mehnat qiluvchilar ham hammasi insonlardir. Demak, talabalarning hayotida ham har qanday vaziyatlar bo‘lib qolishi mumkn. Bunday holatlarda, talabani qo‘llab-quvvatlash va uning ta’lim olishini ma’lum vaqtdan so‘ng davom ettirish maqsadida yangi tizim bo‘yicha akademik ta’til berilishi belgilangan. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 344-son qarori bilan tasdiqlangan «Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalari talabalariga akademik taʼtil berish toʻgʻrisida» Nizomning 2-bandiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalari talabalariga akademik taʼtil quyidagi hollarda berilishi tartibi belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari talabalariga akademik ta’til quyidagi hollarda berilishi mumkin:

– Harbiy xizmatni o‘tash uchun;

– Salomatligini tiklash uchun;

– Homiladorlik va tug’ish uchun;

– Bolalarni parvarish qilish uchun;

– Oilasining betob a’zosini (otasi, onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar, turmush o‘rtog‘i, farzandi) parvarish qilish uchun.

Nizomga binoan,

– Akademik ta’til olishni istagan talabalar o‘z ixtiyoriga ko‘ra akademik ta’til muddatiga ta’limning sirtqi va masofaviy shakliga o‘tkazilib (agar oliy ta’lim muassasida bunday ta’limning shakllari mavjud bo‘lsa) ularga uzluksiz mustaqil ta’lim olish imkoniyati yaratiladi;

– Oilasining betob a’zosini parvarish qilish sababli ana’naviy shakldagi ta’limni davom ettirish imkoniyati bo‘lmagan talabalarga ham akademik ta’tilni olish huquqi beriladi;

– Talabalarga o‘qish davomida akademik ta’til berilishi bo‘yicha miqdoriy cheklovlar bekor qilinadi:

Akademik ta’tildan qaytgan talabalarni ilgari o‘zlashtirilgan fanlar bo‘yicha qaytadan o‘qitish amaliyoti bekor qilinadi.

Akademik ta’til berish tartibi

Akademik ta’til olish uchun talaba (sog‘lig‘i holatiga ko‘ra talaba shaxsan murojaat etish imkoniyatiga ega bo‘lmasa, uning ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar yoki turmush o‘rtog‘i) tomonidan oliy ta’lim muassasalari rektori (direktori) nomiga ariza bilan murojaat qilinadi.

Akademik ta’til olishni so‘rab murojaat qilgan talabaning arizasiga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

– Harbiy xizmatni o‘tash uchun – tegishli tuman (shahar) mudofaa ishlari organlarining talabalarini harbiy xizmatga chaqirish haqidagi chaqiruv qog‘ozi;

– Salomatligini tiklash, homiladorlik va tug‘ish, shuningdek, bolalarni parvarish qilish uchun – talaba doimiy tibbiy nazoratda turgan tibbiyot muassasasi xulosasi;

– Talaba surunkali kasalligi sababli bir oydan ortiq vaqt davomida darslarda qatnasha olmasa, talaba yoki uning ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar yoki turmush o‘rtog‘ining arizasiga asosan talabaga akademik ta’til berilishi mumkin;

– Talabaga salomatligini tiklash hamda oilasining betob a’zosini parvarish qilish uchun akademik ta’tilning berilishi mazkur nizomning ilovasida keltirilgan oliy ta’lim muassasalari talabalariga tibbiy ko‘rsatmalar bo‘yicha akademik ta’til berishga oid kasalliklar quyidagi muvofiq amalga oshiriladi;

– Talabaning akademik ta’til olish haqidagi murojaati bir haftalik muddatda ko‘rib chiqiladi.

Talabaga akademik ta’til berish oliy ta’lim muassasi rektori buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi. Ushbu buyruqda akademik ta’tilning boshlanishi va tugash sanasi ko‘rsatilishi shart. Qaror va ilovaning to‘liq qismi bilan havola orqali 344-son 03.06.2021 (lex.uz) tanishishingiz mumkin. Yurtimizdagi talabalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ularning ta’lim olishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida yangi tizim doirasidagi akademik ta’til berish ham samarali va uzoqni o‘ylab qilingan ishlardan biri deb ayta olamiz. Demak, talabada o‘qishga xohish bo‘lsa, har qanday vaziyatda ham ta’lim olishga imkoniyat mavjud. Bundan ko‘rinib turibdiki, bor e’tibori va mehrini o‘qishga ta’lim olishga berish, faqat uning o‘ziga bog‘liq bo‘lib qoldi. Kelajak va ertangi kun uchun harakat qilish, ilm olish nafaqat talabaga balki butun jamiyatning kelgusi hayotini yaxshilashga xizmat qiladi.

Maqola muallifi: Jayron Berdiyeva