Garvard universiteti talabalari qanday yashaydi

Harvard university — AQSHdagi eng mashhur va qadimiy universitetlardan biri boʻlib, uning bitiruvchilari jahon boʻylab siyosiy va ilmiy ziyolilar vakillaridan boʻladi. Bitiruvchilar orasidan 150 nafari Nobel laureati, 28 nafari esa hukumat rahbarlari boʻlgan. Shu oʻrinda savol paydo boʻladi, Barak Obama, Jon Kennedi, Franklin Ruzvelt, Mark Tsukerberg va Bill Geyts kabi mashhur shaxslar qatorini kengaytirish uchun talabalar hayot tarzini qanday olib boradi va taʼlim oladi?

Taʼlim

Garvardda jami 11 ta akademik boʻlimlar bor: 10 ta fakultet va Redkliff istiqbolli tadqiqotlar instituti

Eng katta boʻlim – Faculty of Arts and Sciences (FAS). U ikki daraja: undergraduate va graduate boʻyicha taʼlim olishni taklif qiluvchi yagona fakultetdir. Qolgan fakultetlar va mos maktablar faqatgina magistratura va doktorantura darajalarida taʼlim beradi. Eng mashhur yoʻnalishlar tibbiyot, iqtisodiyot, biznes, huquq va politologiya hisoblanadi. 

Garvardda taʼlim olish xarajatlari sanoqli insonlar xamyonigagina toʻgʻri keladi degan fikr bor, ammo unday emas: 20% oila hech qanday toʻlov qilmaydi, 55%i esa moddiy koʻmak oladi. Oliygoh talabaning AQSH fuqarosi yoki yoʻqligidan qat’iy nazar har birining moliyaviy imkoniyatlarini inobatga oladi va zarurat tugʻilganda, talabaning ta’lim va yashash xarajatlarini qisman yoki toʻliq qoplaydi.

Barchasi juda oddiy: talaba qabul tanlovidan muvaffaqiyatli oʻtsa, lekin ta’lim xarajatlarini toʻlay olmasa, universitet 100% moddiy koʻmak uchun kafolat beradi.

Turar-joy

Birinchi kurs talabalari faqat yotoqxonalarda yoki «yard» (freshman dormitories) nomli uyda yashashi mumkin.  Bu Garvard «ruhiga shoʻngʻish»ga yordam beradi.

Aksariyat 2–4-kurs talabalari kampusdagi «uy»larda istiqomat qiladi. Bir uyda 400ga yaqin talaba yashaydi. Bunday uylar soni 12 ta. Bu Garvard tajribasining asoslaridan biri boʻlib, ta’limning bir qismi hisoblanadi. Sababi aynan shu uylarda talabalik hayoti qaynaydi. Aynan shu uylarda raqslar, mashhur mehmonlar bilan uchrashuvlar oʻtkaziladi, spektakllar qoʻyiladi. Har bir uy hodisalarga, xotiralarga, an’analar va belgilarga boy boʻlib, ular asrab-avaylanadi, oʻziga xos muhitni yaratadi. 

Uylarda yashovchi talabalar oʻsha yerning oʻzida ovqatlanadilar, bunga sabab, nonushta, tushlik va kechlik abonementlari uchun toʻlov majburiy.

Bundan tashqari, har bir uyda dekan va uning yordamchisi yashaydi. Ma’lumot oʻrnida, sobiq dekan yordamchilari orasida Markaziy razvedka boshqarmasi direktori va Gaiti bosh vaziri boʻlgan.

Universitet hududida dunyodagi eng katta akademik kutubxona – The Harvard joylashgan boʻlib, unda 20 milliondan ortiq asarlar mavjud. Barcha kitoblar kutubxonaning 80 ta filialida saqlanadi, Garvard talabalari esa ulardan bemalol foydalanishi mumkin. Shuningdek, 28 milliondan ortiq asarlarni qamrab olgan koʻplab mashhur muzeylar ochilgan.

Ijtimoiy hayot

Universitetning elitalik maqomi talabalar hayotining tashkil etishida aks etadi. Talabalar kursdoshlarining ma’lum bir qismi jahon boʻylab boshqaruvchi lavozimlarni egallashini bilishadi. Qolgan qismi esa turli loyihalarda ularga yordam bera oladi. Bunday sharoitda tanishlar orttirmaslik – telbalik.

Garvardga kirish uchun yuqori ballar yetarli emas, bu yerda barchaning balli yuqori. Sport, volontyorlik va oʻquv muassasasi hayotida faol boʻlish kerak. Qabul qilingan talabalar uchun intellektual-ijtimoiy hayot qoʻshimcha emas, odatiy ehtiyoj hisoblanadi. 

Bu yerda Siz hammaning koʻz oʻngida boʻlasiz. Sizni hamma taniydi, hamma koʻradi, xususan, har bir magʻlubiyatingiz va gʻalabangiz ham e’tibordan chetda qolmaydi. Garvard talabasi hayotidagi aksariyat jihatlar bizga odat boʻlib qolgan hayotdan farq qiladi. Garvard – bu oʻziga xos tanlanganlar klubi.

Kelajakdagi istiqbollar

Boshqa top universitetlar kabi Garvard ham talabalariga munosib vakansiyani tanlashda yordam beradi. Kampus hududida Karyera markazi (The Office of Career Services) faoliyat yuritadi va talabalar uchun turli tadbirlar oʻtkazib, oʻz saytida anonslar berib boradi.

Universitet xodimlari toʻlovli stajirovkalar va qiziqarli vakansiyalar izlash, kurs va treninglar oʻtkazish, shuningdek, birinchi kursdanoq potensial ish beruvchilar bilan tanishish imkonini beruvchi tadbirlarni oʻtkazadi. 

Odatda, Garvard bitiruvchilari ish qidirishda muammoga duch kelmaydi. Statistikaga koʻra, 60% talaba ta’lim jarayonining oʻzidayoq ishga joylashadi. QS xalqaro reytingida ish beruvchilar orasida mavqeyi va talabalarning natijalari boʻyicha 100% koʻrsatkich bilan 5-oʻrinni egallagan.

Muallif: Farzona Xamidova