Katta boʻlib qolganingizni qanday bilish mumkin: psixologik yetuklikning 5 belgisi

Biz qachon haqiqatan ham voyaga yetamiz? Birinchi bo‘sadan keyinmi yoki universitetni bitirgandan so‘ngmi? Bu yerda to‘g‘ri javob yo‘q, chunki bizda biologik yoshdan tashqari psixologik yosh ham mavjud. Aynan u buni belgilashda yetakchi omildir.

Psixologik yosh – insonning atrofidagi dunyoda ichki “o‘zini” anglash qobiliyati. U insonning subyektiv hissiyotlari, uning harakatlari va fe’l-atvori bilan belgilanadi. Ko‘pincha psixologik yosh biologik yoshga mos kelmasligi mumkin.

«Trening-studiya Dar» markazining oilaviy psixologi Yelena Morozova bilan psixologik yetuklikning 5 asosiy belgisini ko‘rib chiqamiz.

1. Mas’uliyat

Voyaga yetganda mas’uliyatli bo‘lish – uni boshqalar zimmasiga o‘tkazmasdan, o‘z harakatlaringiz uchun o‘zingiz javobgar bo‘lishingizni anglatadi. Yetuk inson mas’uliyatni his qiladi va anglaydi.

Agar hayotingizdan juda ko‘p shikoyat qilsangiz va hech narsa ish bermayapti deb tashvishda bo‘lsangiz-u, lekin vaziyatni o‘zgartirish uchun hech narsa qilmayotgan bo‘lsangiz – bu mas’uliyat yetishmasligidan dalolat berishi mumkin.

2. O‘z chegarasini belgilash va shaxsiy munosabatlarni o‘rnatish qobiliyati

Voyaga yetgan kishi o‘zini koinotning markazi emasligini tushunadi va teng munosabatlar o‘rnatishni o‘rganadi. Bu “qabul qilish – berish” muvozanati buzilmagan holatdagi munosabatlardir.

Chegaralarni belgilash esa – siz uchun ma’qul bo‘lgan va bo‘lmagan narsalarni aniq tushunish, hamda buni ifoda etish degani. Chegaralar har qanday – sevgi, oilaviy va do‘stona munosabatlarda bo‘lishi kerak. Agar kimdir ruxsatsiz chegaralarni buzsa, buni ko‘rib chiqing va muhokama qiling, o‘zingizni hech narsa sodir bo‘lmagandek tutmang.

Agar biror narsa sizga mos kelmasa, aniq “yo‘q” deb aytishni o‘rganib, chegaralaringizni himoya qilishingiz mumkin. Misol uchun, agar ziyofatda tanishlaringiz sizga taqiqlangan moddalardan foydalanishni taklif qilsa, boshqa odamlarning ta’siriga berilmasdan qat’iy ravishda rad etish muhimdir. Yoki aksincha, agar biror narsa sizda qiziqish va ijobiy taassurot uyg‘otsa, “ha” deb aytib, undan zavqlanishni bilish kerak.

3. Rivojlangan hissiy aql

Bu o‘z his-tuyg‘ularingizni boshqara olish, ularni farqlash va shaxsiy hislaringizni yaqqol faktlardan ajrata olishdir. Agar sizning hissiy aqlingiz rivojlangan bo‘lsa, unda siz his-tuyg‘ularingizni va istaklaringizni nazorat qilishingiz, uni boshqalarga xavfsiz tarzda ifodalashingiz mumkin. Shunday qilib, siz stress va hissiyotlarning ongga ta’siriga chidamli bo‘lasiz, haqiqatni adekvat idrok qilasiz.

Hissiy aql, shuningdek, boshqa kishilarning his-tuyg‘ularini sezishga ham yordam beradi. Masalan, agar do‘stingiz yomon kayfiyatda bo‘lsa, buni darhol sezasiz. Ushbu sezgiga tayanib, siz unga o‘z muammolaringizni yuklamay, balki unga ko‘mak berishni taklif qilasiz. Bu boshqa odamlar bilan kuchli va ishonchli munosabatlarni qurishga yordam beradi.

4. Idrok etish va hozirgi kundagi hayot

Psixologik yetuklikni o‘rganish mobaynida, men doimo inson o‘tmishda yoki kelajakda emas, balki hozirgi kunda yashayotganiga e’tibor beraman. U bugungi kunda hayotidan zavq olyaptimi? Voyaga yetgan yetuk inson o‘zini bu voqelikda erkinligini, psixologik va jismoniy salomatligini anglashi kerak.

5. Barqaror axloqiy me’yorlar

Bu harakatlaringizga “boshqalar men haqimda nima deb o‘ylar ekan” deb emas, balki allaqachon mustaqil tamoyillarga tayangan holda yondashishdir. Siz o‘z axloqiy qoidalaringizni yaratasiz va ularni buzmaysiz.

Misol uchun, biz aldash – yomon odat ekanligini bilamiz. Ushbu axloqiy me’yorni qabul qilsangiz, siz endi aldamaysiz, sifatsiz yoki buzilgan mahsulotni sotmaysiz, chunki bu boshqa odamlarga zarar yetkazishi mumkinligini yaxshi anglaysiz. Ushbu tamoyillarga asoslanib, siz o‘z harakatlaringizni mustaqil ravishda tahlil qila olasiz. Atrofdagilar fikriga tayanmagan holda, nima qilish yoki qilmaslik kerakligini o‘zingiz hal qilasiz.


Men o‘z amaliyotimda mijozimga oddiy savol berib, uning psixologik yoshini aniqlashiga yordam beraman – nima uchun yashayapsiz? Hayotdan maqsadingiz nima? Mijiozning javobiga qarab, psixologik yosh biologik yoshga mos keladimi yoki yo‘qligini aniqlash mumkin. Ushbu tajribani mustaqil ravishda ham amalga oshirish mumkin.