O‘qituvchilar talabalar nigohida

Ustoz otangdek ulug‘ – iborasi ustozlarimizga hurmatimiz qanchalik cheksiz ekanligini ifodalaydi. Ular hayot yo‘limizdagi mayoqlarga o‘xshashadi: bizni komillikka yetaklab, shaxs sifatida shakllanishimiz uchun ulkan hissa qo‘shishadi.

Darhaqiqat, shunday! Ammo tanganing ikkinchi tomoni ham bor. Xo‘sh, bugungi kunda barcha ustozlar ham “Otamizdek ulug‘mi?” Bu haqida talabalar fikri qanday? Ularning nazdida pedagog qanday bo‘lishi kerak? Keling, yaxshisi, bunga talabalarning o‘zidan javob olamiz.

Bobur Rustamov

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti
Yapon tili yo‘nalishi
2-bosqich talabasi

Avvalo, ustoz tanlamaslikka harakat qilaman. Har bir ustozning hurmatini joyiga qo‘yib, ulardan nimanidir o‘rganishga intilaman. Ammo ayrim ustozlarning o‘zi bizda salbiy fikrlar paydo bo‘lishiga sababchi bo‘lishadi. Masalan, shunday ustozlar borki, sohangizdan butkul yiroq fan bo‘lsa ham, sizni o‘sha fanga qiziqtirib, 80 minut davomida o‘ziga jalb qiladi. Bu juda yaxshi, albatta!

Afsuski, ayrim ustozlar mutaxassislik fanidan kirsa ham, ulardan hatto 1 smestr davomida hech narsani o‘rgana olmaysiz, chunki bunday ustozlar sizni darsga qiziqtira olmaydi.

Ustozlarning ortiqcha asabiylashishi ham bizga salbiy ta’sir qiladi. Ayniqsa, faqat quruq ma’ruza o‘qib chiqib ketadigan ustozlar bilan umuman kelisha olmayman. Ayrim talabalarga ustozning farqi yo‘q. Oxirgi partaga o‘tib olib, uxlashadi yoki telefon titib o‘tirishadi.

Talaba bo‘lganimga endigina bir yil bo‘ldi, hali aytarli hech qaysi ustoz bilan esda qolarli voqea bo‘lmadi, lekin maktab, litsey paytim qiziqarli voqealar ko‘p bo‘lgan. Ko‘pincha ustozlarim avvaliga meni yoqtirishmasdi, o‘qimaydigan “ko‘cha bolasi” deb o‘ylashardi, nega bunday bo‘lishini o‘zim ham bilmasdim, lekin bir-ikki darsdan so‘ng hammasi iziga tushib ketardi.

Hayotingizning yaxshi yoki salbiy tomonga o‘zgarishiga sababchi bo‘lgan ustozlar bormi?

Bor, u ham bo‘lsa, onamdir! Ular maktabda ishlaydilar. Shuning uchun doimo onamning nazoratida bo‘lganman. O‘qishim, ust-boshim, tartibim, sinfdosh va ustozlar bilan munosabatim hamisha kuzatuvda bo‘lgan. Bu narsa menda hozir ham saqlanib qolgan, hamma bilan yaxshi chiqishib ketishga, yaxshi muomalada bo‘lishga harakat qilaman.

Agar sizga bir kunga ustozlik maqomi berilsa, qanday ustoz bo‘lardingiz? Kelajakda o‘qituvchi bo‘lish niyatingiz bormi?

Qo‘limdan kelmasa kerak, shu paytgacha hech kimga biror narsani o‘rgatib ko‘rmaganman, ustozda chidam, sabr-bardosh va, albatta, mustahkam asab tolalari bo‘lishi zarur. Menda esa bular “ancha” kam. Kelajakda ham ustoz bo‘lish niyatim yo‘q.

Dildora Do‘stmatova

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti
Harbiy jurnalistika yo‘nalishi
1-bosqich talabasi

O‘qituvchilik – qiyin va mas’uliyatli kasb. Qaysidir pedagog berayotgan bilim sizni o‘stirsa, yana boshqasidan hech narsa ololmaysiz.

Ustozlarimdan eng yoqqani bu “O‘zbek tilining sohada qo‘llanishi” fanidan kiradigan o‘qituvchim. Ular, avvalo, talabchan, o‘z kasbini chuqur o‘zlashtirgan, bergan savollarimga to‘liq hamda lo‘nda javob beradigan va har bir darsi yangiliklarga to‘la bo‘lgan ustozdir.

Yoqmaydigan ustozga kelsak (o‘zi yoqmaydi deb ham bo‘lmaydi, shunchaki o‘tgan darslaridan qoniqmayman), «Ijtimoiy tarmoqlarda marketing» degan fandan kiradigan ustozim yoqmaydi. Mutaxassislik yo‘nalishi boshqaligi uchunmi, balki pedagogikadan xabarlari kamligi uchunmi darslari zerikarliroq o‘tadi. Darsda mavzudan tashqari suhbatlar ko‘p bo‘ladi. Albatta, bu o‘z-o‘zidan fanni o‘zlashtirishni pasaytiradi.

Talaba do‘stlarim ham “O‘zbek tilining sohada qo‘llanishi” fanidan berilgan vazifalarga mas’uliyat bilan yondashishadi. Hattoki darsdan tashqarida yig‘ilib bo‘lsa ham, vazifalarni bajarishga harakat qilishadi. “Ijtimoiy tarmoqlarda marketing” fanida esa talabalarning juda ko‘p qismi telefondan foydalanib, vazifalarni bajarmay o‘tirishadi.

Aslida pedagog qanday bo‘lishi kerak deb hisoblaysiz?

Psixolog bo‘lishi kerak. Nega deganda, talabaning tilini topish va uni fanga qiziqtirish uchun psixologlik mahorati zarur. Bundan tashqari, kasbiga jiddiy yondashishi hamda bilimli bo‘lish kerak, ya’ni o‘quvchini qiziqtirgan savollarga aniq va to‘liq javob berishi lozim va darsda turli xil yangi metodlardan foydalanish kerak deb o‘ylayman.

Yana bir ustoz bilan bog‘liq qiziq voqea bor: “Jurnalistika tarixi” fani o‘qituvchisi dars tugashiga 15 minut qolganda “lirik chekinish” uyushtiradi. Biz o‘zimizga yoqqan she’r va qo‘shiqlarni ijro etamiz, shu tariqa darsdagi barcha charchoqlarimiz chiqib ketadi. Menimcha, shu ustozning darslarini hech qachon unutmasam kerak.

Hayotingizning yaxshi yoki salbiy tomonga o‘zgarishiga sababchi bo‘lgan ustozlar bormi?

Ha, albatta, hayotimni yaxshi tomonga o‘zgartirgan ustozlar bor. Masalan, meni jurnalistikaga qiziqtirgan til va adabiyot o‘qituvchim bo‘ladi. Shu ustozim sababli jurnalistika sohasiga qadam qo‘yganman. Ming shukurlar bo‘lsinki, bundan faqat xursandman!

Agar sizga bir kunga ustozlik maqomi berilsa, qanday ustoz bo‘lardingiz? Kelajakda o‘qituvchi bo‘lish niyatingiz bormi?

Xo‘sh… Ajoyib savol bo‘ldi-ku! Hozirgi holatimdan kelib chiqib bir kun ustoz bo‘lsam, avvalo, darsga yangicha yo‘nalish olib kirgan bo‘lardim. Ya’ni, darsni “Ochiq dars” ko‘rinishida o‘tardim. O‘quvchilarni qiziqtirish uchun turli xil materiallar, slaydlar va videoroliklardan foydalangan bo‘lardim.

O‘qituvchi bo‘lish – mening bolalikdagi orzum. Hozir ham buni xohlayman. Doimiy o‘qituvchi bo‘lmasam ham, kelajakda soham bo‘yicha masterklasslar o‘taman, albatta! Kelgusida yoshlarga qo‘limdan kelgancha sohamning sir-asrorlarini o‘rgataman!

Sohiba Husainova

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti
O‘zbek tili yo‘nalishi
1-bosqich talabasi

Men, eng avvalo, oʻqituvchi xushmuomala boʻlishini xohlayman. Hozir talabaman. Menga bitta ustoz juda yoqadi, darsini qiziqarli oʻtadi, chehrasidan hamisha nur yogʻilib turadi, maʼruza o‘qisa, hamma oʻquvchi diqqat bilan tinglaydi. Darsda har bir mavzuga hayotiy misollar keltirib bizni o‘ziga jalb qiladi.

Baʼzi bir oʻqituvchilar juda layoqatsiz. Ayrim ustozlar keladi va qo‘lidagi maʼruzadan oʻqib beradi, biz esa hech nimani tushunmaymiz. Hatto butun dars davomida konspekt yozdiradi, qoʻpol gapiradi, hamisha qovogʻini osgani-osgan. Bir marta bo‘lsa ham, darsni kulib oʻtganini eslolmayman.

Menimcha, hamma talabalarga ham darsni qiziqarli oʻtadigan ustozlar yoqadi.

Aslida pedagog qanday bo‘lishi kerak deb hisoblaysiz?

Pedagog, eng avvalo, qaysi fandan dars berishidan qatʼi nazar, unda ozgina boʻlsa ham, psixologlik qobiliyat boʻlishi kerak. Chunki oʻqituvchi talabaning ichki dunyosini tushunishi kerak. Har bir talabaga qanday munosabatda boʻlishini bilishi lozim.

Agar sizga bir kunga ustozlik maqomi berilsa, qanday ustoz bo‘lardingiz? Kelajakda o‘qituvchi bo‘lish niyatingiz bormi?

Men talabalarda yaxshi taassurot qoldirishga harakat qilardim. Faqat oʻquv qoʻllanmaga tayanib qolmay, qoʻshimcha adabiyotlardan foydalanib, mavzuni qiziqarli va maroqli oʻtishga harakat qilardim. Ha, men kelajakda, albatta, oʻqituvchi boʻlaman va kasbimga sidqi dildan yondashaman.

Bahodir Boratov

Farg‘ona davlat universiteti
Iqtisodiyot yo‘nalishi talabasi

Menga yoqqan ustoz haqida gapiradigan bo‘lsam, birinchi navbatda, ustozning muomalasi yoqadi, keyingi o‘rinda dars o‘tish uslubi yoqadi. Umuman olganda, o‘qituvchi va talabalar o‘rtasida do‘stona aloqalar bo‘lishini xohlayman. O‘zimga yoqqan ustozlarning yana bir muhim jihati shuki, bunday ustozlar o‘z fanini chuqur o‘zlashtirgan va berilgan savolga to‘liq javob beradigan bo‘lishadi.

Ayrim ustozlardagi yoqmaydigan jihatlar esa ulardagi bilimning sayozligi, talabaga qo‘pol munosabatda bo‘lishi, talaba va o‘qituvchi o‘rtasidagi aloqalarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ya olmasligi va o‘zini katta olishidir.

Aynan shunday ustozlarning dars o‘tish prinsipi ham menga umuman yoqmaydi.

Boshqa talabalarning fikri ham, albatta, meniki bilan bir xil. Chunki hammaning o‘ziga yarasha fikri bo‘ladi. Men bilgan ustozlar haqida yon-atrofimdagi talabalarning fikri ko‘pincha meniki bilan bir xil bo‘lib chiqadi.

Aslida pedagog qanday bo‘lishi kerak deb hisoblaysiz?

Pedagog, birinchi navbatda, chuqur bilimga ega bo‘lishi, talabalarni faniga qiziqtira olishi kerak va har bir darsni ko‘tarinki ruhda olib borishi lozim. Nazariyadan yiroqlashib, talabalarga mavzuni hayotiy va sodda misollar bilan tushuntirishi kerak. Eng muhimi, “o‘z kasbini sevishi kerak” deb hisoblayman.

Agar sizga bir kunga ustozlik maqomi berilsa, qanday ustoz bo‘lardingiz? Kelajakda o‘qituvchi bo‘lish niyatingiz bormi?

Agar bir kunga ustoz bo‘lib qolsam, darsni jamoaviy tarzda, ya’ni talabalarni 3-4 ta guruhga bo‘lib o‘tgan bo‘lardim. Qolaversa, darsning yarmini nazariya uchun, qolgan yarmini esa amaliyot uchun taqsimlab, savol-javob tarzida guruhlarni baholab borardim. Oxirida faol qatnashgan talabalarga oyligimdan orttirib sovg‘alar hadya qilardim. Ana shundagina talaba intiladi, raqobat bo‘lsa, o‘sish bo‘ladi.

Kelajakda ustoz bolish niyatim yo‘q emas. Niyatim – bor, lekin boshqa orzularim ham ko‘p. Yetuk iqtisodchi, akademik bo‘lish – eng katta orzularimdan biri!

Nodirabegim Sadullayeva

Urganch davlat universiteti
Ingliz tili yo‘nalishi
2-bosqich talabasi

Universitetimizda o‘z kasbining jonkuyar o‘qituvchilari juda ko‘p! Sizlarga ular orasidan eng sevimli ustozim haqida aytib beraman. Ustozimning kimligini yashirmayman. Ismlari: Masharipova Leninza. Shu ustozim barcha talabalarga birdek yoqadi. Dars tugab qolganini bilmay qolamiz. Turli xil dars ishlanmalari va mashqlar bilan mashg‘ulotni ajoyib tarzda olib boradilar. Shu ustozimni hamisha ardoqlayman, hamisha hurmat qilaman. Ustozimdan qachon yordam so‘rasam, albatta, yordam beradilar. Hayotiy tajribalari ham ancha ko‘p.

Guruch kurmaksiz bo‘lmaydi, deganlaridek, oqning ham qorasi uchrab turadi. Lekin bu bilan o‘qituvchilarimni yomonlamoqchi emasman. Sababi, Ustoz otangdek ulug‘, deyishgan. Ularning barchasini o‘z o‘rnida hurmat qilaman.

Talabalarda ustozlar haqida yomon fikr yo‘q deb o‘ylayman.

Aslida pedagog qanday bo‘lishi kerak deb hisoblaysiz?

Pedagog o‘z sohasiga mehr qo‘ygan bo‘lishi lozim. O‘rganayotgan sohasini mukammal o‘zlashtirgan holda ich-ichiga singib ketishi kerak. Shu bilan birga, bilim berish salohiyati kuchli bo‘lishi lozim. Shundagina u yuksaladi, pedagog degan “buyuk” nomga munosib bo‘ladi.

Ustozlar bilan bog‘liq juda ko‘p voqealar bo‘lib turadi. Ulardan eng esda qolarlisini aytib beraman. Ustozimiz darsga doir jamoaviy o‘yin tashkil qildilar: unda katta qogozlarga rangli qalam va ruchkalarda rasmlar chizb, mashqlar bajardik. Bu biz uchun juda maroqli dars bo‘ldi. Dars so‘ngida ustozimiz barcha talabalarga a’lo baholar qo‘yib berganlar.

Kelajakda ustoz bo‘lish niyatingiz bormi?

Albatta, soham aynan o‘qituvchilik, niyatim ham shu. Nasib qilsa, kelajakda yaxshi, fidoyi ustoz bo‘lib yetishaman. Hozir 2-bosqich talabasi bo‘lsam ham, o‘quv markazda bolajonlarga ingliz tilidan dars beraman. Bu juda ham yoqimli. Ularni juda yaxshi ko‘raman. O‘quvchilarim ham meni yaxshi ko‘rishadi deb o‘ylayman.

Muallif: Feruza Omonboyeva