«Yurak qon tomir kasalliklarini avtomatik aniqlash, tasniflash va tashxislash» dasturi yaratildi.

Tibbiyotda yurak qon tomir kasalliklari eng keng tarqalgan xastaliklar sirasiga kiradi. Shiddat bilan rivojlanayotgan davrda bu turdagi bemorlarni davolashda AKTdan foydalanish yuqori samara berishi mutaxassislar tomonidan taʼkidlab kelinmoqda. Aynan ushbu xastalikni oldini olish va davolashda shu paytgacha dasturiy taʼminot yaratilmaganligini hisobga olib, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti doktaranti Nigora Djurayeva dasturiy taʼminot ishlab chiqishga erishdi.

Aytish kerakki, hozirgi kunda kardiologiya sohasida yurak kasalliklarini aniqlashda raqamli qurilmalardan keng foydalanib kelinmoqda. Tibbiy raqamli qurilmalardan olinayotgan maʼlumotlarga asosan (tasvir, video, matn, ovoz) yurak qon-tomir kasalliklarini tasniflash va tashxislash masalalarini yechishga qaratilgan sunʼiy intellekt yondashuvlarini rivojlantirishga boʻlgan qiziqishlar koʻlami kengaymoqda. Doktorant tomonidan ishlab chiqilgan dastur asosida, exokardiogramma tasvirlari asosida yurak kasalliklarini tasniflashning chuqur oʻqitishga asoslangan usuli, algoritmlari va dasturiy taʼminotini ishlab chiqilishi natijasida bemorlardagi yurak xastaliklarni erta aniqlay olishga, toʻgʻri tashxis qoʻyish va bevaqt oʻlim koʻrsatgichlarini qisqartirishga erishiladi. Loyiha haqida toʻliq maʼlumot olishga erishdik.

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti 1-bosqich tayanch doktaranti – Nigora Djurayeva:

– Ilmiy rahbarim qoʻl ostida «Yurak qon tomir kasalliklari avtomatik aniqlash, tasniflash va tashxislash» nomli ilmiy yoʻnalishda izlanishlar olib bormoqdaman. Shu asosida ishlab chiqilgan dasturiy taʼminotning vazifasi bemorlardan olingan exokardiografik maʼlumotlarni yaʼni yurak tasvirlaridagi belgilarni, uning xususiyatini aniqlashga yordam beradigan algoritm va usullarni tahlil qilib ularni oʻrganib chiqishdir. Shu xususiyatga ega dasturni ishlab chiqishimda ustozimning yordamlarini alohida eʼtirof etishim lozim. Shu kunga qadar ilmiy-izlanishlarim natijasida xalqaro va respublika miqyosidagi ilmiy jurnallarda va anjumanlarda jami 50ga yaqin maqolalarim chop etilgan, dastur uchun guvohnomalar va turli tashkil etilgan konferensiyalar, forumlar va tadbirlarda qatnashib sertifikatlarni qoʻlga kiritganman. Xalqaro va respublika miqyosidagi loyihalarda faol ishtirok etib kelmoqdaman. Mazkur loyihani yanada mukammallashtirish boʻyicha ishlayapman. Rejalarim, tibbiyotni boshqa yoʻnalishlarida ham dasturlar ishlab chiqib,yurtimizda soha rivojiga oʻz hissamni qoʻshish.

Qoʻshimcha qilib aytadigan bo’lsak, Nigora Djurayeva 2021-yilda Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi stipendiyasi gʻolibi. Bundan tashqari «Yil talabasi-2020» respublika tanlovining «Yilning oʻz mutaxassisligi boʻyicha eng bilimdon talabasi» nominatsiyasining gʻolibi. Bu hali hammasi emas, u 2022-yilda «Prezident stipendiyasi»ning 2022/2023-oʻquv yili uchun Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari tanlov yoʻnalishi boʻyicha gʻolibi boʻlib, tayanch doktoranturaga kirish imtihonlarsiz, imtiyozli ravishda qabul qilingan. 2022-yilda oʻtkazilgan «Muhammad al-Xorazmiy» nomidagi stipendiyasi tanlovining gʻolibi, 2024-yilda xalqaro IT sertifikatini va 2022-yilda esa xalqaro ingliz tilini bilish darajasini aniqlovchi IELTS sertifikatini qoʻlga kiritgan. Kuni kecha Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan oʻtkazilgan «IT star» respublika tanlovida «The best student at IT» nominatsiyasi gʻolibi hamdir.

Iqtidorli talaba ishlab chiqqan ushbu yangi dastur tibbiyotda yaxshi yangilik bo’ladi. Mazkur dasturiy taʼminotni tibbiyotga joriy etish orqali, bemorlardan olingan exokardiografik maʼlumotlarni yaʼni yurak tasvirlaridagi belgilarni, uning xususiyatini aniqlashga yordam beradigan algoritm va usullarni tahlil qilib ularni oʻrganib chiqishga erishiladi. Shuningdek, exokardiogramma video-tasvirlariga intellektual ishlov berishning chuqur o‘qitishga asoslangan tarmog‘i va algoritmi tibbiyotga joriy etiladi.

Maqola muallifi: Nilufar Rahimova