Ma’ruza darslari talabaga nima beradi?

Oliy ta’lim muassasalarining sifati va reytingini birinchi navbatda u yerdagi ta’lim jarayoni xususan, ma’ruza darslari belgilab beradi. Auditoriyadagi ma’ruza darslarining afzalligi shundaki, bir vaqtning o‘zida professorlar talabalarga katta hajmdagi ma’lumotlarni yetkazish imkonini beradi. Professor o‘qituvchilar dars jarayonlarida turli xil usullardan foydalanadilar, masalan, taqdimotlar ko‘rsatish, videolardan foydalanish va ma’ruzalarni talabalar uchun yanada qiziqarli va tushunarli qilish uchun audio materiallar tayyorlashlari mumkin. Ma’ruza davomida talabalar real vaqt rejimida o‘qituvchiga savollar berishlari va javob olishlari mumkin. Bu materalni chuqurroq tushunishga yordam beradi va keyingi mustaqil ish va taqdim etilgan ma’lumotlarni tahlil qilish uchun asos yaratadi. Auditoriyadagi ma’ruzalarning yana bir afzalligi shundaki, ular hamkorlikda o‘rganish muhitini yaratadi. Ma’ruzalar davomida talabalar boshqa talabalar bilan fikr va mulohaza almashishadi, bu esa ularning dunyoqarashini kengaytiradi va o‘rganilayotgan mavzular bo‘yicha o‘z fikrini shakllantirishga yordam beradi. Hamkorlikdagi ta’lim, shuningdek, muloqot ko‘nikmalarini guruhda ishlash qobiliyatini rivojlantirishga yordam beradi.

Auditoriyadagi dars jarayonlari o‘zi qanday tashkil etilishi kerak?

Dars mashg‘ulotlarini  talabalar soniga qarab, guruhlarga bo‘lingan holda tashkil etish maqsadga muvofiq. Sabab nima? Negaki, amaliy mashg‘ulot paytida barcha talabalar bo‘lingan guruhlari bo‘yicha darsda qatnashadilar, bu degani talabalar soni kamaygach professor har bitta talaba bilan individual ishlay oladi. Ammo, ma’ruza darslarida bo‘lsa talabalar guruhlarga bo‘linmaganligi tufayli, mavzuni kimlardir yaxshi tushinadi, kimlardir umuman eshitmaydi. Agarda ma’ruza darslari ham guruhlarga ajralgan holatda tashkil etilsa, u holda sifat ko‘rsatkichi ham shunga yarasha oshib boraveradi.

Amaliy bilimlari yetarli va o‘z sohasi bo‘yicha ishlaydigan talaba ma’ruza darslaridan ozod qilinadimi?  

Javob: Yo‘q. Talaba har bir oliy ta’lim muassasaning ichki tartib-qoidasidan kelib chiqib dars jarayonlaridan tashqari ishlash huquqiga ega. Amaliy bilimlarga ega va ish tajribasi bor talabaning ham nazariy bilimlari bo‘lmasa, uning ish jarayonida yaxshi natijalar kuzatilmaydi. Demak, talabalardan ma’ruza darslarida har doim qatnashishlari va faol bo‘lishlari talab etiladi.

Avlod Media talabalardan o‘zlari o‘qiydigan oliygohdagi ma’ruza darslari qanday olib borilishi haqida suhbatlashdi. Demak, ularning fikrlari bilan hoziroq tanishamiz.

O‘zbekiston Davlat San’at va Madaniyat Instituti talabasi: Azizbek To‘rayev

“Bizda yo‘nalishimiz o‘zi amaliy bo‘lganligi sababli, ma’ruza darslari kam bo‘ladi. Darslar sifatli, professor o‘qituvchilar yaxshi bilim berishadi. Keraksiz fanlar yo‘q”

O‘zbekiston Davlat San’at va Madaniyat Instituti talabasi: O‘rimova Komila

“Bizda yo‘nalishimiz ko‘proq amaliy bo‘lganligi sababli, darslardan ko‘ra amaliy mashg‘ulotlarga e’tibor katta. Ammo bizda ortiqcha fanlar masalasi hali ham bor chunki, yo‘nalishim cholg’u ijrochiligi bo‘lganligi uchun bizga jahon adabiyoti, falsafa kabi fanlar keraksiz degan fikrdaman. Qolgan barcha ma’ruza jarayonlari hammasi yaxshi tashkil etiladi”

Talabalar aytib o‘tganlaridek, barcha darslar talabalar va zamon talabiga mos tarzda tashkil etilsa, eng so‘nggi metodlar qo‘llanilsa, ana shundan keyingina ma’ruzalar ularning bilim olishiga va darsga qiziqishiga zamin yaratadi.