Yoshlar – ertamiz egalari.Ularning ta’lim olishi, jamiyatda munosib o’rin egallashiga shart-sharoitlar yaratish, iqtidorli yoshlarni har-tomonlama qo’llab-quvvatlash davlatimiz siyosatining eng ustuvor yo’nalishlaridan biri bo’lib kelmoqda. So’nggi yillardagi islohotlar samarasi natijasida,oliy ta’limda qamrov ortib,oliy ma’lumot oluvchi yoshlarning soni ham yildan yilga ko’payishga erishildi. OTMlarini o‘qitish sifatini oshirish galdagi vazifa bo’lib, bu borada ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yil 6-may kuni Prezidentimiz huzurida oliy ta’lim tizimi bo‘yicha o‘tkazilgan taqdimotda ham ta’lim sifatini oshirish, aynan bilimli kadrlarni tanlab olish, imtiyozlar bilan qo‘llab-quvvatlash, salohiyatli kadrlarni tayyorlash istiqbolli ekani ta’kidlandi. Yig‘ilishda oliy ta’limda shaffoflik va samaradorlikni ta’minlash, 2024/2025 o‘quv yili oldidan qabul kvotalarini qayta ko‘rib chiqish va malaka talablarini xalqaro darajaga ko‘tarish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Qolaversa, Davlatimiz rahbarining mazkur yig‘ilishda maktabni bitirayotgan bilimli o‘g‘il-qizlarimizga bildirgan katta ishonchi, otalarcha g‘amxo‘rligi har bir yoshga o’qishga kirishlarida yanada motivatsiya berishi bilan birga talabalarni o’z ustida doimiy ishlashga unda. Bu haqida Toshkent Davlat Yuridik universiteti professori Feruza Muhitdinova:
— O‘zbekiston yoshlar mamlakati bo‘lib, mamlakatda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlarni yaratish borasida yangilangan Konstitusiya va qonunlarimizda mustahkam huquqiy baza yaratilgan va bu tizim zamon talablariga hamohang ravishda takomillashtirib borilmoqda. Lekin eng asosiy masala: har bir daqiqa tarixiy qimmatga ega bo‘lib, yoshlarimizning tarbiyasi har bir davrning o‘ta dolzarb masalasi bo‘lib kelgani ayni haqiqat.
Ikki Renessansni dunyo tamadduniga olib chiqqan yurtimizda bugun iqtidorli o‘g‘il-qizlarimizning yuqori texnologiyalar va zamonaviy bilimlarni chuqur o‘zlashtirishiga keng sharoit yaratilganini ko‘rib behad bahtiyormanki, bu sharoitlar asosida endilikda raqobatbardosh milliy kadrlarning yangi avlodini tayyorlash har birimiz uchun ham qarz, ham farz deb bilaman. Chunki, ta’lim doim rivojlanadi, yangilanib boradigan jarayon ekanini barchamiz yaxshi bilamiz. Bu yo‘nalishdagi islohotlarni jadallashtirish maqsadida, davlatimiz rahbarining shu yil 2 fevraldagi qaroriga asosan, “Ta’lim sohasida loyihalar markazi” loyiha ofisi tuzilgan edi. O‘tgan vaqt mobaynida ushbu ofis tomonidan vazirliklar bilan birga o‘quv jarayonlarini yangi tamoyillar asosida tashkil etish, kadrlar salohiyatini oshirish, ta’lim xizmatlari sifatini xalqaro standartlar darajasiga ko‘tarish bo‘yicha chora-tadbirlar va istiqbolli tashabbuslar ishlab chiqilgandi.
Joriy yilning 6 – may kuni O‘zbekiston Prezidenti huzurida oliy ta’lim yo‘nalishlarini optimallashtirish, qabul va malaka tizimlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi. E’tibor bersak, oliy ta’lim sohasidagi islohotlar avvalo, qamrovni oshirish, institut va universitetlarning moliyaviy holatini yaxshilash, professor-o‘qituvchilarni moddiy qo‘llab-quvvatlashga qaratildi. Akademik erkinlik berildi.Moddiy baza yaratildi. Quvonarli jihati, 2024 yilda Osiyoning eng yaxshi oliygohlari “QS Osiyo universitetlari reytingi 2024” ro‘yxatida O‘zbekistonning 6 hududidan 14 ta oliygoh yuqori o‘rinlarda qayd etildi, bunda 6 ta oliygoh reytingdan ilk bor o‘rin egalladi. Jumladan:
– Toshkent irrigasiya va qishloq xo‘jaligini mexanizasiyalash muhandislari instituti — 249-o‘rin;
– O‘zbekiston milliy universiteti — 301-350-o‘rin;
– Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti — 405-450-o‘rin;
– Toshkent davlat texnika universiteti — 501-550-o‘rin;
– Samarqand davlat universiteti — 601-650-o‘rin;
– Toshkent axborot texnologiyalari universiteti — 651-700-o‘rin;
– Toshkent davlat agrar universiteti — 651-700-o‘rin;
– Toshkent moliya instituti — 701-750-o‘rin;
– Jizzax politexnika instituti — 751-800-o‘rin;
– Namangan muhandislik-texnologiya instituti — 751-800-o‘rin;
– Toshkent davlat pedagogika universiteti — 751-800-o‘rin;
– Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti — 801+ o‘rin
– Qoraqalpoq davlat universiteti — 801+ o‘rin
– Farg‘ona politexnika instituti — 801+ o‘rin
Joriy yilda xalqaro tan olinganlik darajasi, ilmiy-tadqiqotlar rivoji, ta’lim sifati, xalqaro hamkorlik, akademik mobillik sohalari bo‘yicha Osiyo oliygohlari reytingida 25 ta davlatdan 856 ta (148 ta ilk marta) oliygoh ishtirok etdi.
Bunda O‘zbekistonning 3 ta – O‘zMU, «TIQXMMI» MTU, TDIU oliygohlari “Akademik reputasiya” indikatori bo‘yicha «TOP-200» oliygohlar qatoridan o‘rin egalladi. O‘zMU “Akademik reputasiya” bo‘yicha nisbatan yetakchi bo‘lib, 135-o‘rinda qayd etildi. Mazkur indikator bo‘yicha 7 ta OTM o‘z o‘rnini yaxshilashga erishgan. “Ish beruvchilar o‘rtasidagi reputasiya” indikatori bo‘yicha «TIQXMMI» MTU 208-o‘rin, “Professor-o‘qituvchilar va talabalar nisbati” indikatori bo‘yicha 124-o‘rinni egalladi.
Yoshlarni bilim va malakali etib tarbiyalash, jahon taraqqiyotiga mos mutaxassislar tayyorlash maqsadida ta’lim tizimi izchil rivojlantirilmoqda.
Ikkinchidan, oxirgi 3 yilda oliy ta’lim muassasalari soni ham qabul o‘rinlari ham oshdi. Ularning moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi. Xorijiy mamlakatlar bilan qo‘shma ta’lim dasturlari doirasida 64 ta yangi kasb bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Professor-o‘qituvchilarning maoshi o‘rtacha 3,5 baravarga oshirildi.
Achinarli tomoni sifat borasida o‘zgarishlar hali uncha yuqori emasligida ekanligiga davlat rahbari alohida e’tibor qaratdi. Zero, bugun yangi O‘zbekiston, Uchinchi renesans haqida ko’p gapirar ekanmiz, eng avval ta’lim sifatini yaxshilash, o‘quv ishlarini bozor ehtiyojlaridan kelib chiqib tashkil etish masalasi dolzarbligiga e’tibor qaratish lozim.
Ikkinchidan, ko‘plab yoshlarimiz xorijning eng nufuzli OTMlarida davlat grantlari asosida, “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan yoshlarimiz xalqaro standartlar asosida ta’lim olishmoqda. Lekin shu ta’lim jarayoni bizning o‘zimizning OTMlarimizda qay darajada degan savol hammani o‘ylantiradi, ertangi bozor munosabatlarida raqobatbardosh kadrlarni talab etadi.
Demak, bu borada davlat ta’lim standartlarini xalqaro standartlarga moslashtirish davr talabi bo‘lib, bunga barcha OTM rahbarlari, ayniqsa, o‘quv ishlarini rejalashtirish va tashkil etish borasidagi mutasaddilar yangi tizimlarni joriy etishlari shartdir.
Ikkinchidan, o‘qitilayotgan fanlarni mazmunan qayta ko‘rib chiqib, ortiqcha takrorlanishlarni qisqartirish, bo‘shagan dars soatlari o‘rniga ko‘proq mutaxassislik fanlarni ko‘paytirish hamda talabalarning o‘zlarini mustaqil ilmiy izlanishlari uchun imkoniyat yaratish kerakdir.
Uchinchidan, bugungi kun uchun oliy ma’lumot talab qiladigan kasblarni optimallashtirin, hamda bozor munosabatlarini qamrab oladigan soha va tarmoqlar uchun zarur yangi kasblar ta’lim tizimini tashkil etish masalasi ham o‘ta dolzabdir.
To‘rtinchidan, ilg‘or xorijiy universitetlarda allaqachon to‘xtatilgan ayrim fan va mutaxassisliklar bzyicha o‘quv soatlari, fanlarni ham qayta tahlil etmoq zarur.
Shu bois ham, davlatimiz rahbari tomonidan ko‘tarilgan masalalar ayniqsa, ertanggi kunimiz uchun yoshlar masalasi, ta’lim va OTM masalasi menimcha, barchamizni e’tiborsiz qoldirmadi.
Ta’kid va e’tirozlarga e’tibor bersak, ko‘tarilgan masalalar nafaqat professor -o‘qituvchilarni balki har bir ota-onani ham o‘ylantirgani tabiiy. Nega deganda, tizimdagi eng muhim vazifalardan biri – qabul jarayoni bo‘lib, bu – oliy ta’limga qabul tizimini yanada adolatli qilish va davlat grantlarini iqtidorga yo‘naltirish muhim va davr talabidir. Bu haqda davlatimiz rahbarining ayrim abituriyentlar yuqori ball to‘plasa-da, topshirgan oliygohining kvotasi soniga qarab, o‘qishga kirolmay qolayotgani haqida fikri ayni haqiqatdir. Yangi tartibga ko‘ra, muayyan bir yo‘nalishga ajratilgan davlat granti doirasida yuqori ball to‘plagan abiturient, tanlagan oliy ta’lim muassasasidan qat’i nazar, davlat grantiga tavsiya etiladi. Demak, endilikda yuqori ball olgan yoshlar o‘qishga kirmay qolmaydi.
Yana bir yangilik: endi davlat granti 4 yilga bitta talabaga emas, balki har yili yuqori baholarga erishgan talabalar orasida qayta taqsimlanadi.
Bu yangilik va tizimdagi islohotlarni davlatimiz rahbari yoshlarga va ota-onalarga yetkazish zarurligini ta’kidladiki, albatta uzoq yillar yoshlar ta’limi bilan bevosita shug‘ullanganim uchun mazkur maqolaga urg‘u berdim.
Ikkinchidan, oliy o‘quv yurtlarida ta’lim jarayonlarini raqamlashtirgan holda dekanatlar va boshqa ma’muriy tuzilmalarni optimallashtirish masalasi ham o‘ta muhimdir. Chunki elektron tizim, raqamlashtirish jarayoni har qanday o‘zboshimchalik va korrupsiyani oldini oladi. Professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun qog‘ozbozlikni kamayadi.
Uchinchidan, malaka talablari bo‘yicha ham dolzarb masalalar ko‘p.Bu borada ham malakani baholash, milliy malaka tizimiga doir jarayon va hujjatlar ham Elektron platformada yuritilsa, hamma jarayon ochiq va ma’lum turadi. Qayta va qayta ortiqcha hujjatbozlik, qog‘ozbozlik bo‘lmaydi.
Termiz Iqtisodiyot va Servis Universiteti Filologiya fanlari bo’yicha falsafa doktori Ozoda Hazratqulova:
-Bu yig’ilish har bir abituriyent, talaba uchun qolaversa biz OTM o’qituvchilari uchun yangiliklarga boy bo’ldi. Alohida aytib o’tmoqchimanki, ilgari davlat granti bir talabaga bakalavriat bosqichida uzluksiz taqdim qilingan bo‘lsa, endi grantni oqlash, mas’uliyatni his qilish va o‘qishni o‘zlashtirishni muntazam rivojlantirib borish, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash maqsadida har yili yuqori baho olgan talabalar orasida ushbu grant o‘rni qayta taqsimlanadi. Bu ham yoshlarga o’z ustida tinmay izlanib borishni taqozo etadi.Bu ta’limda sifatni oshirishdagi eng asosiy masala hamdir.
Davlatimiz rahbarining mazkur yig‘ilishda maktabni bitirayotgan bilimli o‘g‘il-qizlarimizga bildirgan katta ishonchi, otalarcha g‘amxo‘rligi “inson qadri uchun” tamoyilining yuksak namunalaridan biridir, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.Bu esa minglab yoshlarni oliy ta’limga bo’lgan qiziqishini orttirib, abituriyentlarga ertangi kunga bo’lgan ishonchini mustahkamlaydi.
Ha, yig‘ilishdan ko‘zlangan istiqbolli maqsad oliy ta’limni qayta ko‘rib chiqish orqali o‘qitishda adolatni ta’minlash, ta’lim sifatini oshirish, xususan, muhandislik va texnologiya sohalarida malakali kadrlar tayyorlashni kengaytirish, buning uchun ilg‘or xorijiy universitetlar bilan fan va mutaxassisliklar yo‘nalishida tajriba almashish, akademik ta’limni tez sur’atda, zamonaviy texnologiyalar asosida ishlab chiqishdir. Bu kabi oliy ta’lim sohasidagi islohotlar ta’lim tizimini yanada rivojlantirishga, jahon standardlariga mos kadrlarni tayyorlashga bu orqali mamlakat taraqqiyotiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Maqola muallifi:
Nilufar Rahimova