Orzu ortidan quvib

«Omad faqat uni raqsga taklif qilganlar bilan raqsga tushadi»: 38 yoshda qayta o‘qishga qaror qilgan inson hikoyasi.

Gulnoza Kambarova — dermatologiya ordinatori, 43 yosh

Bolaligimda ko‘pincha do‘stlarim bilan ertak qahramonlariga taqlid qilardik. Ularning aksariyati malika va qirol rollarini tanlashsa, men negadir ko‘proq pari rolini tanlardim. Men har doim sehrli tayoqchaqa ega bo‘lishni va sehrgarlik qilishni xohlardim.

Hozirgi vaqtda dermatolog bo‘lib, haqiqiy pariga aylanganimni va qo‘limdagi shpris mening sehrli tayoqcham ekanligini tushunaman. Ammo orzumdagi bu ertakka osonlikcha erishmaganman.

Men iqtisodiyot bo‘yicha o‘rta ma’lumotga, IT sohasida esa oliy ma’lumotga egaman. Amaliy informatika va matematika yo‘nalishida o‘qiganman, ammo bu bilimlarni ongsiz ravishda oldim. Juda erta turmushga chiqqanman, oilam bilan band bo‘lganim uchun o‘qish va mutaxassislik esa keyingi o‘rinlarda qolib ketdi.

Yigirma yil oldin Amerika kosmetik brendining distribyutori bo‘lganman. Turli mahorat darslari o‘tkazib, ayollarga salomatlik va tana parvarishi haqida maslahatlar berardim. O‘shanda ilk bor kosmetolog bo‘lish, yaxshisi – shifokor bo‘lish haqida o‘ylab qoldim.

Tug‘ruq ta’tiliga chiqqanligim sabab faoliyatimda uzilish bo‘ldi. So‘ngra mutaxassisligim bo‘yicha ish qidirishni boshladim, maktablarga suhbatga bordim, informatikadan dars berib ko‘rdim. Biroz vaqt o‘tgach, bu ishni yoqtirmasligimni anglab yetdim.

Xayolimda faqat: «Kosmetologiya bilan shug‘ullanishni xohlayman» degan fikr aylanaverardi.

Kosmetolog tibbiy ma’lumotga ega bo‘lishi kerak, oliy ma’lumot – maqsadga muvofiq. Ammo tibbiyot yo‘nalishida o‘qish to‘g‘risidagi fikrlar meni qo‘rqitardi. Bir kuni to‘satdan o‘ylab qoldim:

«Nega uddalolmas ekanman? Nabiralarim va chevaralarimga shifokor bo‘lishni xohlaganim, lekin buni bajara olmaganim haqida aytib berishni istamayman. Nima uchun bu haqida gapiryapman-u, buni bajarishga jur’at topa olmayapman?»

Men «istamayman» so‘zini «istayman» so‘ziga o‘zgartirishni juda xohlardim.

Hujjatlarimni tibbiyot oliygohiga topshirishga qaror qilganimda, 38 yoshda edim. Jiddiy tavakkal, to‘g‘rimi?

O‘qishga kirganimni aytishganida shokka tushib qoldim. Bunga, ehtimol, ijobiy natijaga umid qilmaganim sababdir. Bundan keyin nima qilish haqida o‘ylay boshladim.

Yaqinlarimga yangilik haqida xabar berib, unga javoban quyidagilarni eshitdim:

«Aqldan ozdingmi? Nimalar qilyapsan? Farzandlaring voyaga yetib qoldi, sen esa yana talaba bo‘lishni xohlayapsanmi? Yaxshisi, ishlaring bilan shug‘ullan, boshingni og‘ritma».

Boshqalarning fikri yana meni eza boshladi. Gap-so‘zlardan keyin turmush o‘rtog‘imga o‘qishdan voz kechishimni aytdim, biroq o‘sha kecha umuman ko‘zimga uyqu kelmadi. Ertalab institutga qo‘ng‘iroq qilib, o‘qish yoki o‘qimasligimni aytishim kerak edi.

Shunday qilib, kechasi soat ikkida qo‘limdagi kitobning qaysidir sahifasida Rumiyning hikmatli so‘zlariga ko‘zim tushdi:

«Xudo eshikni qanday ochayotganiga nazar soling. Nega ushbu eshikni yopadigan o‘ylarga berilyapsiz?»

Meni chaqmoq urgandek bo‘ldi. Xudo menga bu eshiklarni ochayotganda, men ularni behuda fikrlar bilan yopyapman. Ongli ravishda imkoniyatlarni sezmasdan, noshukurlik qilyapman. Men ushbu in’omni qabul qilishim kerak deb qaror qildim. Nima bo‘lganda ham, bu mening hayotim va mening qarorim.

O‘qishning birinchi kuni o‘g‘lim tengi kursdoshlarim bilan koridorda turardim. Bu g‘alati tuyg‘u edi. Umuman olganda, dastlab o‘zimni boshqacha his qildim. Dugonalarim kafeda o‘tirishganda yoki uyda tashvishsiz uxlab yotishganda men erta turishim va o‘qishga borishim, o‘qituvchilarni eshik oldida kutib turishim lozim edi. «Menga shu kerakmi?» – deb o‘ylardim.

Lekin bir daqiqadan so‘ng xayollarimda nimadir o‘zgarib, men yana o‘zimni eng baxtli his qilardim, chunki men maqsadimga olib boradigan bilimlarni olayotgandim. Bunday kafelar, do‘konlar yoki uy-ro‘zg‘or tashvishlarining menga nima keragi bor?

O‘qishimdan keyin kosmetologiyadagi ishimga chopardim. Ishdan chiqib uyga yufurardim, kechki ovqatni tayyorlab darslarimni boshlardim.

Darslarni qoldirish, ularga kechikish yoki uy vazifasini bajarmaslik qo‘rquvi bor edi. «Ongli ravishda kelgan, demak muhimligini tushunadi» degan fikrda o‘qituvchilar birinchi bo‘lib menga murojaat qilishardi.

Shunga qaramay, katta yoshda talaba bo‘lish – baxt.

Astoydil kirishsangiz, hamma narsaga erishish mumkinligiga guvoh bo‘lasiz. Sevgan ishingiz va o‘qishingizga borganingizda quvonch gormonlari paydo bo‘la boshlaydi.

Qabul qilinganimdan keyin turmush o‘rtog‘im yanada e’tiborliroq bo‘ldi, hatto ko‘proq hurmat qila boshladi. Menga ish safarlaridan kitoblar olib kelardi. Bolalar ham g‘amxo‘rroq bo‘lishdi. Ha, charchaysan, lekin baxt charchog‘i va tanlovingdan minnatdor bo‘lib uxlab qolasan.

Aqlan biz necha yoshda ekanligimizni hisoblashimiz mumkin, lekin ruh aslida necha yoshda ekanligini bilmaydi.

Har qanday yoshda o‘qish bu – tavakkalchilik emas, balki o‘z ustingda ishlash demakdir. Men hech narsa yo‘qotmadim, aksincha, ishonch va qat’iyatga ega bo‘ldim.

Ayblash – bizning mentalitetimizda tez-tez uchraydigan holat: «qo‘shnilar nima der ekan, dugonalarim nima deyishadi?» Bunday paytlarda inson o‘ziga bo‘lgan ishonchni yo‘qotadi. Bu qo‘rquv sizni boshqaradi. Siz oqibatini o‘ylamay imkoniyatlardan voz kechishni boshlaysiz, chunki qo‘rquv ko‘zlaringizni ko‘r qilib qo‘yadi. Bu siz emas. Bu – boshqalarning qo‘rquvi va ularning sizdagi aksi. Ularning sizga hech qanday aloqasi yo‘q.

Yetti yil oldin hozir men bilan faxrlanadigan odamlar tomonidan ayblangan edim. Qolaversa, mendan o‘rnak olib, ikki tanishim ham ikkinchi ta’lim olishga qaror qildi. Biri – 32, ikkinchisi – 46 yoshda. Kimgadir namuna bo‘lganimdan xursandman.

Hayot kechirish uchun siz yashashingiz kerak. Yetmish yoshda boy berilgan imkoniyatlar haqida afsuslanishni xohlamayman.

Sizga bir sirni ochaymi? Omad ham faqat uni raqsga taklif qilganlar bilan raqsga tushadi!

Muallif: Jahongir Tohirov